
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Bundesliga ramziy terma jamoasi
Tan olish kerak, mavsum o‘rtalarida turnir jadvalida intriga anchagina yuqori edi. To "Bavariya" klubi bosh murabbiy Niko Kovachni iste’foga chiqarmaguniga qadar myunxenliklar erasiga chek qo‘yiladigandek edi, go‘yo. Biroq 4 noyabr kuni Kovach o‘z lavozimidan ozod etildi va yordamchi murabbiy Xans-Diter Flik amaldagi Bundesliga g‘olibi bo‘lgan jamoaga bosh murabbiy etib tayinlandi. Aynan ushbu yurish ko‘p narsani hal qildi. Chunki "qizillar" unga qadar turnir jadvalida "RB Leyptsig" va "Borussiya” Dortmund klublaridan ortda edilar. Flik kelganidan keyin esa chempionatni 2-pog‘onadagi "asalarilar"dan 13 ochko ko‘p jamg‘argan holda yakunlashdi. Qo‘shimchasiga, mamlakat kubogida zafar quchishdi. Bu myunxenliklar uchun barcha musobaqalarda ketma-ket 17-g‘alabaga aylandi va ularning mag‘lubiyatsiz seriyasi 26 ta o‘yinga etdi. Bu natijalarda germaniyalik mutaxasisning xizmati beqiyos. Shu tufayli, Bundesliga mavsum ramziy terma jamoasiga uni bosh murabbiy sifatida tanladik. Taktik sxema esa 4-3-3 (4-1-2-1-2).
Darvozabon: Manuel Noyer
Germaniya milliy terma jamoasi va "Bavariya" klubi sardori haqli ravishda ramziy terma jamoadan o‘rin olmoqda. Mavsum davomida umumiy hisobda 2970 daqiqa maydonda harakat qilgan nemis kiperi hisobida 15 ta "quruq o‘yin" mavjud. Boshqacha qilib aytganda, Noyer darvozani qo‘riqlagan 46% bahslarda o‘z posti daxlsizligini saqlab qolishni uddalagan. Ushbu natija bilan istalgan posbon maqtansa arziydi.
O‘ng qanot himoyachisi: Ashraf Hakimi
2 yil davomida "Borussiya Dortmund" safida harakat qilgan tezkor futbolchi ushbu mavsumda o‘z hisobiga 5 ta gol va 10 ta assistni yozdirib qo‘yishga erishgan. Bu orqali Afrikaning 2019 yildagi eng yaxshi yosh o‘yinchisi jamoasining kumush medallarni qo‘lga kiritishiga munosib hissa qo‘sha oldi. Undan tashqari, yuqori tezkorlik namoyish etgan holda, bir muddat Bundesliga rekordini o‘rnatishga ham muvaffaq bo‘lgan edi (36,2 km/s). "Asalarilar" bilan shartnomasi yakunlangan Ashraf klub safini yorqin xotiralar bilan tark etdi va Bundesliga muxlislari uning o‘yinini uzoq vaqt eslashlari aniq.
Markaziy himoyachi: Dayot Upamekano
Frantsiyalik yosh iqtidor sohibi, shubhasiz, yil kashfiyotlaridan biri. Upamekano baland bo‘yi evaziga ko‘plab hujumchilarga bosh og‘rig‘i tug‘dira oladi. 21 yoshli ushbu markaziy himoyachiga “Arsenal”, “Real Madrid”, “Liverpul” hamda “Barselona” jamoalaridan takliflar bo‘lganligi bejiz emas. “Kanonirlar”ning bu himoyachiga 60 mln evrolik rasmiy taklif bilan chiqqanligi ham unga bo‘lgan talab yuqoriligidan dalolat. Joriy mavsum u to‘p suradigan “Leyptsig” klubi Bundesligada faqat “Bavariya”dan ko‘proq gol o‘tkazib yuborgan. Bu natija ham umidli himoyachining o‘z ampluasida naqadar ishonchli harakat qilishidan darak beradi.
