
"So‘g‘diyona" o‘yinni penaltilar seriyasigacha borishini xohladi, bizda g‘oliblik uchun 100 foizlik imkoniyat bor". "Navbahor" futbolchisi chempionlikni tanlaydimi yoki Kuboknimi?
O‘zbekiston Kubogi ikkinchi juftlik yarim finalida “Navbahor”ning “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yini ham kutilganidek juda jangovar va shiddatli ruhda kechdi. Namanganliklar penaltilar seriyasida raqibini engib finalga chiqdi.
Birinchi davrani “So‘g‘diyona”da o‘tkazib, ikkinchi davrada “Navbahor”ga o‘tgan yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov sobiq jamoasiga qarshi yaxshi taassurot qoldirdi. Ushbu futbolchi o‘yindan keyin nimalarni aytdi?
- “So‘g‘diyona”da o‘ynaganingiz uchun sobiq jamoangizni yaxshi bilasiz. Ularga qarshi bellashuvdan avval sizda qanday his-hayajonlar bo‘ldi?
- Doimgidek, o‘yinlarga qanday tayyorlansak, bu safargi uchrashuvga ham shu tarzda hozirlik ko‘rdik. Har safargidek o‘ynadik. Biz uchun ortga yo‘l yo‘q edi. Maqsadimiz finalga chiqish edi va buni uddaladik.
- G‘olib jamoa nomi penaltilar seriya orqali aniqlandi. Vaziyat shu darajagacha etib borishi haqida o‘ylaganmisiz?
- O‘yin taqdiri 90 daqiqa ichida hal bo‘lishini o‘ylagandim. To‘g‘risi, penaltilar seriyasigacha borishini kutmagandim. Uchrashuv davomida bizga ko‘plab golli imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Faqat bulardan o‘zimiz foydalana olmadik.
- “So‘g‘diyona” sobiq jamoangiz bo‘lgani uchun uni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilardingiz. Jizzaxliklar sizni o‘yini bilan hayron qoldira oldimi?
- O‘yin tomondan aytadigan bo‘lsam, standart vaziyatlar orqali o‘yin ko‘rsatishini bilardim. “So‘g‘diyona” yaxshi jamoa. Burchak va jarima zarbalarida ham ular xavfli. To‘g‘risi, biz kutgan o‘yin bo‘ldi. Qarshi hujumlar orqali o‘yin tashkil qilishdi. Lekin rostini aytganda, o‘yinning penaltilar seriyasigacha borishini ular xohlashdi. Bu narsa uchrashuv davomida ham bilinib turdi.
- Samvel Babayan sizni o‘yinni kuchaytirish uchun ko‘pincha zaxiradan maydonga tushirayotgandi. Sobiq klubingizga qarshi esa boshlang‘ich tarkibga qo‘ydi. Bunday bo‘lishini kutganmidingiz?
- Kutgandim. Bundan oldingi uchrashuvda ham asosiy tarkibda maydonga tushdim. Ayrim futbolchilarda jarohatlar bor edi. Asosiy tarkibda maydonga tushirgach, iloji boricha ishonchni oqlashga harakat qilyapman.
- Finalda “Navbahor” “Nasaf”ga qarshi o‘ynaydi. Eng muhim bellashuv oldidan nimani ayta olasiz?
- “Nasaf” ham, “Navbahor” ham maydonga g‘alaba uchun tushadi. Biz bosh sovrinni qo‘lga kiritib, muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz. Bizga chempionlik kerak, juda ham muhim.
- “Nasaf”ga qarshi birinchi navrada Namangandagi uchrashuvda durang kuzatilgan. Mehmonda esa “Navbahor” haqli tarzda g‘alabani qo‘lga kiritgan. Shuni hisobga olganda, jamoangizda biroz ustunlik bor, deyish mumkinmi?
- “Navbahor” kuchli jamoalarga qarshi yaxshi o‘ynaydi. Ayniqsa, “Nasaf”, “Paxtakor” singari klublar bilan uchrashuvlarda boshqacha bo‘ladi. Jamoamiz finalda ham o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata oladi.
- Siz ham faoliyatingizda ilk bor sovringa juda yaqin kelyapsiz...
- Ha, to‘g‘ri aytasiz. Birinchi marta Kubokni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘lib turibman. Bu niyatim amalga oshadi, degan umiddaman. Buning uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
- Chempionatda hozircha “Nasaf” peshqadam bo‘lib turibdi. “Navbahor”ning imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Hammada imkoniyat bor. “Nasaf” ham, “Paxtakor” ham kurashyapti. Bizda hali chempionlik uchun 100 foizlik imkoniyat bor, deb hisoblayman. Chempionatda ham, Kubokda ham g‘olib chiqishga harakat qilamiz. Oxirida hal bo‘lsa kerak.
- Agar tanlash imkoniyati berilsa, Kubokni tanlarmidingiz yoki chempionliknimi?
- Ikkalasini tanlayman. Birortasini ajratmayman. Chunki hali sovrin yutmaganman. Buning uchun maksimal darajada foydalanamiz.
Fikrlar