
Sulsher Ronaldu sababli juda katta muammoga duch kelmoqda
Ayrim grand klublarda ijrochilar taqchilligi kuzatilayotgan bir paytda, MYu o‘zgacha muammoga duch keldi. Ole-Gunnar Sulsher so‘nggi uchrashuvlarda 3-5-2 sxemasidan foydalanmoqda. Gap shundaki, oldindagi ikki hujumchi o‘rnini Kavani - Ronaldu tandemi to‘ldirgan. Qolganlar esa, turli sabablarga ko‘ra jamoaga keraksiz futbolchiga aylanib qolmoqda.
"Tottenxem"ga qarshi bahsda Sulsherning 3-5-2si qay darajada foyda berganini ko‘rdingiz. Krishtianu gol kiritibgina qolmay, o‘z hisobiga bitta assistni ham yozib qo‘ydi. Edinson Kavani ham jim qarab turmadi. U gol urgani bilan emas, Ronalduga bo‘sh zonalar ochib bergani bilan barchaning e’tiborini tortdi. Krish erkinroq harakat qilsa, yanada xavfli qurolga aylanishini takror va takror isbotlashdan to‘xtamayapti. O‘rinli savol paydo bo‘lishi aniq. Buning nimasi yomon? Gap shundaki, Sulsherning yangi sxemasi sababli "Yunayted"ning bir nechta futbolchisi "o‘yindan tashqari holat"da qolib ketishga majbur bo‘ladi. Ular kim, deysizmi?
Markus Reshford
Yosh futbolchi jarohatidan so‘ng, yana formasini tiklab kelmoqda. So‘nggi 3 o‘yinda ikkita gol urganiga qaramay, u zaxiradan maydonga tushishga birinchi da’vogar, xolos. Murabbiy uni nari borsa, Ronalduning o‘rniga maydonga tushishini ta’minlashi mumkin. Markus, asosan, qanot vingeri sifatida to‘p surgani uchun markazda o‘zini yaxshi his etishi mushkul. Kam o‘yin amaliyoti taqdim etilgani etmagandek, endi o‘zi uchun noqulay pozitsiyada to‘p surishga ham majbur.
Jeydon Sancho
Hozircha, "Manchester Yunayted"ning joriy mavsumdagi "eng omadsiz transferi" nominatsiyasiga asosiy da’vogar. Barcha musobaqalarda 11 o‘yinda ishtirok etganiga qaramay, hali birorta gol yoki assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygani yo‘q. U 3-5-2 sxemasiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Qanotning himoyaga yaqin qismida undan naf yo‘q. Sancho istasa ham pozitsion himoyalanishda jamoasiga yordam bera olmaydi. Markaziy hujum chizig‘i ham unga begona. Jeydon, asosan, 4-3-3 yoki 3-4-3 sxemasida o‘zini suvdagi "baliq"dek his etadi. Soddaroq qilib aytsak, Jeydon murabbiyning yangi sxemasida o‘z o‘rni bo‘lishini umid qilmasa ham bo‘ladi.
Meyson Grinvud
Meyson avvalgi mavsumlar vingerlar taqchilligi chog‘ida markazdan qanotga "surilgan" edi. Keyin yana sof hujumchi sifatida o‘yinlarda ishtirok eta boshladi. Joriy mavsumda allaqachon 4 golni hisobiga yozib qo‘ygan forvard yaxshi sport formasiga kirgan. "Qizil iblislar" akademiyasining so‘nggi 10 yil ichidagi eng yaxshi tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay, hozir unga ham asosiy tarkibda joy yo‘q. Kavani qishda ketmasa, Meyson faoliyatidagi eng katta progress kuzatilishi shart bo‘lgan mavsumni zaxirada o‘tkazib yuborishi mumkin.
Antoni Marsyal
Antoni yaxshi futbolchi. Texnikasi kuchli va o‘yinni yaxshi o‘qiy oladi. Shunga qaramay, ruhiy muammolar oldida frantsuz biroz oqsadi. 100 foiz imkoniyatini namoyish etishi uchun murabbiy unga to‘liq ishonch bildirishi shart. Aks holda, Marsyal o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib boraveradi. Katta ehtimol bilan, qishda u jamoani tark etadi. 5 yil avval sayyoramizning eng iqtidorli yosh futbolchisi sanalgan hujumchiga "Nyukasl" va "Inter" asosiy da’vogar bo‘lib turibdi.
Jessi Lingard
"Vest Xem" safida oddiygina Jessidan, "Lingardino" darajasiga ko‘tarilgan futbolchi hozirgi "Manchester Yunayted"ning asosiy tarkibiga kirishga qiynalmoqda. Sulsher 3-5-2ni targ‘ib etishni boshlasa, Lingard hujum chizig‘ida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan 3 yoki 4-variantga aylanadi. Bu bir mavsum nari borsa, 8-10 ta 90 daqiqa maydonda ko‘rinish beradi, degani. "Bolg‘achilar" safida almashtirib bo‘lmas darajadagi ijrochi maqomiga erishgan Lingard MYuda o‘zini yana baxtsiz his etishni boshlagani aniq. Balki, yozda jamoaga qaytishi noto‘g‘ri qaror bo‘lgandir. Endi buning ahamiyati yo‘q! 3-5-2 sxemasida jamoa mavsum so‘ngiga qadar to‘p sursa, Lingard qishda yana "Vest Xem"ga qaytish haqida bosh qotirishi mumkin.
Pol Pogba
Sulsherning yangi sxemasida Pol Pogba darajasidagi futbolchiga joy yo‘qmi? Aslida, bor. Ammo frantsuzning biroz dangasa ekanligi bois murabbiy MakTominey va Fredni tayanch zonasiga joylashtirishni afzal ko‘rmoqda. Natijada, Pogba qanot yarim himoyachisi ampluasini o‘zlashtirishga majbur. Natijada, amaldagi jahon chempionining maydondagi eng kuchli qurollari (maydonni ko‘ra olishi, kesib tashlanadigan paslar, uzoq masofaga ikkinchi qavatdan etkazib beriladigan to‘plar, qarshi hujum va hujumga markazdan turib temp qo‘sha olishi) o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar Kavani - Ronaldu tandemi ortidagi pleymeyker joyiga o‘tkazishning imkoni yo‘q. U zonaga APLning so‘nggi 2 mavsumidagi eng sermahsul futbolchisi Brunu Fernandesh javob beradi. Pogba noilojlikdan qanot yarim himoyachisi pozitsiyasiga moslashishga majbur. Pol chinakam professional. U yangiliklardan qo‘rqmaydi, ammo Sulsher klub tarixidagi eng qimmat futbolchidan foydalana olmayotgani fakt!
Donni van de Bek
Hech narsa o‘zgargani yo‘q. Sulsherning 3 ta markaziy himoyachi bilan to‘p surishi gollandiyalik yarim himoyachiga hech qanday plyus yoki minus emas. Donni hali-hamon asosiy tarkibda to‘p surishni orzu qilayotgan futbolchilar ro‘yxatini boshqarib turibdi. Katta ehtimol bilan, u bu orzusiga hali beri erisha olmasa kerak.
Bu futbolchilarning deyarli barchasi OleGunnar Sulsherning yangi sxemasidan o‘rin egallashda muammoga duch kelmoqda. Xo‘sh, murabbiy Ronaldu - Kavani tandemi uchun bu ijrochilarni chetga surib qo‘ygani o‘zini oqlaydimi? Voqealar rivojini SPORTS.uz da kuzating!
Fikrlar