
Srechko Katanets: O‘zbekistondan kuchliroq terma jamoa ham bunday maydonda mag‘lub bo‘lishi mumkin
Kecha Jahon chempionati saralashi 1-turidan o‘rin olgan Turkmaniston - O‘zbekiston uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda hamyurtlarimiz 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Birinchi bo‘lim yakunida Turkmaniston terma jamoasining 4-raqamli futbolchisi Meylis Durdiev darvozamizning yaqin burchagini aniq nishonga olib hisobni ochdi.
Ikkinchi bo‘limda vakillarimz ketma-ket hujum uyushtirdi. 57-daqiqada termamiz sardori Eldor Shomurodovning uzatmasidan so‘ng Otabek Shukurov o‘yinda muvozanatni tiklagan bo‘lsa, 77-daqiqada Shukurov dublni rasmiylashtirdi. Bu golga ham Shomurodov assistentlik qildi. Uchrashuv so‘ngida Shukurovning super pasidan keyin Shomurodov ham raqib darvozasini ishg‘ol qildi - 1:3.
Bellashuvdan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets hamda Otabek Shukurov matbuot anjumani ishtirok etdi. Quyida sloveniyalik mutaxassisning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
- Birinchi navbatda hammaga xayrli kech. Biz g‘alabaga loyiq edik. Yigitlarimdan juda xursandman. Ular juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Ushbu bellashuv biz uchun juda muhim edi. Agar biz mazkur uchrashuvda g‘alaba qozonmaganimizda, keyingi bahsda bosim ostida qolardik.
- Birinchi bo‘limda Turkmanistonning darvoza tomon yo‘llangan ilk aniq zarbasi gol bilan yakunlandi. Ikkinchi taymda yaxshiroq ko‘rindik va yana ham ko‘proq gol urishimiz mumkin edi.
- Biz nega g‘alaba qozondik? Sababi, Turkmaniston terma jamoasidan ko‘proq hujum qildik. Kecha o‘yin oldi matbuot anjumanida aytgandim - maydon shunchaki dahshatli. Qanday qilib bu erda futbol o‘ynash mumkin? Turkmaniston terma jamoasi bu erda tez-tez to‘p tepib turadi va ular ayni shu sharoitga moslashgan.
- Bilasizmi, bu maydonda to‘p sekin yuradi. Hatto O‘zbekistondan kuchli terma ham bunday maydonda mag‘lub bo‘lishi mumkin. Agar 2018 yilgi Mundial saralashi haqida gapirsak, ilk o‘yinda termamiz Shimoliy Koreyaga imkoniyatni boy bergan. Qatardagi JCh saralashida ham shu holat Falastin bilan kuzatilgan. Ularning har ikkisida ham maydon sun’iy edi. Biz raqibdan kuchli bo‘lgan holatimizda ham sun’iy maydon sabab mag‘lub bo‘lganmiz. Uchrashuv oldidan yigitlarga biz yaxshiroq ekanligimizni aytdim va buni maydonda isbotlash kerak edi.
Fikrlar