“Spartak” legionerini sotmoqda. Bundan O‘runovga foyda bormi?

  • 3 fevral, 2021, 13:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Spartak” jamoasi hujumchisi Pedro Rosha yana Braziliyaga qaytib ketishi kutilmoqda. Bu futbolchi ijara muddati yakunlanganidan so‘ng, yanvarda “Flamengo”dan qaytib kelgan va moskvaliklarning Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb qilingan edi.

Tecno

Rossiya ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, 26 yoshli futbolchiga Braziliya chempionatining bir necha jamoasidan jiddiy taklif bo‘lmoqda. Braziliyaliklar qishki transferlar vaqtida Roshaning shartnomasini to‘liq sotib olmoqchiligi aytilmoqda.

“Spartak” Pedro Roshani 2017 yilda “Gremio” klubidan 12 million evro evaziga olib kelgan va 2023 yilning yozigacha shartnoma imzolagan edi. Iste’dodli hujumchi “Spartak” uchun atigi 19 ta uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urgan va ikkita golli pas oshirgan. Keyinchalik ikki yil davomida ijara asosida Braziliya chempionatida “Kruzero” va “Flamengo” jamolarida to‘p tepdi.

0ee61e069c7acf87b6f26b84dcf4d27ec360c6c1

O‘z navbatida, “Spartak” rahbariyati ham bu futbolchini sotib yuborishga qarshi emas. Chunki Rosha Rossiya chempionatida o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olmagan.

Bundan tashqari, “Spartak” bahorgacha o‘z tarkibidagi legionerlar sonini Rossiya premer-ligasi reglamentiga moslashtirishi kerak. Qoidaga ko‘ra, bir jamoada sakkiz nafardan ortiq xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin emas.

Ayni paytda moskvalik “spartakchilar” safida to‘qqiz nafar chet ellik o‘yinchi bor. Ulardan biri Oston O‘runovdir. Ko‘pchilik, O‘runovning asosiy tarkibga kira olmayotganini inobatga olib, qishda birinchi bo‘lib, o‘zbek futbolchisining boshqa jamoaga o‘tishi yoki “Spartak-2”ga jo‘natilishini kutayotgan edi.

“Spartak” yaqinda Niderlandiyadan Yorrit Xendriksni olib keldi. PSVning sobiq yarim himoyachisiga yangi jamoada muayyan muddat o‘zini ko‘rsatish uchun imkon beriladi. Agar Pedro Rosha yurtiga qaytib ketadigan bo‘lsa, moskvaliklar safidagi legionerlar soni reglamentga mos keladi va o‘zgartirish qilishga hech qanday hojat qolmaydi.

Masalaning yana bir tomoni shundaki, “Spartak” qishki transferlar vaqtida sobiq hujumchisi Kvinsi Promesni qaytarmoqchi. Hozir ular futbolchi o‘ynayotgan “Ayaks” bilan bu borada muzokara o‘tkazmoqda. Rossiyada uni kutishyapti, Kvinsining o‘zi ham rus diyoriga qaytishga qarshi emas. Promes 2014-2018 yillar davomida “Spartak”da 135 ta uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasiga 66 ta gol urgan. Rossiya chempioni bo‘lgan. Tarqatilayotgan xabarlar rost chiqib, Promes Moskvaga keladigan bo‘lsa, Oston O‘runov masalasi yana qayta ko‘tariladi.  

promes-leidt-ajax-met-drie-doelpunten-langs-fortuna-sittard

Qizig‘i shundaki, “Spartak” rahbariyati o‘zbekistonlik legioner bo‘yicha bir qarorga kelishga shoshilmayapti. Yaqinda “Rubin” rasmiy taklif bilan Oston O‘runovni transfer qilishni so‘raganida, moskvaliklar 6 million evro talab qilib, qozonliklarni cho‘chitib qo‘ygandi. Keyin “Ufa” O‘runovni olishga harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan ufaliklar ham o‘zbek legionerini ortga qaytarishga klubning kuchi etmasligini tan oldi.

1280_864_max_13

Ayni paytda Oston O‘runov “Spartak” bilan Birlashgan Arab Amirliklarida yig‘inda qatnashmoqda. Orada kichik jarohat olib, davolanib, yana safga qaytdi. Shunday bo‘lsa-da, uning “Spartak”dagi faoliyati hamon mavhumligicha qolmoqda.

O‘runov “Ufa”ni qutqaradimi?

O‘runovni “sindirib” bo‘lmaydi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!