
"So‘g‘diyona" "Paxtakor" ustidan qozongan g‘alabasini kimga bag‘ishladi?
Mavsumning dastlabki uchta o‘yinida g‘alaba qozona olmagan “So‘g‘diyona” jamoasi pandemiyadan keyingi 4-turda amaldagi chempion – “Paxtakor”ni qabul qildi va yagona gol evaziga g‘alaba qozondi.
Mazkur bellashuvdan avval jizzaxliklarning etakchilaridan biri Sanjar Rashidov Sports.uz saytiga fikr bildirib, “Paxtakor”ni mag‘lub etishlariga ishonayotganini alohida aytib o‘tgandi.
Ko‘rib turganingizdek, u so‘zining ustidan chiqdi va “So‘g‘diyona” mavsumdagi ilk g‘alabasini “Paxtakor” bilan o‘yinda qo‘lga kiritdi. Sanjar esa bellashuvdan keyin o‘yin haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, ushbu g‘alabani kimga bag‘ishlaganini aytdi.
- G‘alaba o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Buning uchun biz qattiq mehnat qildik. Mashg‘ulotlarimizda murabbiylarimizning ko‘rsatmalariga to‘liq amal qildik va g‘alabaga shu tariqa erishdik.
“Paxtakor” ustidan qozonilgan ajoyib g‘alabamizni muxlislarimizga bag‘ishlaymiz. Garchi ular stadionga kira olishmagan bo‘lishsa-da, uyda televizor orqali jamoamizni qo‘llab-quvvatlab turishganini his qildik, - dedi Sanjar Rashidov Sports.uz muxbiriga.
Fikrlar