Statistikadagi ustunlik maydonga ham ko‘chadimi? "Lokomotiv"da yo‘qotish, "Paxtakor"dachi?

  • 23 oktabr, 2022, 18:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ertaga Superliganing 23-turida Toshkent derbisini ko‘ramiz. Maydonda “Paxtakor” hamda “Lokomotiv” klublari o‘zaro bellashadilar. Qiziqarli o‘tishi kutilayotgan mazkur bahs oldidan “Paxtakor” matbuot xizmati bir qator ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

“Jamoamiz safida diskvalifikatsiya bilan bog‘liq yo‘qotishlar mavjud emas. Raqibdan esa Xurshid Muxtorov va Jasur Jaloliddinov kartochkalar sababli bahsni o‘tkazib yuboradi.

Chempionatlar tarixida jamoalar jami 37 bor to‘qnash kelishgan. Ularning 23 tasida "Paxtakor" g‘alaba qozongan. 8 bellashuvda durang natija qayd etilib, 6 marta "Lokomotiv" ustun kelgan. Raqib darvozasiga 80 gol urgan "Sherlar" 32 to‘p o‘tkazib yuborishgan. 2020 yil jamoamiz 7:0 hisobida raqib ustidan muvaffaqiyatga erishgan. 2005 yilgi bellashuvda esa Anvar Soliev raqib darvozasiga 5 ta to‘p kiritgan! G‘alabalardan 7 tasi yirik natija bilan erishilgan.

O‘z maydonimizdagi o‘yinlarda ko‘rsatkichlar shunday ko‘rinish olgan: 12 g‘alaba, 3 tadan durang va mag‘lubiyat. Gollar bo‘yicha ustunlik "Paxtakor" foydasiga - 48:20. O‘tgan mavsumda o‘z maydonimizda 2:1 hisobida zafar quchganmiz.

"Paxtakor" va "Lokomotiv" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 24 oktyabr, dushanba kuni soat 18:30 da "Paxtakor" stadionida boshlanadi.

"Paxtakor" stadionida boshlanadigan uchrashuvni kuzatish istagida bo‘lgan ishqibozlar chiptalarni Iticket platformasi orqali xarid qilishlari mumkin”, - deb yozadi “Paxtakor” matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!