SPORTS.uz talqiniga ko‘ra Chempionlar Ligasi chorak final ramziy terma jamoasi

  • 16 avgust, 2020, 20:47
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Murabbiy: Rudi Garsiya

Ispaniyalik mutaxassis ushbu bosqichda o‘zinikidan ancha kuchli tarkibga ega jamoani o‘ynatgan vatandoshi Gvardiolani engdi. Ha, u “Man Siti” murabbiyini dog‘da qoldirdi va chorak finalning eng katta sensatsiyasini amalga oshirdi. Nega eng katta? Chunki Frantsiya chempionatida 7-o‘rin bilan kifoyalangan “sherlar” manchesterliklarni har taraflama yutdi. Ayniqsa, jamoa ustozining topqirligi amalda o‘yinni frantsuzlar tomonga burib yubordi. Aslida, keyingi bosqichga o‘tgan har bir klub murabbiylari ham bu nomga loyiq. Lekin Garsiya ulardan bir bosh ustun. Bunga sabablar etarli:

-jamoasini ruhiy jihatdan favoritga qarshi munosib tayyorlay oldi;

-Gvardiola tiki-takasiga o‘z uslubi bilan qarshi turishni epladi;

-o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborgan o‘zgarishni amalga oshirib, topqirlik namoyish etdi;

-Depay o‘rniga Dembeleni maydonga tashlash orqali, bir o‘yinchiga qarab qolmaganligini isbotladi. Bu yakunda o‘z samarasini berdi.

rudi-garcia-juventus-lyon_1jjfs2nvmc4nd1op1xvdcrisdj

Darvozabon: Antonio Lopesh

Chorak finalda ishtirok etgan jamoalar tarkibida Oblak, Noyer, Ter-Shtegen, Navas kabi dunyo reytingining eng yuqori pog‘onalaridagi darvozabonlar ichida kamtargina nomga ega Antonio Lopesh ramziy jamoamizdan o‘rin oldi. “Siti” bilan o‘yinda qahramonimiz darvozasi tomon yo‘naltirilgan 6 zarba yo‘liga g‘ov bo‘ldi va klubining turnirni davom ettirishida munosib hissasini qo‘shdi. Faqatgina, bir vaziyatda Kevin De Bryuyne uning postiga yo‘l topdi. Ammo o‘sha vaziyatda darvozabonni ayblash mutlaqo xato bo‘ladi. Jezus, Sterling kabi yulduzlarning qolgan urinishlari golsiz yakunlanishi Lopesh mehnatlari samarasi hisoblanadi. Biz buni munosib baholadik.

GettyImages-1012876500

Chap qanot himoyachisi: Alfonso Devis

Myunxenliklarning noyob topilmasi Alfonso o‘zidan kutilganidan ham yorqinroq o‘yin namoyish etmoqda. “Barselona” bilan kechgan bahsda ham o‘zining eng kuchli formasida harakat qilgan kanadalik loteral bizning jamoamizdan o‘rin olishiga to‘laqonli asoslar bor. O‘sha o‘yinda u qanotdagi raqibi Semeduni butkul ojiz qoldirdi. Birgina Kimmixning golida u bosib o‘tgan yo‘lning o‘zi uni qanday iste’dodli ekanligini isbotlaydi. Endi final ostonasida ham Devisdan shu darajada o‘yin kutib qolamiz.

1266329491.jpg.0

Markaziy himoyachi: Dayo Upamekano

Bu yil Diego Simeone va uning shogirdlarida Chempionlar Ligasida uzoqroqqa borish imkoniyati bor edi. Ammo “Leyptsig” bunga osonlikcha yo‘l qo‘ymasligini ko‘rsatdi. Aslida, Diego Kosta, Alvaro Morata, Joau Felish kabi hujumchilari bor “Atletiko” uchun barchasi engil o‘tishi taxmin qilingan edi. Biroq “buqalar” orqa chizig‘i Dayo Upamekano boshchiligida qanday tartibli himoyalanayotganiga hamma ham e’tibor qaratmadi. Upamekano esa, avval Kostani, keyinchalik uning o‘rniga maydonga tushgan Moratani butkul zararsizlantirishni uddaladi. “Leyptsig” yarim final chiptalarini qo‘lga kiritgan o‘yinda aynan u eng yaxshi futbolchi, deya tan olinganida ham ramziy ma’no bor, nazarimizda.

PRI_161129487

Markaziy himoyachi: Jeyson Denayer

“Siti” bosimiga bardosh qilish juda mushkul. Hatto, grand klublarning super himoyachilari ham bu ishni uddalay olmaydi, ba’zan. Lekin Denayer bu vazifani ortig‘i bilan bajardi. Uning boshchiligida haqiqiy himoya qo‘rg‘oni barpo etilganligi, frantsuz klubining katta yutug‘i. Ortda qolgan bosqichda ular o‘zlarining bu musobaqa pley-offidagi ikkinchi sensatsiyalarini qayd etishdi. Endi navbatdagi o‘yin dahshatli “Bavariya”ga qarshi. Voqealar rivojini kuzatamiz.

2865181-59049628-2560-1440

Markaziy himoyachi: Markinos

Va nihoyat, parijliklarda bu yil uzoq kutilgan Chempionlar Ligasini yutish uchun har yilgidan-da yaxshiroq imkoniyat tug‘ildi. Endi barchasi ularning o‘zlariga bog‘liq. “Atalanta” bilan bo‘lgan uchrashuvning so‘nggi daqiqalari kabi kuchli, hujumkor futbol ko‘rsatishsa, ularni to‘xtatib qolish qiyin kechishi aniq. Chorak finaldagi g‘alabaning ham o‘zgacha mazasi bor. Asosiy vaqtning oxirgi daqiqasida hisobni tenglashtirib, raqib ruhiyatini sindirgan Markinosning xotirasida bu bahs uzoq yillar saqlanib qolishi shubhasiz.

