
Superliga 8-turning to‘liq tafsilotlari
O‘zbekiston chempionatida 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Etti o‘yinning birortasida mehmonlar g‘alaba nashidasini sura olishmadi. Amaldagi chempion va joriy mavsum peshqadami ochko yo‘qotishdi.
8-turning markaziy uchrashuvi sifatida e’tirof etilgan “Paxtakor”- “Navbahor” bahsidan keyin har ikki jamoa ustozlari hakamlarning xatolaridan nolishdi. O‘FA hakamlar va nazoratchilar departamenti ushbu o‘yinni boshqarib borgan referi Zokir Qodirov va yon hakam Ruslan Samandarov qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganini e’tirof etib, Zokir Qodirovni Superliganing 3 ta o‘yiniga, Ruslan Samandarovni esa nomuayyan muddatga chetlatdi. Bekoboddagi uchrashuvda kamdan-kam kuzatiladigan holat ro‘y berdi. Bosh hakam Aziz Asimov jarohat olgani bois uning o‘rnini Farruh Yansupov egallashiga to‘g‘ri keldi.
SO‘G‘DIYoNA – ANDIJON 2:1
Uchrashuv boshlarida Oybek Qilichev chamasi 25 metrlardan kuchli zarba bilan "So‘g‘diyona" darvozabonining hushyorligini sinab ko‘rdi, lekin noaniq. 23-daqiqada Elyor Orifov jarimadan yo‘llagan to‘pni Ruslan Matniyozov egallab oldi.
O‘yinning uchdan bir qismi o‘tib borayotganda, Siroj Meliev o‘ng qanotdan jarima maydoniga uzatgan to‘p Husinovga tegib darvozaga kirib ketayotganda, Matniyazov ajoyib seyv namoyish etdi. Biroq qaytgan to‘pni Shohruz Norxonov osongina to‘rga qo‘lladi - 1:0.
Taym oxirlarida Norxonovning pasidan keyin Daniel Nasriddinov jarima maydoniga kirib borib gol urdi - 2:0.
68-daqiqada hisob qisqardi. Oybek Qilichev jarima zarbasidan tepgan to‘pni Shirinboy Abdullaev qaytardi, posbonga yaqin joyda turgan Shahboz Ubaydullaev darvozani ishg‘ol qildi - 2:1.
Bellashuvda gol boshqa urilmadi va "So‘g‘diyona" 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Gollar: Shohruz Norxonov 31, Daniel Nasriddinov 42, Shahzodbek Ubaydullaev 68
“So‘g‘diyona”: Shirinboy Abdullaev, Iskandar Shoyqulov, Elyor Orifov, Kaxi Maxaradze, Sanjar Rashidov (Davronbek Umirov, 74), Siroj Meliev (Oybek Nurmatov, 70), Shoxruz Norxonov, Sherzod Shakirov, Daniel Nasriddinov (Nuriddin Hasanov, 81), Nikola Milinkovich, Shahboz Jo‘rabekov.
Zaxira: Milan Mitrovich, Izzatilla Abdullaev, Jamshid Boltaboev, Murod Rajabov, Sahob Rashidov, Dian Talxatov.
“Andijon”: Ruslan Matniyazov, Bobir Amanov, Farhod Mirahmatov (Sardor Sulaymonov, 90), Oybek Qilichev (Abdurahmon Abdulhaqov, 80), Farhod Bekmurotov, Shahzod Ubaydullaev, Ildar Mamatkazin, Shahboz Jumaboev, Asror Gafurov, Abror Husinov, Bobir Akbarov (Doniyor Ismoilov, 46).
Zaxira: Vitaliy Mirniy, Ibrohim Otaxonov, Radosav Aleksich, Usmonali Ismonaliev, Doniyor Abdumannopov, Xushnud Avilov.
Ogohlantirishlar: Daniel Nasriddinov 61, Asror Gafurov 81.
2770 tomoshabin.
Ildar Sakaev: - Bir-biriga o‘xshamagan ikki xil taymlarni o‘tkazdik. Birinchi bo‘limda oddiy xatolarga yo‘l qo‘ydik va ular darvozamiz ishg‘ol etilishiga olib keldi. Tanaffusdan so‘ng esa harakatlarimiz ancha qovushdi. G‘alabaning asosiy tamal toshi – bu himoyadagi mustahkam va ishonchli o‘yindir. Safarda to‘p tepganimiz bois mezbonlar hujumga ko‘proq o‘tishi tayin edi. Biz esa himoyada xato qilmasligimiz lozim edi. Natijaga men javobgarman, shunday ekan bugungi mag‘lubiyatdagi ayb mening zimmamda.
