
Shomurodov Rossiyaga qaytadimi?
Shomurodov transferi Evropada eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan. “Roma” rahbariyati o‘zbekistonlik legioner bilan xayrlashishini ma’lum qilganidan keyin hamyurtimizni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘layotgan klublar safi ko‘payib bormoqda.
O‘zbek futbolchisi uchun A Seriyaning o‘zidan “Torino”, “Bolonya”, “Montsa” va “Sassuolo” kbai jamoalar o‘zaro raqobatlashmoqda. Ayniqsa, “Bolonya” transferni rasmiylashtirishga yaqin kelgani aytilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Angliya premer-ligasidan “Vulverxempton” Eldor Shomurodovga qiziqa boshlagani futbolchi transferiga bog‘liq vaziyatni o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda.
Rossiyalik mutaxassislar, muxlislar va jurnalistlarni mohir hujumchining Rossiya chempionatiga qaytish ehtimoli qiziqtirmoqda. Bir necha kun oldin TsSKA Eldorga qiziqish bildirgani haqida xabar chiqqan edi.
“Sport Eksress” nashri vakillari Eldor Shomurodovga “Rostov”da ustozlik qilgan Valeriy Karpindan hujumchi atrofidagi vaziyatga izoh so‘radi.
Agar Shomurodovni “Rostov”ga transfer qilish imkoniyati tug‘ilsa, bu haqda o‘shanda bosh qotiramiz. Imkon qadar Eldorning atrofidagi vaziyatni kuzatib boryapmiz. Aslida u o‘ynamaganidan keyin nimani ham kuzatardik.
U faoliyatini qaerda davom ettirishi kerak? Hamma gapirayotgan “Bolonya”dami? Bu kabi savollar menga tegishli emas.
Men va Shomurodovning bu savollarga nima daxlimiz bor? Men uni ikki yoki uch yildan beri shug‘ullantirmayapman. Bunaqa savollarga aniq javobni Joze Mourinondan so‘ranglar!, - dedi Valeriy Karpin.
Eldor Shomurodov faoliyatidagi eng yulduzli davrni “Rostov” klubida aynan Valeriy Karpin qo‘l ostida o‘tkazgan. Hamyurtimiz 2017-2020 yillar davomida ushbu jamoa sharafini himoya qilgan. Legionerimiz Rossiya premer-ligasida 80 ta uchrashuvda o‘n oltita gol va o‘nta assist, Rossiya kubogida o‘nta bellashuvda bitta gol va bir juft golli pas, Evropa ligasi saralash turnirida bitta o‘yinda o‘z hisobiga bitta aniq zarba yozdirib qo‘ygan.
Shundan so‘ng, Eldor Shomurodovni “Jenoa” 9 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Genuya klubida sakkizta to‘p kiritgan futbolchimizni o‘tgan yili yozda Joze Mourino o‘zi qabul qilib olgan “Roma”ga taklif etdi.
Rimdagi faoliyat forvardimiz uchun kutilganidek samarali bo‘lmadi. Asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eldor jami 40 ta uchrashuvda beshta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Shomurodovning “Roma” bilan tuzgan shartnomasi 2026 yilning yozigacha davom etadi. Joriy transferlar oynasi yopilguniga qadar 27 yoshli futbolchimiz o‘ziga yangi jamoa tanlashi kerak bo‘ladi.
Fikrlar