
“So‘g‘diyona” 1, “Qizilqum” 2 yoxud stadionlarga muxlislar tashrifi kamayib bormoqda
8-10 sentyabr kunlari Superliganing 18-turi o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi. Turnir jadvalida tobora pastlab borayotgan “Bunyodkor” natijalari ko‘ngildagidek bo‘lmagan “Neftchi” bilan kuch sinashib, imkoniyatni boy berdi. “Qizilqum” chempionatda “chaqilmas yong‘oq”ga aylangan “Olimpik”ni ikkinchi bor taslim etdi. Bu orqali navoiyliklar boshqalar qila olmagan ish - Kapadze jamoasini ikki o‘yinda ham engdi. “So‘g‘diyona” markaziy bellashuvda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushdi va nursiz durangga erishdi. “Nasaf” Olmaliqdagi voha derbisida “Surxon”dan ustun keldi...
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
Bu gal stadionlarimizga jami 15155 tomoshabin tashrif buyurdi. Har bir bellashuvga o‘rtacha 2165ni tashkil qiladi. Chempionatimiz o‘zining ayni qizg‘in pallasiga kirgan paytda muxlislarning stadionga tashrifi anchagina kamayib ketdi. Aksincha, bunday vaziyatda kamida 8-10 ming ishqiboz arenalarga kelishi kerak edi. Ammo, lekin, biroq…
Eng ko‘p muxlis Jizzaxda. OFK Kubogida muvaffaqiyatli odimlayotgan “So‘g‘diyona” ushbu musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi. Boz ustiga Ulug‘bek Baqoev shogirdlari Superligada ham etakchilardan sanalardi. Shuning uchun “So‘g‘diyona” - “Navbahor” bahsiga bu tur eng ko‘p muxlis tashrif buyurdi. Bellashuvni 6556 tomoshabin bevosita arenadan kuzatdi.
Muxlislar tashrifidan kelib chiqsak, qiziqarliligi jihatdan Navoiydagi o‘yin ikkinchi o‘rinni egalladi. “Qizilqum” - “Olimpik” bahsini ko‘rish uchun 5214 ishqiboz stadionga keldi.
Eng kam ishqiboz Toshkent viloyatida. “Surxon” va “Bunyodkor” klublarining stadionlaridagi ta’mirlash ishlari sabab bu jamoalar o‘z o‘yinlarini OKMK stadionida o‘tkazmoqda. “Bunyodkor” - “Neftchi” bahsiga 428, “Surxon” - “Nasaf” uchrashuvini 315 tomoshabin kuzatdi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“So‘g‘diyona” - “Navbahor” 0:0. 6556 tomoshabin
“Qizilqum” - “Olimpik” 2:1. 5214 tomoshabin
“Lokomotiv” - “Dinamo” 1:1. 1107 tomoshabin
“Qo‘qon-1912” - AGMK 0:0. 823 tomoshabin
“Paxtakor” - “Metallurg” 2:1. 712 tomoshabin
“Bunyodkor” - “Neftchi” 1:2. 428 tomoshabin
“Surxon” - “Nasaf” 0:2. 315 tomoshabin
Bekzod ISAEV
Fikrlar