Ulug‘bek Baqoev: - Bugun garchi g‘alabaga erishgan bo‘lsak-da, nimagadir namoyish etayotgan o‘yinimizdan to‘liq qoniqish xosil qilmayapman. Shu sababdan ishlashda, xatolarimizni bartaraf etishda davom etamiz. Keyingi turlarda sifatli, chiroyli o‘yin ko‘rsatishga urinamiz. Bugun maydonda ter to‘kkan yigitlardan minnatdorman.
NASAF – QIZILQUM 1:1
"Nasaf" Qarshida "Qizilqum"ni qabul qildi. Qizg‘in va murosasiz kechishi kutilgan bahs aksi bo‘ldi. Har ikki tomonning noaniq harakatlari bilan boshlangan bellashuvning birinchi taymida xavfli vaziyatlar deyarli sodir etilmadi.
Tanaffusdan so‘ng esa jamoalar o‘yinni ko‘tarinki ruhda boshlashdi. 50-daqiqada mehmonlar tarkibidan Murod Bobojonov hisobni ochdi.
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin qarshiliklar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi va darhol javob berishdi. Bu vaziyatda Humoyun Murtazoev tomonidan kiritilgan gol evaziga hisob 1:1 ko‘rinishga keldi.
Qolgan vaqt mobaynida har ikki jamoa a’zolari harchand urinishmasin, g‘alaba qozonish hech kimga nasib etmadi.
Gollar: Murod Bobojonov 49, Humoyun Murtazoev 51
“Nasaf”: Abduvohid Ne’matov, G‘olib G‘aybullaev, Azizjon G‘aniev, Dilshod Saitov, Humoyun Murtazoev, Doniyor Narzullaev (Oybek Bozorov, 46), Bobir Davlatov (Islom Rashidxonov, 80), Sardor Abduraimov, Islom Kenjaboev (Sharof Muxitdinov, 70), Xurshid Muxtorov, Umarbek Eshmurodov.
Zaxira: Umidjon Ergashev, Sardor Sa’dullayev, Xusniddin Aliqulov, Alisher Yusupov, Akmal Mozgovoy, Xudoyorxon Sag‘dullayev.
“Qizilqum”: Artyom Makosin, Erkin Boydullaev, Murod Bobojonov (Alisher Sanoev, 62), Salim Mustafoev, Eldor Boymatov, Muhsinjon Ubaydullaev, Sherali Jo‘raev, Elguja Grigalashvili (Mirjalol Qosimov, 82), Xurshid Olimov (Humoyun Abdualimov, 86), Maqsud Karimov, Ariagner Smit Medina.
Zaxira: Akmal Rustamov, Azizbek Usmonov, Sardor Jahonov, Suxrob Yarashov.
Ogohlantirishlar: Muhsinjon Ubaydullaev 38, Humoyun Abdualimov 89, Azizjon G‘aniev 90+3, Ariagner Smit Medina 90+5.
14253 tomoshabin.
Hamidjon Aktamov: - O‘yin juda qiziqarli, tomoshabop bo‘ldi. Bir qancha vaziyatlardan foydalana olmadik, aks holda uyga uch ochko bilan ketardik.
«Nasaf» klubi asosan yoshlardan tarkib topgan yaxshi jamoa. Ularning akademiyasiga har doim havas qilganman.
Bu bahsda 2 ochko yo‘qotdik deb o‘ylayman. «Qizilqum» hali inqirozdan chiqib ketmadi, ko‘p ishlashimiz kerak. Himoya sekin-asta yaxshilanib boryapti. Oldin ko‘p xato qilardik, hozir ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘lyapti.
Medina? U hali chempionatimizga moslashib ketolmadi. Kelganiga endi 2 oy bo‘ldi xolos.
«Qizilqum» Superligadagi yoshi eng katta jamoa, uni qachon yashartiraman? Yo‘q, yanglishyapsiz, bu eski statistika. Bu yil tarkib ancha yoshardi.
Ro‘ziqul Berdiev: - Bugun raqib juda yaxshi o‘ynadi. «Qizilqum» bizga imkoniyat bermadi. Ikki ochko yo‘qotdik.
Avvalgi turlarga nisbatan passiv harakat qildik? Buni mavsumdan oldin ham bilganman. Chunki jamoamiz yosh, shu tufayli barqarorlikka erishish qiyin.
Murtazoev hujumda yolg‘izlanib qolyapti? Albatta, ikki forvard bilan harakat qilishimiz mumkin edi. Ammo, Bobir Abdiholiqovning jarohati bor. U safga qaytsa, hujumimiz kuchayadi.
Tajribali futbolchilarni jalb etish? Avvalo, buni amalga oshirish uchun 1-davra tugashi kerak, moliyaviy imkoniyat bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, bu ishni mavsum boshida qilish shart, chunki yangi futbolchilar safimizga moslashib ketishi uchun vaqt talab etiladi.
Azizjon G‘anievning o‘yini? Jarohatidan so‘ng hali avvalgi darajasiga chiqolmadi. Chunki u 6 oy futbol o‘ynamadi, bu tabiiy hol.
