“So‘g‘diyona” klubi nega PFLga kafolat xati yubordi?

  • 09.03.2019 16:49
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ayni vaqtda “So‘g‘diyona” o‘rinbosarlari to‘p suradigan majmuada ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Professional futbol ligasi o‘yingohlarda rekonstruktsiya ishlarini olib borayotgan jamoalarga imkoniyat berayotgani barchaga ma’lum. Shundan kelib chiqib, “So‘g‘diyona” U-21 va “Bunyodkor” U-21 jamoalari o‘rtasidagi bellashuv sun’iy qoplamali stadionda bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuv komissari Jahongir Rahmatullaev o‘yin o‘tishi kerak bo‘lgan maydonda ayrim kamchiliklarni aniqladi. Xususan, darvoza to‘rlari, ustun va to‘sinlaridagi kamchiliklarni ko‘z bilan bemalol ilg‘ash mumkin edi. Shuningdek, sun’iy qoplamada ham muammolar bor.

Komissar talabi bilan darvozalarga yangi to‘r olib kelindi, ustun va to‘sinlardagi hunuk manzaralar bartaraf etildi. Biroq qoplamani bir kunning o‘zidayoq tartibga keltirishning imkoniyati yo‘q.

“So‘g‘diyona” jamoasi U-21 jamoasi to‘p suradigan maydon qachon to‘liq ta’mirdan chiqishi aniq emas. Shundan kelib chiqib, Professional futbol ligasi “So‘g‘diyona” klubining oldiga jiddiy talab qo‘ydi. Klubning keyingi uy uchrashuviga qadar yo sun’iy maydondagi muammolar to‘liq bartaraf etilishi kerak yoki U-21 jamoalar uchrashuvni asosiy maydonda o‘tkazadi. Shuningdek, zaxira maydonidagi ta’mirlash ishlari eng kamida birinchi davra yakuniga qadar bitishi kerak.

“So‘g‘diyona” klubi rahbariyati O‘zPFL talabini qabul qildi va navbatdagi uy uchrashuviga qadar kafolat xati taqdim etdi. Bu kabi holatlar qolgan klublar uchun ham o‘rnak o‘rnida xizmat qilishi kerak. Joriy mavsumdan e’tiboran U-21 jamoalarga bee’tibor bo‘lgan klublarni jiddiy sanktsiyalar kutadi. Agar U-21 jamoalar ishtirokidagi ikki uchrashuv o‘z vaqtida bo‘lib o‘tmasa, u holda asosiy jamoa ham ligadan chetlashtirilishi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!