
"Spartak" taklif bilan chiqqanmi? Klubi bilan necha yilga shartnomasini uzaytirdi? Keyinchalik qaysi chempionatga ketmoqchi? Skautlarning "tinchini buzgan" legionerimiz nima deydi?
Rossiya chempionatida javlon urib, tobora o‘zidan ajoyib taassurotlar qoldirib kelayotgan hamyurtimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga torta olyapti. Bunga uning “Nijniy Novgorod” klubidagi o‘yinlari sabab, albatta.
Aslida qanot himoyachilarining legioner sifatida to‘p surishi juda qiyin masala hisoblanadi, ayniqsa, Rossiya chempionatida. Shunga qaramasdan, o‘zbekistonlik ushbu qanot himoyachisi o‘zini Rossiyadek chempionatga munosib ekanligini har o‘yinda isbotlayotgani biz uchun yoqimli.
“Nijniy Novgorod”da “yo‘qolib” qolmasdan asosiy tarkibdan muqim joy olib kelayotgani hamda murabbiylarning ishonchini qozonayotganini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Rossiya OAVda endi Yo‘ldoshev to‘g‘risida ham turli xabarlar chiqa boshladi. Ya’ni, u klubini o‘zgartirishi mumkin, “Spartak” jiddiy qiziqib qoldi, qabilidagi ma’lumotlar hamma qatori bizni ham bee’tibor qoldirgani yo‘q. Lekin bu kabi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin edi? Biz boshqalarning fikriga quloq solishdan ko‘ra, futbolchimizning o‘zidan aniq ma’lumot olishni afzal bildik. Shu maqsadda Sports.uz muxbiri voqealar rivojiga oydinlik kiritish maqsadida Ibrohimxalil bilan bog‘landi. O‘z navbatida legionerimiz bor gapni aytdi:
“Spartak” klubidan taklif bo‘lganmi-yo‘qmi, rosti bilmadim. Meni ham ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bu xabarga ko‘zim tushdi. Qarasam, “Spartak” libosini kiygizib qo‘yishibdi va bu ham gap-so‘zlarni keltirib chiqardi. Yana takrorlayman: bu haqida hech nima bilmayman. O‘ylashimcha, bu quruq mish-mish. Mening nazarimda, chempionat bahsida “Spartak” darvozasini ishg‘ol qilganim uchun odamlar mana shunday gap-so‘zlarni chiqarishgan bo‘lsa kerak”.
Hammasi ayon: “Spartak” futbolchimizga rasmiy taklif bilan chiqmagan. Og‘zaki qiziqqan yoki qiziqmaganligi bu endi boshqa masala. Uning o‘zi aytganidek, “qizil-oqlar” darvozasini ishg‘ol qilgan va balki bu holat ko‘pchilikning e’tiborini tortgandir. Qolaversa, mart oyida o‘z klubining eng yaxshi futbolchisi deb aynan Yo‘ldoshev e’tirof etilgandi. Bu kabi maqtovlardan keyin unga taklif tayyorlayotgan klublar bo‘lishi tabiiy, aslida. Balki boshqa jamoalar legionerimiz bilan jiddiy qiziqayotgandir. Ochig‘i, shu masalaga ham e’tibor qaratdik va buning uchun Ibrohimxalilning fikrini tingladik.
“To‘g‘risini aytsam, bir nima deyishim qiyin. Albatta, agentim menga bunga o‘xshash takliflar bo‘lsa, aytmaydi deya olmayman. Qachonki, men bilan qiziqayotgan klubning taklifi jiddiy bo‘lib, 100 foizga aniq bo‘lsa va qaergadir o‘tayotganimdan bir-ikki oy oldin menga aytishi mumkin. Ammo quruq gaplar haqida og‘iz ochmaydi. Ya’ni, u erdan yoki bu erdan qiziqishlar bor deb gapirmaydi. Oddiy taklif bo‘lsa, hech nima demaydi”.
Yo‘ldoshev bir tomondan to‘g‘ri aytdi. Chunki ular quruq qiziqishlarga qaramaydilar. Buning ustiga klubi – “Nijniy Novgorod” ham endilikda legionerimizni osonlikcha qo‘yib yubormoqchi emas. Futbolchimiz dastlab ushbu jamoa bilan 2023 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagandi. Qarasa, o‘zbekistonlik himoyachi zo‘r chiqib qoldi va asta-sekin turli gap-so‘zlar paydo bo‘la boshladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Nijniy Novgorod” rahbariyati Ibrohimxalil bilan qayta muzokara o‘tkazgan holda kelishuvni uzaytirishga kirishdilar va yakunda klub o‘z maqsadiga erishdi.
“Ha, men yaqinda “Nijniy-Novgorod” klubi bilan shartnomamni cho‘zdirdim. Kelishuv muddati 3 yilga mo‘ljallangan. Jamoam bilan yangi shartnoma imzolaganimdan xursandman”, - deya bu borada fikrimizni tasdiqlab o‘tdi, legionerimiz.
Endi kimdir jiddiy taklif bilan chiqsa ham uni yaxshigina pulga sotib olishiga to‘g‘ri keladi. Lekin vaqti kelib, uning yanada kuchliroq chempionatlardan biriga yo‘l olishiga umid qilib qolamiz. Asosiysi, Yo‘ldoshev futbolchi sifatida o‘sishga erishyapti. Hamyurtimiz o‘zini ko‘proq qaysi chempionatda sinab ko‘rishni istashi haqida ham gapirdi.
“Hozirda bor e’tiborimni “Nijniy Novgorod” klubiga qaratganman. Bu erda o‘zimni yanada yaxshiroq ko‘rsatib, tajribamni oshirmoqchiman. O‘zimga qolsa, Evropaning kuchli chempionatlari, masalan Ispaniyada kuchimni sinab ko‘rgim keladi. Xudo xohlasa, ushbu niyatimga ham erishaman, degan umiddaman”.
Fikrlar