Kenjaboevni Messiga qiyoslashgan edi, ammo uning o‘yini pasaydi? Bilmadim, bizda Messi darajasidagi futbolchi yo‘q, u bilan taqqoslash noo‘rin. Oxirgi turlarda Islom yaxshi harakat qildi, bugun esa darvozadan sal uzoqroqda o‘ynadi, shu tufayli uni almashtirdim.
DINAMO – AGMK 1:0
Samarqandda AGMK jamoasini qabul qilgan mezbonlar g‘alaba qozonib, 3-o‘ringa ko‘tarilishdi.
Dastlabki taymda o‘yin nazorati “Dinamo” qo‘l ostida bo‘lsa-da, maydon egalari qator golli vaziyatlardan foydalana olishmadi. Tanaffusgacha Davron Fayziev shogirdlarida ham, Mirjalol Qosimov jamoasida ham hisobni ochish imkoniyati bor edi.
Ikkinchi bo‘limda Sardor Eminovning ajoyib pasidan so‘ng Shohruh Abdurahmonov chiroyli goli bilan hisobni ochdi.
Bahs erta o‘tkazilganligi uchun issiq ob-havoda to‘p tepish futbolchilarga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Natijada qolgan vaqt mobaynida o‘yinchilar shiddatliroq harakat qila olishmadi va Shohruh Abdurahmonovning goli yagonaligicha qoldi.
Gol: Shohruh Abdurahmonov 48
“Dinamo”: Botirali Ergashev, Mirkomil Loqaev, Hakimxon A’lamxonov, Jasur Azimov, Qadamboy Nurmetov (Amirjon Safarov, 66), Bobur Qosimov, Abbos Shodmonov (Vohid Shodiev, 73), Sardorbek Eminov (Damir Temirov, 90), Jasurbek O‘rinov, Ixtiyor Toshpo‘latov, Shohruh Abdurahmonov.
Zaxira:
AGMK: Nizomiddin Ziyovutdinov, Dilshod Jo‘raev, Zafar Polvonov, Murodjon Toshmatov, Mirg‘iyos Sulaymonov, G‘ulom Haydar G‘ulomov, Mirolyub Kostich (Jasur Hasanov, 55), Saydullo Rahmatov, Sardor Rahmonov (Shahzodbek Nurmatov, 60), Boburbek Yuldashev (Sherzod Fayziev, 68), Kamron Saidazimov.
Zaxira: Akbar To‘raev, Mirjamol Qosimov, San’at Shixov, Shohnazar Norbekov, Jasurbek Hakimov, Shahboz Umarov.
Ogohlantirishlar: Saydullo Rahmatov 20, Vohid Shodiev 90+2
7772 tomoshabin.
Mirjalol Qosimov: - Ob-havoning issiqligiga qaramay, birinchi taymda ancha jonli uchrashuv guvohiga aylandik. “Dinamo” ham, AGMK ham muxlislar kutgan o‘yinni ko‘rsatishga intildi. Afsuski, yana yo‘q joydan darvozamiz oldida to‘pni yo‘qotdik va gol urildi. Yakunda mezbonlar himoyada yaxshi o‘ynashdi va g‘alabani saqlab qolishdi.
Avvalgi turda “Surxon”ga qarshi harakat qilgan tarkib, yomon o‘yin ko‘rsatmagani uchun rotatsiya qilib, ushbu tarkibga ishonch bildirgandim. Jasur Hasanovni ikkinchi bo‘limda maydonga tushirishni rejalashtirgandim. Qolaversa, kutilmaganda Boburbek Yuldashev almashtirishni so‘rab qoldi, aks holda San’at Shixov bellashuvga qo‘shilardi.
Samarqandga faqat g‘alaba uchun kelgandik. Ammo futbol shundayki, kim xato qilsa va bundan qaysi jamoa unumli foydalansa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Shuning uchun yosh bolalarga xos xatolarga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Vazifalarimiz o‘zgarmadi. Maqsadimiz har o‘yinda chiqib chiroyli o‘yin bilan g‘alaba qozonish.
Davron Fayziev: - Avvalo, barchani Ramazon oyi va “9 may - Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan tabriklayman.
Uchrashuv kurashlarga boy va tengkurashlar ostida o‘tdi. Birinchi taymda issiq havo ikki jamoaga ham ta’sir qildi. Tanaffusdan so‘ng esa natija uchun o‘ynadik. AGMKga hurmatni saqlagan holda aytishim mumkinki, “Dinamo” g‘alabaga haqli edi, deb o‘ylayman. Ya’ni, o‘yin va vaziyatlar borasida ustunlikka erishdik. Turnir jadvalida yuqorilagansak-da, jo‘jani kuzda sanaymiz. Natijalar tasodifan qo‘lga kiritilmayotganini isbotlashimiz lozim. Quvonarlisi, mavsum boshlanish arafasida “Dinamo” haqida salbiy fikrlar yangrayotgandi, bugunga kelib futbol ommasining fikrini o‘zgartira oldik. Biz haqimizda ijobiy gaplar aytilayapti.