Markaziy himoyachi: Mats Xummels
Ushbu mavsumdan e’tiboran dortmundliklar safida to‘p tepayotgan himoyachi klubining chempionlik yo‘lida myunxenliklar bilan uzoq vaqt kurash olib borishida asosiy figuralardan biri bo‘ldi. Faqatgina 28-tur bahsi ko‘p narsaga oydinlik kiritdi va mag‘lubiyatga uchrab, raqiblarini 7 ochko oldinga o‘tkazib yuborgan Lyusien Favr shogirdlari biroz tushkunlikka tushib qoldilar. Aslida, o‘sha uchrashuvda ham Xummels boshchiligidagi “Borussiya” himoyasi yaxshi harakat qilgan, biroq darvozabonning birgina xatosi tufayli mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rishga majbur bo‘lgandi. Mats esa bu mavsum ham avvalgilari singari yomon o‘yin namoyish etmadi.
Chap qanot himoyachisi: Alfonso Devis
Ramziy terma jamoamizdan o‘rin olgan eng yosh futbolchi bo‘lishiga qaramay, kanadalik himoyachi mavsum davomida bunga to‘liq haqliligini isbotladi. 2-avgustda 20 yoshni qarshi oladigan super iste’dod sohibi kuchli beshlikda “Oltin dubl” qayd etgan va Chempionlar ligasining favoritlaridan bo‘lgan jamoaning asosiy tarkibida hozirdanoq o‘zi uchun joy hozirlab ulgurgan. Boz ustiga, u Bundesliganing eng tezkor futbolchisi hisoblanadi. Myunxenliklar a’zosi 32-tur doirasida “Verder”ga qarshi kechgan bahsda 36,51 km/s tezlikda yugurib, ashaddiy raqibi Ashraf Hakimining rekordini yangilay olgan. Shunchaki, raketa!
Tayanch yarim himoyachisi: Joshua Kimmix
Nemis afsungari bir necha mavsumdan beri nafaqat Bundesliganing, balki butun Evropaning ham eng kuchli tayanch yarim himoyachilaridan biri hisoblanadi. Maydonni yaxshi ko‘ra olish qobiliyati, uzoq masofadan shedevr gollar, keskin vaziyatlarda ham aniq paslar uzata olishi uning darajasini ancha yuqoriga ko‘targan. Ushbu mavsumda ham chempionlik masalasini amalda hal qilgan o‘yinda Kimmix katta sahnaga chiqdi va Dortmund klubi darvozasini jarima maydoni tashqarisidan ishg‘ol etdi.
Xujumkor yarim himoyachi: Kay Xaverts
Leverkuzenning "Bayer" klubi bu mavsum Chempionlar ligasi yo‘llanmalaridan mosuvo bo‘lganligiga qaramay, milliy birinchilikda yaxshi o‘yinlari bilan yodda qoldi. Qo‘shimchasiga, Germaniya kubogi finaliga chiqqan leverkuzenliklar taqdim qilayotgan futbol ancha tomoshabop. Aynan shunday chiroyli futbolning asosiy sabablaridan biri Kay Xavertsdir. Yosh nemis xavbeki bu mavsumda 30 uchrashuvda maydonga tushgan va o‘z hisobiga 12 ta gol va 6 ta assistni yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Uning ko‘rsatayotgan o‘yini bir qator grand klublarning oromini o‘g‘rilagan. Turli xil nashrlar Xavertsning tez kunlarda "tumanli al’bion"da ko‘rinish berishi haqida yozmoqda. Biz ham vaziyatni kuzatamiz.
Xujumkor yarim himoyachi: Tomas Myuller
So‘nggi yillarda o‘yin uslubini biroz o‘zgartirgan Tomas o‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazmoqda. Bir mavsum davomida 21 ta golga aniq uzatma amalga oshirish uchun juda katta mehnat qilish zarur. Darhaqiqat, Myuller mehnatdan qochmaydigan futbolchilar sirasiga kiradi. U butun Evropada ham assistlar bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda. E’tibor bering-a: u Messi, De Bryuyne, Aleksandr-Arnold kabi futbolchilardan oldinda. Bundesligada Kevinning rekordini yangilagani esa uni "maestro" degan nomga yana bir qadam yaqinlashtirdi.