EfQAB_KXoAEeX5H

O‘ng qanot himoyachisi: Joshua Kimmix

Nemis afsungari doimgidek yuqori darajasini ko‘rsatdi. Kimsan “Barselona”ga 1 ta gol urib, 1 ta assist amalga oshirgan fulbeksiz ramziy jamoamiz to‘liq bo‘lmasligi aniq edi. Shuningdek, Kimmix uzatmalar aniqligi bo‘yicha 82,5% natijasini ko‘rsatdi. U o‘yin davomida to‘p nazoratiga egalik qilib, to‘psiz qolganida pressing qiladigan klubga qarshi har qanday futbolchi orzu qiladigan ko‘rsatgichni qayd etdi.

1266339902.jpg.0

Markaziy yarim himoyachi: Leon Goretska

 Goretska o‘yin davomida yaqqol ajralib turmagan bo‘lsa-da, kerakli vaziyatlarda o‘z ishini ortig‘i bilan bajardi. Myunxenliklarning ikkinchi golidan so‘ng raqiblar katta kuch bilan hisobni tenglashtirishga oshiqdi. Xuddi shu fursatda aynan qahramonimizning zargarona uzatmasidan keyin Gnabri hisobni yiriklashtirdi. Bu gol kataloniyaliklarga juda qattiq zarba bo‘lganligi ularning goldan keyingi harakatlarida yaqqol sezildi.

EfabDOHXsAIkpKE

Hujumkor yarim himoyachi: Tomas Myuller

Nafaqat “Barselona” bilan o‘yinning, balki butunlay “Chorak final bosqichining eng yaxshi futbolchisi” bo‘lishga asosiy da’vogar Tomasni ramziy jamoamizda hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasiga qo‘ydik. Chunki 30 yoshli nemis xavbeki bu mavsum gollari bilan bir qatorda assistlari orqali ham kimligini isbotlamoqda. Uning shijoati, motivatorlik qobiliyati jamoaning barcha a’zolari uchun dalda bo‘lmoqda. Flik davrida u o‘zining ikkinchi yoshligini boshdan o‘tkazyapti.

fcb_bar_postmatch_muller

Hujumkor yarim himoyachi: Filippe Koutino

E’tibor bergan bo‘lsangiz, maydon markazini butkul “Bavariya” vakillariga topshirdik. Sababi bu chiziq “Barselona” ustidan qozonilgan g‘alabada asosiy rolni o‘ynadi. Erta pressing, hech bir futbolchiga bo‘sh hudud qoldirmaslik, qanotlar o‘rtasidagi o‘zaro paslarda bog‘lovchilik vazifalarini ushbu chiziq futbolchilari ortig‘i bilan bajardilar. Koutino esa 15 daqiqa maydonda harakat qilib, dubl rasmiylashtirdi hamda Levandovskining goliga uzatma amalga oshirdi. Keyingi mavsum ham Flik uni o‘z klubida ko‘rishni istashi katta ehtimol.

NINTCHDBPICT000601995330-e1597520054564

Hujumchi: Neymar

Neymar o‘ziga o‘xshashni boshladi. Eng muhim pallalarda jarohat olib, jamoasiga pand berib qo‘ygan mavsumlari unutilgandek, go‘yo. “Atalanta”dan yarim final chiptalari tortib olingan o‘yinda ham braziliyalik afsungar yuqori darajada o‘ynadi. Bahs boshidan, to so‘nggi soniyalarigacha Neymardan havf kutgan bergamoliklar yakunda baribir uni to‘xtatib qolishni uddalay olmadi. O‘yin davomida 16 bor raqiblarini aldab o‘tishga erishgan futbolchi bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etib turibdi. Qiziqarli tarafi, bu ko‘rsatkich eng yaqin taqibchisidan 5 taga ko‘p, degani. Mana, uning haqiqiy darajasi.

GettyImages-1265725937

Hujumchi: Mussa Dembele

Qahramonimiz manchesterliklarga qarshi maydonga tushgani hamonoq, o‘yinni jamoasi tomoniga o‘zgartira oldi. O‘yinga qo‘shilganiga 4 daqiqa bo‘lgan bir vaqtda to‘p kiritib, jamoasini oldinga olib chiqqan Mussa, ko‘p o‘tmay dublni rasmiylashtirgan holda, sensatsiyaga bosh sababchi bo‘ldi. Uning qulay pozitsiya tanlash va golni his qilish qobiliyati bu safar “Lion” jamoasiga qo‘l keldi. 24 yoshli Dembelega endi yanada kuchli raqib duch keladi. Bu vaziyatda u yana qahramonlik ko‘rsata olarmikan? Bu barcha uchun qiziq.

NINTCHDBPICT000602273483

dsad

Doimgidek ramziy jamoamizda bir qancha futbolchilarga joy topilmadi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilib, jamoasini ruhlantira olgan Mbappe, “Siti” darvozasini mohirlik bilan ishg‘ol etgan Korne, dunyoning eng kuchli posbonlaridan biri Oblakni ojiz qoldirgan Dani Olmo va o‘zining eng kuchli mavsumini o‘tkazayotgan Robert Levandovski kabi ajoyib o‘yinchilardan keyingi bosqichlarda ham chiroyli futbol kutib qolamiz.

Javohir Azimov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!