Futbolchilarimni juda yaxshi bilaman. G‘alabalar ketidan yigitlarning oyog‘i erdan uzilishiga yo‘l qo‘ymayman. Ularga doim uqtirib kelaman, kim edingu, kim bo‘lding, oldinga har bir qadam qo‘yganingda, kechagi kuningni esla deb. Agar biror futbolchimni osmonda yurganligini ko‘rsam, demak u tezda jamoadagi o‘rnini yo‘qotadi. O‘yinchining o‘zgarishini mashg‘ulotdagi harakati, ko‘chadagi yurishi, salomlashishidan sezsa bo‘ladi. Shu bois, shogirdlarimdan doim oddiylikni so‘rayman. “Dinamo”da o‘yin taqdirini bir o‘zi hal qiladigan yulduz yo‘q, ammo mehnatkash jamoa bor. Biz mana shu qora mehnatimiz evaziga o‘ynashda davom etamiz.
PAXTAKOR – NAVBAHOR 2:2
"Paxtakor" Toshkentda muhim ochkolarni yo‘qotdi.
"Navbahor" bilan uchrashuvning ilk bo‘limida to‘liq ustunlik “Paxtakor” jamoasi tarafida bo‘ldi. 20-daqiqada Dragan Cheran boshi bilan aniq zarba berib hisobni ochdi. Bu vaziyatda unga to‘pni Farruh Sayfiev aniq etkazib bergandi. Bo‘lim oxirigacha Cheran va Masharipovning xavfli urinishlari yodda qoldi.
53-daqiqada “paxtakorchilar”ning navbatdagi hujumlaridan birida Dostonbek Hamdamov jarima maydonchasi ichiga yorib kirayotgan paytda himoyachilar to‘pni qaytarishdi va Hamdamov yiqildi. Bosh hakami Zokir Qodirov o‘sha vaziyatda mezbonlar futbolchisiga nisbatan qo‘pollik ishlatilgan deb topdi hamda namanganliklar darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Penaltini Dragan Cheran aniq amalga oshirib, dublini nishonladi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Oston O‘runov farqni kichik ko‘rinishga keltirdi. Abbos G‘ulomov chap qanotdan oshirgan to‘pni Oston O‘runov kuchli zarb bilan darvozaga aniq yo‘lladi.
82-daqiqada “lochinlar” muvozanatni tiklashdi. Oston O‘runov o‘ng qanotdan mezbonlarning 2 nafar futbolchisii aldab, to‘pni jarima maydonchasi ichida qulay vaziyatda turgan Abdujamol Isroilovga oshirdi. Isroilov esa boshi bilan Sanjar Quvvatov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi.
Keyinroq bahsli vaziyatlar yuzaga keldi. Ulardan birida “Paxtakor” vakillari to‘pni yon chiziqdan o‘yinga kiritgan holatda yordamchi hakam ofsayd deya bayroq ko‘tarishi uning saviyasi qay darajada ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Oxirgi daqiqalarda o‘yin tizgini referilar tomonidan qo‘ldan chiqarib yuborildi.
Ma’lumot o‘rnida, "Paxtakor" – "Navbahor" uchrashuvi O‘FA hakamlar va nazoratchilar departamenti xodimlari hamda mutaxassislar ishtirokida tahlil qilindi. Unga ko‘ra o‘yinni boshqarib borgan referi Zokir Qodirov va yon hakam Ruslan Samandarov qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi va ular Superliga bahslaridan chetlatildi. Jumladan, bosh hakam Zokir Qodirov 3 ta o‘yinga, yon tomondagi referi Ruslan Samandarov esa nomuayyan muddatga chetlatildi.
Gollar: Dragan Cheran 20, penalti 53, Oston O‘runov 59, Abdujamol Isroilov 82
“Paxtakor”: Sanjar Quvvatov, Hojiakbar Alijonov, Jaloliddin Masharipov, Dragan Cheran, Egor Krimets, Dostonbek Hamdamov, Odiljon Hamrobekov, Marat Bikmaev (Igor Sergeev, 75), Sardor Sobirxo‘jaev, Farruh Sayfiev, Marko Simich.
Zaxira: Eldor Suyunov, Akramjon Komilov, Alisher Salimov, Jahongir Ahmadov, Shohruh Mahmudhojiev, Sherzod A’zamov, Vladimir Kozak, Sobit Sindarov.