Hujumchi ortidagi futbolchi: Jeydon Sancho
Bundesliga "javohiri" bu mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Yoshiga nisbatan olganda natijalari havas qilarli darajada. 2019-20 yilgi mavsum Sancho uchun ham ancha omadli keldi. 32 uchrashuvda 17 gol va 16 ta golli uzatma. Shular tufayli u "Golden boy" sovrini uchun kurashda yaqqol faqorit. Ingliz vunderkindi uchun bu mavsum tramplin vazifasini o‘tashi katta ehtimol. Negaki "Real Madrid", "Liverpul", "Manchester Yunayted" hamda "Bavariya" jamoalari uni so‘rab "Borussiya” Dortmund eshiklarini tez-tez taqillatmoqdalar. Mersisaydliklar ustozi Yurgen Klopp ham Jeydonga qizil forma yarashsa kerak, deb bejizga aytmaganini taxmin qilish mumkin. Xullas, "yulduzlar fabrikasi"ni yana bir iste’dod tark etishga yaqin.
Hujumchi: Timo Verner
Germaniya milliy terma jamoasi muxlislari anchadan beri Miroslav Klozening o‘yinlarini qumsaydi. Verner esa uning tom ma’nodagi vorisi deyish o‘rinli bo‘lardi. Chunki u ham 1 ta vaziyatdan 1 ta gol ura oladigan haqiqiy "strayker" hisoblanadi. Bu mavsum Bundesligada 28 marta raqiblari postiga yo‘l topa olgan Timo endilikda o‘z omadini "aristokratlar" safida sinab ko‘radi. Ajoyib tanlov, nazdimizda.
Aslida, Verner ham bu yil o‘yini o‘xshab qolgan yigitcha emas. Shunchaki, uning natijalari bir "qotil" gollari soyasida biroz ko‘zga tashlanmas edi...
Hujumchi: Robert Levandovski
Bu mavsumda unga qancha ta’rif bersak ham ozdek tuyulmoqda. Ketma-ket rekordlarni yangilayotgan polyak forvardini ushbu mavsum na Germaniya chempionatida, na Evrokuboklarda hech kim to‘xtata olmayapti. Uning uzoq yillik orzusi bu mavsum amalga oshadiganga o‘xshamoqda. Nihoyat, Leva “Oltin to‘p” va “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritishga juda yaqin. Hammasi uning o‘ziga bog‘liq: Chempionlar ligasining qolgan bahslarida borini berib, harakat qilish va barcha sovrinlarga ega chiqish. Bu holat hatto, uning tushlariga kirib chiqayotgan bo‘lsa ajab emas.
Bundesliga Evropaning top chempionatlaridan ekanligini yana bir marta isbotladi. Mavsum davomida chempion jamoaning asosiy tarkibidan tushmagan, 12 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, 11 bor jamoadoshlari gollariga hammualliflik qilgan Serj Gnabri, 10 ta gol va shuncha assist amalga oshirgan Alessan Plea, uning jamoadagi sherigi Markus Tyuram, "Leyptsig" uchrashuvlarida benazir bo‘lgan Marsel Zabittser va shubhasiz, mavsum kashfiyoti Erling Xoland mavsumning ramziy terma jamoasidan tushib qolishi chempionatda yuqori darajadagi futbolchilar juda ko‘pligidan dalolat.
Yorqin lahzalarga boy o‘tgan Bundesliganing ushbu mavsumdagi eng yaxshilarini jamoamizda qayd etishga urindik. Kelgusi mavsumlarda yanada ko‘proq futbolchilar kashf etilishidan umid qilgan holda Germaniya chempionati bilan vaqtincha xayrlashamiz.
Javohir Azimov tayyorladi
Klopp shogirdlarini tarixiy chempionlikka etaklagan 10 ta o‘yin
Fikrlar