SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (9-son)

  • 30 noyabr, 2022, 14:08
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Niderlandiya ham mezbonlarni ranjitdi. Qatar mundiallar tarixida guruh bosqichining barcha o‘yinlarida mag‘lubiyatga uchragan yagona jamoaga aylandi.

Senegal terma jamoasi Ekvadordan nimchorak final yo‘llanmasini tortib oldi. Senegal 20 yildan so‘ng yana keyingi bosqichga chiqdi.

AQSh printsipial bahsda Eronni mag‘lub etib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Amerikaliklar ilk bor forslarni engdi

Angliya so‘nggi turda yirik hisobda g‘alaba qozondi, Reshfordning gollari inglizlarga keyingi bosqich eshiklarini ochdi.

Niderlandiya - Qatar 2:0

Guruh bosqichining hal qiluvchi 3-tur o‘yinlari start oldi. Ilk ikki uchrashuv "A" guruhi vakillari o‘rtasida kechdi. Parallel o‘tgan bu bahslarda Niderlandiya Qatar bilan, Ekvador esa Senegal bilan kuch sinashdi. Biz hozir "uchar gollandlar" va "to‘q qizillar" o‘rtasidagi to‘qnashuvga to‘xtalib o‘tamiz.

Bellashuv 2:0 hisobida evropaliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Birinchi gol muxlis va mutaxassislarning e’tiboriga tushayotgan Kodi Gakpo tomonidan kiritildi. U markazdan raqib himoyasini yorib kirdi va kuchli zarbasi bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Ikkinchi taym boshlarida Lui van Gal shogirdlari yana bir gol urishga erishdi. Mezbonlar jarima maydonidagi tartibsizlikdan so‘ng "Barselona" yarim himoyachisi de Yong farqni 2 taga oshirib qo‘ydi. 

Niderlandiyaliklar bahsda uchinchi golni urishga ham muvaffaq bo‘lgandi. Lekin 69-daqiqada yuz bergan ushbu vaziyatda hakam to‘p nominal mezbonlar futbolchisining qo‘liga tekkanini ma’lum qildi. Shu tariqa, gol inobatga olinmadi va natija o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmay qoldi.

Uchrashuvda ilk gol muallifi bo‘lgan Gakpo musobaqa to‘purariga aylanib oldi. Shuningdek, u urgan gollarining 3 tasini tanasining turli qismlari bilan kiritdi. Senegalga bosh bilan, Ekvadorga chap oyog‘i hamda Qatarga o‘ng oyog‘i bilan gol urdi.

Qatar terma jamoasi guruh bosqichining barcha o‘yinlarida yutqazgan dastlabki mezbon mamlakat bo‘ldi. Bundan oldin mezbon yurt vakillari bunday yomon natija qayd etmagan. Niderlandiya terma jamoasi o‘zi ishtirok etgan hamma mundiallarda guruh bosqichidan chiqish vazifasini uddalagan.

 

Ekvador - Senegal 1:2

"A" guruhining ikkinchi o‘yini birinchisidan farqli o‘laroq ancha shiddatli kechdi. Senegal u bahsda Ekvadorni 2:1 hisobida taslim etdi.

44-daqiqada bellashuvdagi ilk gol urildi. Sarr penaltidan unumli foydalanib, Senegalni hisobda oldinga olib chiqdi. 68-daqiqa o‘tib borayotganda Kaysedo muvozanatni tikladi. Burchak zarbasidan kelgan to‘pni u bo‘sh qolgan darvozaga joylab qo‘ydi.

Ammo oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, Kulibali qulay imkoniyatdan foydalandi va jamoasiga g‘alaba taqdim etgan gol muallifiga aylandi. Ushbu muvaffaqiyat yakunda afrikaliklarni pley-offga olib chiqdi.

Senegal 20 yildan keyin yana guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir jamoaga bosh murabbiylik qilayotgan Aliu Sisse o‘sha paytda terma sardori edi.

Ekvador safidagi Enner Valensiya bu bellashuvda ham gol urganida, jahon chempionatlarida qatorasiga 7 bahsda gol urgan ilk futbolchiga aylanardi. Biroq u bunday natijaga erisha olmadi.

Shu tariqa, Senegal 4 dekabr kuni pley-offda Angliyaga qarshi maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 00:00ga belgilangan.

 

Eron - AQSh 0:1

3-turda Eron - AQSh bahsi o‘tkazildi. Unda shimoliy amerikaliklarlar 1:0 hisobida raqibdan ustun keldi. 

Kristian Pulishich tomonidan 38-daqiqada kiritilgan gol bellashuv taqdirini hal qildi.

Shu tariqa, ochkolari sonini 5 taga etkazib olgan AQSh keyingi bosqich yo‘llanmasiga ega chiqdi. Eron esa 3 ochko bilan uchinchi pog‘onani band etdi va o‘z yurishini guruh bosqichining o‘zidayoq yakunlaydigan bo‘ldi.

Bu galgi jahon chempionatida AQSh futbolchilari guruh bosqichining ketma-ket ikkita bellashuvida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Xuddi shu ko‘rsatkichni amerikaliklar bundan qariyb yuz yil muqaddam – 1930 yili Urugvayda bo‘lgan birinchi jahon chempionatida qayd etgan edi.

Eron - AQSh terma jamoalarining o‘zaro uchrashuvlarga e’tibor qaratsak, bu o‘yinga qadar ular tarixda 2 bor to‘qnash kelgan. 1998 yilgi mundial guruh bosqichi ikkinchi turida AQSh forslarga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragan. 2000 yili esa bu jamoalar o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Ushbu bahsga g‘olib nomi aniqlanmadi - 1:1. Shu tariqa, AQSh o‘z tarixida ilk bor Eronni taslim etdi.

Endi AQSh nimchorak finalda Niderlandiya bilan o‘ynaydi. Uchrashuv 3 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi.

 

Uels - Angliya 0:3

Angliya 3-turda Uels bilan kuch sinashdi. Unda nominal mehmonlar 3:0 hisobida zafar quchdi.

Birinchi bo‘limda tomonlar darvozalarga yo‘l topa olmadi, ammo ikkinchi taym boshida "uch sherlar" Reshfordning jarimadan yo‘llagan zarbasi evaziga hisobni ochdi. Chiroyli ijro. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Fil Foden oradagi farqni oshirdi. Himoyachilarning xatosidan so‘ng Xarri Keyn to‘pni olib Fodenga ajoyib tarzda etkazib berdi. U esa darvozani ishg‘ol qildi. Markusning o‘zi 68-daqiqada dublni rasmiylashtirib, inglizlarga yirik hisobdagi g‘alabani taqdim etdi.

Sautgeyt shogirdlari ochkolari sonini 7 taga etkazib oldi va peshqadam sifatida pley-offga yo‘l oldi. So‘nggi pog‘onadagi Uels 1 ochko jamg‘argan.

Xorij nashrlarida yozilishicha, Angliya JChlaridagi gollari sonini 100 taga etkazib olgan. “Uch sherlar” bunday natijaga erishgan tarixdagi 7-terma jamoa bo‘ldi. Avvalroq, yuzlik dovondan Braziliya, Germaniya, Italiya, Argentina, Frantsiya va Ispaniya o‘tgandi.

Angliya terma jamoasi 100 ta to‘p kiritishi uchun 72 ta o‘yin kerak bo‘ldi. 1950 yilgi mundialda Chili darvozasiga urilgan gol ular uchun dastlabkisi sifatida qayd etilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!