“Navbahor”: O‘tkir Yusupov, Slavko Lukich (Obid Jo‘raboev, 42, Shahzod Shaymanov 90+2), Oston O‘runov, Azim Ahmedov, Ivan Solovyov, Aleksandr Kasyan, Mirzohid G‘ofurov, Igor Golban, Abdujamol Isroilov, Jahongir Mehmonov, Abbos G‘ulomov (Aziz Ibragimov, 78).
Zaxira: Dilshod Hamroev, Mirzohid Mamatxonov, Bahodir Nasimov, Hojiakbar Yunusov, G‘iyosjon Komilov, Zafar To‘raev.
Ogohlantirishlar: Slavko Lukich 29, Aleksandr Kasyan 36, Abdujamol Isroilov 45, Ivan Solovyov 49, Egor Krimets 62, Farruh Sayfiev 68, O‘tkir Yusupov 90+4, Hojiakbar Alijonov 90+5, Mirzohid G‘ofurov 90+5.
11727 tomoshabin.
Andrey Kanchelskis: - Jamoamning ko‘rsatgan o‘yini va uchrashuvga bo‘lgan munosabatidan ko‘nglim to‘ldi. "Paxtakor" bilan bahsda ikkita to‘p farqini yo‘qqa chiqarish qadri baland. Futbolchilarga qoyil. "Navbahor" ikkinchi taymda kichik mo‘’jiza sodir etdi. Dastlabki 45 daqiqalikda shogirdlarim asabiylashishdi. Turnir jadvalidagi holat ham bellashuv ahamiyatini oshirib yuborgandi. Shuning uchun ba’zi futbolchilar bahsga keragidan ortiq tayyorlanib yuborishgani tufayli harakatlari qovushmadi. Tanaffusdan keyin jamoa o‘ziga keldi va xarakter namoyish etdi.
Mavsumni daydilarga o‘xshab boshlagandik. Shaharma-shahar yurib, goh Toshkentda, ba’zan Farg‘onada to‘p tepdik. O‘zimizning maydon, stadion etishmayotgandi. Uyga qaytganimizdan keyin jamoamizdagi muhit va o‘yin barqarorlashdi. Bu esa natijani yaxshilamoqda.
Men hamma narsani tushunaman. Lekin birinchi bo‘limda hakamlarning "Paxtakor"ga yordam berishi, bilmadim, agarda mezbonlarga referilar ham ko‘maklashishsa, unda ular bilan kurashish yanada qiyinlashadi. Birinchi bo‘limda maydon egalariga birorta ham ogohlantirish ko‘rsatmay, bizga 3-4 ta sariq kartochka berildi. Aslida esa raqib tashkil etilayotgan hujumlarimizni to‘xtatib qolgan vaziyatlar kuzatilgandi.
Lukich bugungi o‘yinga kirishib keta olmadi. Barchada bu kabi holat ruy beradi. Kamiga ogohlantirildi. Shu boisdan uni almashtirdim. Raqib ham aynan o‘ng qanot himoyamizdan ko‘proq hujumga o‘tib, o‘sha erda ustunlikka erishdi. Gol Lukichning hududidan yuzaga keldi.
Shota Arveladze: - Qiziqarli to‘qnashuv yuzaga keldi. Azart, keskinlik va shiddat yuqori bo‘ldi. Chempionat etakchilari bellashdi, vaziyatlar, sariq kartochkalar va gollar. Bu hafta nafaqat "Paxtakor" uchun, balki "Barselona" va "Ayaks" uchun EChLda alamli voqealar sodir etildi. Albatta, bu achinarli. Alam qilgani shuki, raqibda deyarli yuz foizlik vaziyat yuzaga kelmadi. Hisob 2:0ga aylangach jamoa bo‘shashdi.
"Navbahor"ni qo‘llash uchun kelgan namanganlik muxlislarni ham alohida e’tirof etish lozim. Ular o‘yin oxirigacha o‘z suyuklilarini tinimsiz olqishlab turishdi.
Joriy mavsumda ilk bor g‘alabani qo‘ldan chiqarganimizga asosiy sabablardan biri, bu raqibning munosib qarshiligi. Shuningdek, juda erta bo‘shashib, o‘yin tizgini qo‘ldan chiqardik. Natijaga o‘ynashni boshlab yuborgach, ko‘proq himoyaga e’tibor qaratdik. "Navbahor" esa birinchi golni urib olgach tezda o‘yinga qaytdi. Balki jamoamizga qiyin rejim ham halaqit qilgandir. Chunki har 4-5 kunda maydonga tushmoqdamiz. Shunga qaramay yuqori darajada to‘p tepayotgan jamoamizni maqtab qo‘ymoqchiman. Bu oson emas.
Bir narsani tushunmayman, nega hakamning xushtagidan keyin to‘pni tepib yuborgan futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatilsa, muxlislar uni so‘kishadi? Futbol maktabidagi yosh o‘quvchi ham shunday holat ruy bersa, unda bu sariq kartochka ekanligini biladi. To‘pni yon chiziqdan o‘yinga kiritsak kimdir xato qiladi. Autdan offsayd. Lekin biz bunday holatda hakamni jo‘r bo‘lib haqorat qilmayapmizku. Hamma adashadi, xato qiladi.
