
SPORTS.uz talqini bo‘yicha Superliga 13-tur ramziy jamoasi (foto)
Bu tur markaziy o‘yinlarga boy o‘tdi. Vodiy va Toshkent derbisi kutilganidek shiddatli qarama-qarshilik yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.Tabiiyki, natijasi o‘ta muhim bo‘lgan markaziy o‘yinlarda jamoalar ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi. Bu safar ham shunga o‘xshash holat kuzatildi va bu ramziy jamoa tanlashda biroz qiyinchilik tug‘dirdi.
Darvozabon: Valijon Rahimov (AGMK)
Ikkinchi va uchinchi pog‘onadagi klublar bellashuvida olmaliqliklar o‘zlari uchun kerakli natijani qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Albatta, bunda Rahimovning o‘rni sezildi. Bir necha vaziyatlarda darvozasi daxlsizligi saqlanishini o‘z seyvlari bilan ta’minlagan posbon haqli ravishda ramziy jamoa darvozasidan o‘rin olmoqda.
Markaziy himoyachi Islom Qobilov (Lokomotiv)
“Nasaf”ga qarshi o‘yinda Qobilov ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Tezkor hujumchilarga qarshi aqlli futbol namoyish etgan himoyachi raqib hujumlarini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Yakkukurashlarda faollik ko‘rsatib, ikkinchi qavatda hech kimga imkoniyat bermagani uning ramziy jamoa uchun munosib ekanligini bildiradi.
Markaziy himoyachi Avazbek O‘lmasaliev (Bunyodkor)
Juda bahsli qaror. “Toshkent derbisi”da imkoniyatni boy bergan “Bunyodkor” tarkibida O‘lmasaliev boshqalarga qaraganda ajralib turdi. Kiritilgan gol ham boshqa himoyachining xatosi evaziga yuzaga keldi. So‘nggi o‘yinlarda to‘xtatish qiyinlashib borayotgan Temirovning derbida “yo‘qolib qolishi” aynan Avazbek O‘lmasalievga ham bog‘liqdek, nazarimizda.
O‘ng qanot himoyachisi Xojiakbar Alijonov (Paxtakor)
Alijonov har bir o‘yinda shu qadar faol harakatlar amalga oshiradi-ki, uni ramziy jamoaga jalb etmaslik qiyin masaladek ko‘rinadi. Qahramonimiz bu safar ham qolganlardan bir bosh ajralib turdi va o‘ng qanotni “yondirdi”. Balki sheriklari uning uzatmalarini darvoza tomon to‘g‘ri yo‘llay olmagandir, lekin Alijonov faollikdan to‘xtamadi.
Chap qanoy himoyachisi Shaxboz Jo‘rabekov (So‘g‘diyona)
AGMKga qarshi o‘yinda ikki kuchli murabbiy to‘qnash keldi. Maydonning har bir qarichi o‘lchangan va ehtiyotkorlik birinchi planga chiqqan o‘yinda “bo‘rilar” himoyachisi faol harakat qildi. Orqa chiziqda harakat qilishiga qaramay, raqib jarima maydonida xavf tuhdira olgan Jo‘rabekovni ramziy jamoa chap qanot himoyasiga joylashtirdik.
Tayanch yarim himoyachisi Azim Ahmedov (Navbahor)
13-turda bir necha super gol urildi. Ulardan biri aynan Ahmedovga tegishli. Doim shiddatli ruhda kechadigan “vodiy derbisi”ni o‘z foydasiga hal etgan namanganliklar aynan qahramonimizning olis masofadan kiritgan goli evaziga hisobni ochgandi. Bundan tashqari, Ahmedov maydon markazida ishonchli o‘yin ko‘rsatdi va raqib hujumlarini markazdayoq to‘xtatilishiga bosh-qosh bo‘ldi.
Markaziy yarim himoyachi Ibrohim Igragimov (Metallurg)
Joriy mavsum yuqori darajaga ko‘tarilgan jamoalar - “Metallurg” hamda “Qizilqum” bellashuvida Aktamov shogirdlarining qo‘li baland keldi. Biroq bekobodliklar ham shunchaki taslim bo‘lgani yo‘q. Ayniqsa Ibragimov uzoq masofadan bergan zarbalari bilan Nesterovni bezovta qilib turdi. Vatsadze va Grigalashvilining gollariga javob tariqasida urilgan yagona gol ham aynan Abrohim tomonidan kiritilgandi.
Markaziy yarim himoyachi Kaxi Maxaradze (Lokomotiv)
Tajribali yarim himoyachi “ajdarlar” mag‘lubiyatga uchratilgan o‘yinning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Boisi, katta yoshda bo‘lishiga qaramay, Kaxi maydon bo‘ylab tinmay yugurdi va umuman tinmadi. Yosh va chaqqon “Nasaf” futbolchilarini to‘xtatish va o‘z jamoasi hujumlarini boshlashda etakchi bo‘lgan Maxaradze ramziy jamoamiz yarim himoyasida!
O‘ng qanot vingeri Diyor Xolmatov (Paxtakor)
Yosh iste’dod sohibi o‘yindan o‘yinga yorqinroq porlamoqda. Ketma-ket uchrashuvlarda gol yoki assist qayd etayotgan vinger derbida ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Ishonch bilan raqib jarima maydoniga yorib kirdi va penaltiga sabab bo‘ldi. Agar o‘sha vaziyatga Ergashev qoidani buzmaganida, g‘alaba goli muallifi Cheran emas, Xolmatov bo‘lishi katta ehtimol edi. Shu sababli ham bir 11 metrlik nuqtadan gol urgan Dragan o‘rniga unga shu vaziyatni taqdim etgan Diyorni tanladik.
Chap qanot vingeri Azizbek Amonov (Lokomotiv)
Amonov turning eng yaxshi futbolchisi. Bunga hech qanday e’tiroz yo‘q. “Nasaf” mag‘lub etilgan oqshom Azizni shunchaki to‘xtatib bo‘lmadi. Har ikki golida Eshmurodovdek saviyali himoyachini tezlikda ortda qoldirib, chempionatimizning eng yaxshi darvozabonlaridan birini dog‘da qoldirgan “temiryo‘lchilar” a’zosini chap qanot vingeri pozitsiyasiga joylashtirdik.
Hujumchi Mate Vatsadze (Qizilqum)
Yuqorida mazkur turda chiroyli gollar ko‘p kiritilganini aytib o‘tdik. Haqiqiy bezakka aylangan aniq zarba gruziyalik hujumchi tomonidan kiritilganini e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Raqib mudofaasini doimiy bosimda ushlab turgan Mate jamoasining g‘alabali odimlashiga sabab bo‘ldi. Uning goli evaziga “konchilar” 5-o‘ringa mustahkam joylashib oldi.
Fikrlar