
Siyosiy mojaroni qo‘zg‘agan Rodri va Yamal, "kalla qo‘ygan" Entso - chempionlikni nishonlash chog‘ida cheraradan chiqqan futbolchilar
2024 yil terma jamoalar miqyosidagi yirik turnirga boy o‘tdi. Yil avvalida futbol ishqibozlari Osiyo kubogini tomosha qilishgan bo‘lsa, inyu hamda iyul oylarida parallel bo‘lib o‘tgan "Evro-2024" va "Kopa-Amerika" turnirlari muxlislar diqqat markazida bo‘ldi.
Jumladan, okean orti davlatida o‘tkazilgan Amerika Kubogi o‘yinlari ham bir qancha yorqin voqea-hodisalarga boy tarzda o‘tdi. Bu turnirda 33 yoshli Hames Rodriges 6 ta assisti, 4 ta “Man of the match” sovrinlari bilan o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazgani, "Oltin to‘p"ga asosiy da’vogar Vinisius Juniorning musobaqani erta tark etgani kabi e’tiborga molik hodisalar bilan yodda qoldi. Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek hamma kutilmagan voqealar turnirlar yakuniga etgandan so‘ng boshlandi.
Avvaliga yanvardagi musobaqa atrofida juda ko‘p gap-so‘zlar boshlanib ketdi. Butun turnir davomida hakamlarning mezbonlarga ochiqdan-ochiq yon bosishi, ketma-ket ikkinchi chempionlik ularga sotib olib berilganligi kabi mish-mishlar bora-bora hammaning nazdida ayni haqiqatga aylanib borayotgandek ko‘rindi.
“Ko‘xna qit’a”dagi turnirda barchasi joy-joyida ketayotgandek ko‘rindi. Biroq finalning ertasi kuni poytaxt Madridga qaytib, chempionlik paradini nishonlayotgan payti futbolchilar barchasini haddan tashqari oshirib yuborishdi. Rodri va Lamin Yamal qo‘shiq aytib, chempionlikni nishonlash chog‘ida voqelarga siyosiy tus berib yubordi. Aniqrog‘i, Gibraltar orol davlatini Ispaniya mulki deb atashdi. Mazkur vaziyatdan xabar topgan Gibraltar futbol assotsiatsiyasi darhol UEFAga shikoyat arizasi yo‘lladi. Ular vaziyatni atroflicha o‘rganib, ijobiy hal etishga umid bildirishdi.
Eslatib, o‘tamiz Gibraltar oroli hozirgi kunda huquqiy jixatdan Buyuk Britaniyaga tegishli hisoblanadi. Orol hududida britaniyaliklarning amaldagi barcha qonun-qoidalari tegishli hisoblanadi. Ularning fuqarolari birdek Britaniya fuqarolari ham xisoblanadi. Ammo shu mittigina orol asrlar davomida aynan Buyuk Britaniya va Ispaniya o‘rtasidagi doim bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladigan hududdir. Olis 1713 yilda ikki gigant davlat o‘rtasidagi urushdang so‘ng bu orol inglizlarning to‘liq nazorati ostiga o‘tgan. Xullas, Rodri va Yamalning bilib-bilmay aytib qo‘ygan mazkur so‘zlari hali Ispaniya terma jamoasi va umumiy qirollik davlati uchun bosh og‘riq bo‘lishi mumkin.
Nihoyat, maqolaning asosiy antiqaxrami haqida so‘z yuritamiz. Argentina va Kolumbiya o‘rtasidagi "Kopa Amerika" finalidan so‘ng Buenos-Ayres ko‘chalarida bayramni nishonlayotgan futbolchilar orasida irqchilik kayfiyatini yuzaga chiqarganlari paydo bo‘ldi. Entso Fernandes avtobusda ketayotib aynan irqchilik mazmunidagi qo‘shiq kuylaydi. Entsoning "Chelsi"dagi frantsuz jamoadoshlari Aksel Disasi, Malo Gyusto hamda Uesli Fofana uning o‘sha qo‘shiqdan keyin uni instagramdan kuzatishni to‘xtatdi.
Qo‘shiq mazmuni quyidagicha edi: “Ular Frantsiya terma jamoasida o‘ynashadi, ammo asli Angoladan. Uning onasi jazoirlik, otasi kamerunlik. Ammo pasportida "frantsuz" yozilgan”.
Frantsiya futbol federatsiyasi ham shundan so‘ng Argentina terma jamoasi ustidan FIFAga shikoyat jo‘natdi. Federatsiya prezidenti Filipp Diallo ushbu holatni keskin qoralab chiqdi va Argentina terma jamoasi a’zolarini irqchilik hamda diskriminatsiyada aybladi. Garchi, Entso birozdan keyin efirni uzib qo‘ygan bo‘lsa ham videodagi aynan o‘sha qo‘shiq aytilgan joyi OAVda tarqalib ketdi.
Bularning barini umumlashtirib aytishimiz mumkinki, chempion bo‘lgan terma jamoa a’zolari aslo o‘zini bunday tutishi kerak emas. G‘alabani nishonlash chog‘ida chegaradan chiqish va birovning shaxsiy sarhadlarini kesib o‘tish kerak emas.
Humoyunmirzo Ergashev maqolasi
Fikrlar