Men o‘z vaqtida barcha joylarda sifatli maydonlar bo‘lishi kerak deganimda balki kulganlar bo‘lgandir, ammo joriy mavsumdan vaziyat yaxshilandi. Boshqacha yo‘l bilan futbol o‘ynash qiyin. Yuqori darajadagi sifatli futbolni aynan mana shunday maydonda namoyish etiladi. Boshqasi esa asfaltda, ko‘chada yoki zalda o‘ynaladi. Jahon chempionati va Olimpiadaga chiqishni istaymiz. Buning uchun ishlar shu yo‘sinda davom etmog‘i lozim.
Durangni g‘alabadek nishonlash aslida bu bizga berilgan baho. "Navbahor" xarakter ko‘rsatgani alohida e’tirofga loyiq. Katta tashabbusga egalik qilib, yakunda buni boy berdik. "Paxtakor" bugun 2 ochko yo‘qotdi, "Navbahor" esa 1 ochko qo‘lga kiritdi.
“BUNYoDKOR”– “QO‘QON-1912”2:1
“Qo‘qon-1912” jamoasi ushbu mavsumda ikkinchi marta Toshkent shahridagi TTYMI stadionida mehmon bo‘lishdi. Mazkur o‘yingohdagi birinchi uchrashuv chempionat startidagi bahsga to‘g‘ri kelgandi. O‘sha bellashuvda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushgan qo‘qonliklar durang natijani qayd etishgandi.
Bellashuvni “Bunyodkor” ancha faol boshlashdi. 13-daqiqada maydon egalari penalti tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Ushbu vaziyatda mehmonlar jarima maydoni ichida Jasur Jaloliddinovga qarshi qo‘pollik ishlatishdi. Bosh hakam ikkilanmay 11 metrli nuqtaga ishora qildi. Undan esa Xurshid G‘iyosov samarali foydalandi.
Ikkinchi taym maydonga No‘’mon Hasanov shogirdlari o‘zgacha kayfiyatda chiqishdi. Avvaliga Berdievning yo‘llagan to‘pni himoyachilar qaytarishdi. Keyinroq Mirahmadov juda qulay imkoniyatni ko‘kka sovurdi. 64-daqiqada mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Quvondiq Ro‘ziev qanotdan oshirib berilgan to‘pni Suhrob Berdiev darvozasiga joyladi.
Bahs tugashiga 5 daqiqa qolganida “qaldirg‘ochlar” g‘alaba golini urishdi. Vadim Abramov jamoasi yana penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Bu safar mezbonlar vakilini darvozabon qo‘pollik bilan to‘xtatib qoldi. 11 metrdan Xurshid G‘iyosov muvaffaqiyatga erishdi va dublni rasmiylashtirdi.
Gollar: Xurshid G‘iyosov penalti 13, penalti 85, Suhrob Berdiev 64
“Bunyodkor”: Abdumavlon Abdujalilov, Islomjon Qobilov, Anvar G‘ofurov, Dilshodbek Ahmadaliev, Jasur Jaloliddinov (Suhrob Izzatov, 82), Xurshid G‘iyosov, Javohir Qahramonov (Ulug‘bek Abdullaev, 62), Lutfulla To‘raev, Mirjahon Mirahmadov (Vladislav Nuriev, 70), Sanjar Qodirqulov, Nurillo To‘xtasinov.
Zaxira: Murodjon Zuxurov, Sergey Proxorov, Bobur Farhodov, Sanjar Rixsiboev, Abdulla Abdullaev, Muhammadodil Qahramonov.
“Qo‘qon-1912”: Boyan Knejevich, Jamshid Hasanov (Behruz Sa’dilloev, 53), Muhammadanas Hasanov (Javohir Esonqulov, 43), Quvondiq Ro‘ziev, Oybek Rustamov, Suhrob Berdiev, Iqbol Malikjonov (Jasur Hasanov, 86), Shahboz Erkinov, Aleksandr Merzlyakov, Marko Milich, Murod Xolmuhammedov.
Zaxira: Islom Abdullaev, Sarvar Karimov, Timur Hakimov, Avaz Mamatxo‘jaev, Timur Usmonov, Milosh Nikolich.
Ogohlantirishlar: Abdumavlon Abdujalilov 33, Muhammadanas Hasanov 40, Islomjon Qobilov 73, Nurillo To‘xtasinov 76, Jasur Hasanov 88, Xurshid G‘iyosov 90+3, Suhrob Izzatov 90+5.
3284 tomoshabin.
Vitaliy Ni (“Qo‘qon-1912” jamoasi vitse-prezidenti): - Biz har bir o‘yinda g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz. Bugungi bahsda ham shuni maqsad qilgandik. Ikkinchi taymda raqibdan yaxshi harakat qildik. Ammo bu futbol, unda shunday mag‘lubiyatlar uchrab turadi. Hisob tenglashganida bir qator vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Agar ularning bittasida samara keltirganimizda ham bugun uch ochkoga ega chiqardik. Endi keyingi turga xatolardan xulosa chiqargan holda tayyorgarlik ko‘ramiz.
Bugun bizni butun uchrashuv davomida tinimsiz qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorchilik izhor etamiz.
Vadim Abramov: - Odatdagidek birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik va doimgidek ikkinchi taymni ko‘ngildagidek boshlay olmadik. Natijada darvozamiz ishg‘ol etildi. Goldan keyin biroz asabiylashdik. Lekin natijani o‘zimiz tomonga o‘zgartirib, g‘alaba qozondik. Maydonda borlarini berib harakat qilishgani uchun yigitlardan minnatdorman.
«Qo‘qon-1912» yaxshi jamoa. Bugun teng kuchga ega raqiblar to‘qnashdi. Garchi biz g‘alaba qozongan bo‘lsak-da, mehmonlardan o‘yin borasida ustunlik qildik, deya olmayman. Balki «Qo‘qon-1912»ga hali ham o‘z uyida to‘p tepmayotganligi uchun jamoaga ruhiy tomondan ta’sir qilayotgandir?!
“SURXON” — “BUXORO” 1:0
O‘yinning 20-daqiqasida jarima zarbasi amalga oshirildi va Husniddin G‘ofurov mehmonlar darvozasini ishg‘ol qildi - 1:0.
49-daqiqada A’zam Alievning kuchli zarbasi juda xavfli chiqdi. Ammo darvoza ishg‘ol etilmadi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Rahmatullo Berdimurodov yo‘llagan to‘p noaniq ketdi.
Uchrashuvning uchdan ikki qismi ortda qolganda, Firdavs Asadov hisobni tenglashtirishi mumkin edi. Biroq Asilbek Amanov to‘pni qaytardi.
Bahs oxirlarida Abror Ismoilov birga-bir vaziyatdan foydalana olmadi.
Gol: Husniddin G‘ofurov 23
“Surxon”: Asilbek Amanov, Abduqahhor Hojiakbarov, Ayubxon No‘’monov (Abbosbek Maxstaliev, 67), Rahmatullo Berdimurodov, Shavkat Salomov, Abdul Aziz Yusupov (Sherzod Hakimov, 63), Abror Ismoilov, Vladimir Bubanya, Husniddin G‘ofurov, A’zam Aliev (Suhrob Ne’matov, 74), Darko Stanoevich.
Zaxira: Sardor Qobuljonov, Najmiddin Normurodov, Ravshan Xursanov, Ubaydullo Xoliqulov, Mirzakamol Kamolov, Sarvar Soliev.
“Buxoro”: Xurshid Xo‘jaev, Ivan Fatich (Ivan Nagaev, 61), Azamat Isroilov, Asadbek Sobirjonov (Mirjalol Jumaev, 18), Firdavs Asadov, Jamoliddin Ubaydulloev, Rabbim Hasanov (Akram Bahritdinov, 40), Vladimir Baenko, Jahongir Abdumo‘minov, Artyom Kulesha, Doston Ibragimov.
Zaxira: Nodir Ashurmatov, Salamat Qutiboev, Akobir To‘raev, Behruz Shodmonov, Tohir Shamsiddinov, Anvar Jo‘raev.
Ogohlantirishlar: Asadbek Sobirjonov 5, Jamoliddin Ubaydulloev 8, Ivan Fatich 36, Vladimir Baenko 51, Jahongir Abdumo‘minov 54, Abdul Aziz Yusupov 61, Sherzod Hakimov 85.
5420 tomoshabin.
Baxtiyor Ashurmatov: - “Surxon” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi bahs tengkurashlar ostida kechdi. Birinchi bo‘limni “Surxon” ancha faol tarzda o‘tkazdi. Ikkinchi taymda esa shogirdlarim o‘z o‘yinini topib olishdi, yaxshi harakat qilishdi. Lekin yaratilgan qulay imkoniyatlar ko‘kka sovurildi.
Oxirgi uchrashuvlardagi salbiy natijalardagi aybni murabbiy sifatida zimmamga olaman. Endi rahbariyat bilan mening va jamoaning kelajagi haqida gaplashamiz. Balkim jamoada o‘zgarish qilish “Buxoro” uchun foydali bo‘lar.
Andrey Miklyaev: - Anchagina qiyin va biroz asabiy o‘yin bo‘ldi. Eng muhimi –juda qimmatli bo‘lgan 3 ochkoga ega chiqqanimizdan juda ham mamnunman. Bellashuv qiyin o‘tgani sabab o‘zimiz o‘ylagan barcha rejalarni va harakatlarni amalga oshira olmadik. Shu jihatdan biroz ko‘ngil to‘lmadi. Lekin baribir g‘alaba qo‘lga kiritilgani kishini xursand etadi.
“METALLURG” — “LOKOMOTIV” 0:0
“Paxtakor”ning ochko yo‘qotishidan foydalanib, “Lokomotiv” hamshahariga etib olishi mumkin edi. Ammo bunga “Metallurg” yo‘l qo‘ymadi.
Bahs boshlarida Muzaffar Muzaffarovning kuchli zarbasi xavfli chiqdi. 17-daqiqada Islombek Isoqjonov yo‘llagan to‘p ustunga tegib qaytdi.
Kurashlarga boy o‘tayotgan o‘yinning 33-daqiqasida Husniddin G‘ofurov chetlatildi. U to‘p uchun havodagi kurashda raqibiga qo‘pollik ishlatdi.
Taym oxirida Islombek Isoqjonovning jarimadan yo‘llagan zarbasini Ilyosov qaytardi. Keyin esa Temurxo‘ja Abduxoliqov boshi bilan yo‘llagan zarbasi noaniq chiqdi.
Ikkinchi taym boshida futbolda kamdan-kam uchraydigan holat yuz berdi. Bosh hakam Aziz Asimov jarohat olgani bois uning o‘rnini Farruh Yansupov egalladi.
85-daqiqada Bahodir Pardaev darvozani ishg‘ol qildi. Ammo qanot hakami o‘yindan tashqari holatni qayd etib, golni inobatga olmadi.
Shu tariqa, bir necha bor to‘sin va ustun nishonga olingan bahsda g‘olib nomi aniqlanmadi.
“Metallurg”: Aleksandr Lobanov, Abbos Otaxonov, Islombek Isoqjonov, Bahrom Abdurahimov, Zohid Abdullaev, Muzaffar Muzaffarov (Ibrohim Yo‘ldoshev, 46), Shavkat Mullajonov, Kamoliddin Tojiev, Stanislav Andreev (Bahodir Pardaev, 62), Akbar Ismatullaev, Sergey Tumasyan (Suhrob Nurulloev, 57).
Zaxira: Zafar Safaev, Doniyor Usmonov, Xudoyshukur Sattorov, Shahzod G‘ofurbekov, Odilbek Abdumajidov, Muhammad Isaev.
“Lokomotiv”: Javohir Ilyosov, Anzur Ismoilov, Azizbek Haydarov (Diyorjon Turopov, 86), Jamshid Iskanderov (Azizbek Amonov, 46), Temurxo‘ja Abduxoliqov (Filipp Raevats, 68), Husniddin G‘ofurov, Islom To‘xtaxo‘jaev, Yovan Jokich, Davronbek Hoshimov, Oleg Zoteev, Arslanmurat Amanov.
Zaxira: Ma’mur Ikromov, Sardor Mirzaev, Avazbek O‘lmasaliev, Shuhrat Muhammadiev, Bobur Ergashev, Igor Yelich.
Ogohlantirishlar: Oleg Zoteev 25, Muzaffar Muzaffarov 36, Ibrohim Yo‘ldoshev 50.
Chetlatish: Husniddin G‘ofurov 33.
6532 tomoshabin.
Andrey Fyodorov: - Kutganimizdek, uchrashuv ancha qiyin o‘tdi. Bundan oldin Chempionlar ligasi doirasida bahs o‘tkazganimizning ta’siri ham biroz sezildi. Parvoz va ob-havo ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi bellashuvga tanlagan taktikamiz o‘zini to‘la oqlashi uchun bizga raqib darvozasining ishg‘ol etilishi etishmadi. Juda ko‘p yaratilgan qulay imkoniyatlar ko‘kka sovurildi. Agar shu vaziyatlardan birortasini ijobiy yakunlaganimizda, bizga biroz osonlashardi.
Andrey Shipilov: - Bugungi kundagi eng yaxshi jamoa bilan bahs olib bordik. Ayni paytda terma jamoamizning o‘zagini tashkil etuvchi futbolchilardan iborat mazkur klubning barcha kuchli taraflarini bilar edik. O‘yin bo‘yicha esa biz bugun 3 ochkoga mos harakat qilmadik. Afsuski, barcha ijobiy jihatlarimizni namoyish etolmadik. Qayd etilgan natija adolatli, deb o‘ylayman. Aksariyat hollarda raqib bir o‘yinchi kam ekani umuman bilinmadi. “Lokomotiv” futbolchilari ancha erkin tarzda to‘p tepishdi. Bizning o‘yinimiz esa unchalik yaxshi chiqmadi. Buning sabablarini tahlil qilamiz va xatolarni tuzatish ustida ishlaymiz.
Fikrlar