
So‘nggi imkoniyat: Shomurodovga uch da’vogar va Eldor qaysi klubga nasib qiladi?
Evropaning aksariyat mamlakatlarida yozgi transferlar oynasi yopilishiga bir kun qolganida ko‘plab jamoalar o‘zlari istagan futbolchilarni olish uchun hal qiluvchi va so‘nggi urinishlarini amalaga oshiradi.
O‘zbekistonlik futbol muxlislarini Eldor Shomurodovning kelajagi qiziqtirmoqda. “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino o‘zbek legionerining kelajagi poytaxt “bo‘rilari” bilan bog‘liq emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Yangi mavsumda to‘rtta uchrashuvidan birortasida hamyurtimizga imkoniyat berilmadi. To‘rtta tur yakunida ko‘ra, hujumchi sifatida qaydnomadan o‘tkazilgan Temmi Abraxam, Stefan El-Shaaravi, Paulo Dibala barcha uchrashuvda maydonga tushdi. “Roma” safiga kuni kecha qo‘shilgan Andrea Belotti ham “Montsa”ga qarshi bahsda debyutini nishonladi.
Eldor Shomurodov esa Mourino foydalanmagan yagona hujumchi bo‘lib turibdi. Agar forvardimiz poytaxtni tezroq tark etmasa, mavsum davomida o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi hech gap emas. Portugaliyalik mutaxassis faoliyati davomida avvalgi jamoalarida bir necha o‘yinchilarni zaxirada olib o‘tirib, “sindirgani” ko‘p kuzatilgan.
Shomurodovning o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi birinchi navbatda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi zarariga ishlaydi.
Quvonarli tomoni shundaki, “ko‘hna qit’a”da transferlar oynasi yopilish arafasida ham Eldor Shomurodovga xaridorlar etarli.
Italiyalik taniqli insayder Janluka di Martsioning o‘z sayti orqali tarqatgan xabariga ko‘ra, “Bolonya” o‘zbekistonlik forvardni olish fikridan qaytmagan va bu transferni amalga oshirishga urinishini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Andrea Belotti bilan xayrlashgan “Torino” ham hujum chizig‘ini Eldor Shomurodov yordamida kuchaytirishga qaror qilgan. Turinliklar safida to‘rtta hujumchi bor va bu uzun mavsumga kamlik qiladi. Qolaversa, jamoaning bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan hujumchiga ehtiyoji katta.
Bir paytlar “Milan”ni dunyoning eng qudratli klubiga aylantirgan Silvio Berluskoni hozir “Montsa” klubiga egalik qilmoqda. U o‘z jamoasini A Seriyaga olib chiqdi. “Montsa”ning bu mavsumga asosiy maqsadi yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish.
“Montsa”da ham gol urishga qodir futbolchiga ehtiyoj katta. Debtant jamoa A Seriyaning to‘rtta uchrashuvida atigi bir juft to‘p kiritdi. Bu kabi past samaradorlik jamoaga maqsadiga erishish imkonini bermaydi.
Berluskoni qo‘l ostidagi mutasaddilari ham transfer oynasi yakunlanishiga qadar Eldor Shomurodovni o‘z jamoasiga olib kelishga harakat qilib ko‘radi.
Aslida Eldorga Angliya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlar jamoalaridan qiziqish borligi xabar qilingan edi. Ayniqsa, Turkiyaning eng mashhur jamoalari – “Galatasaroy”, “Beshiktosh” va “Trabzonspor” rimliklar bilan o‘zbek futbolchisi bo‘yicha muzokara o‘tkazishgacha etib bordi. Lekin Eldor Shomurodovning Italiyada qolmoqchi bo‘lgan bu transferlarga to‘sqinlik qildi.
Demak, hamyurtimiz oldida ikkita yo‘l turibdi. Bir kun ichida o‘ziga qiziqish bildirayotgan Italiya klublaridan biriga rozilik berish yoki Joze Mourinodek qaysar murabbiyning o‘ziga imkon berishini kutib o‘tirish qoldi.
Eldor Shomurodov “Mash’al”, “Bunyodkor”, “Rostov”, “Jenoa” va “Roma” jamoalari safida jami 221 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 45 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 23 ta golli uzatma oshirgan.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida jami 53 ta bellashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 30 ta gol yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar