
Superliga futbolga xavf solmoqda
Bartomeu yangi musobaqa haqida fikr bildirganda, ko‘plab muxlislar uchun bu fantastik filmdagi voqeani eslatib yuborgan edi. Oradan ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, grand klublar bu g‘oyani amalga oshirishga tobora yaqinlashib kelmoqda.
Yaqinda Angliyaning «The Times» nashri yangi musobaqa va uning reglamenti borasida ma’lumot berib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu turnirda ishtirok etgani uchun klublarga 350 million evrodan pul ajratiladi. Bu ichki chempionat va EChLni qo‘lga kiritishdan kelib tushadigan mablag‘dan bir necha o‘n barobar katta summa. Shu bois, allaqachon bir nechta grandlar turnirda ishtirok etish istagi bilan chiqqan. Musobaqa tashkilotchilari esa, 18 varaqdan iborat kattagina reglamentni ham ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, turnirda 20 ta klub ishtirok etadi. Ulardan 15 tasi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmagan ega bo‘lsa, qolgan 5 tasi saralash orqali aniqlanadi. Angliya klublari orasida birinchilardan bo‘lib «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Arsenal» va «Tottenxem» jamoalari musobaqa ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, «Milan» va «Real»ning musobaqada ishtirok etishi ham aniq bo‘lib ulgurgan.
«The Times» nashri ma’lumotni e’lon qilgan kuni FIFA va UEFA rasman bu musobaqaga qarshi ekanligini e’lon qildi. Shuningdek, yana 5 ta konfederatsiya ham Superliganing tashkil etilishiga rozi emasligini ma’lum qildi. Futbol olamining deyarli barcha rahbarlari bunday eksperimentga qarshi. Tomonlar o‘rtasidagi «olov» tobora avj olib bormoqda.
FIFA, UEFA va shuningdek, 6 ta futbol konfederatsiyasi rahbarlari birgalikda Superliga uchun og‘ir zarba berdi. Unga ko‘ra, Superliga tashkil etilsa, uni FIFA va UEFA rasman tan olmaydi. Shuningdek, yangi turnirda ishtirok etgan barcha futbolchilar FIFA va UEFAning boshqa musobaqalarida ishtirok etish huquqidan ayriladi.
FIFA o‘z rasmiy saytida futbolni rivojlantirish uchun ulkan hajmdagi ishlarni olib borganini ta’kidlab o‘tar ekan, printsiplarga sodiq qolish orqali ushbu sport turini sayyoradagi birinchi raqamliga aylantirganini qo‘shib qo‘ydi.
Bundan avvalroq esa, UEFA rahbari - Aleksander Cheferin Superligani keskin tanqid qildi va bosh tashkilotchi sifatida Florentino Peresni ko‘rsatdi.
«Florentino 30 yildan beri Superligani tashkil etish orzusida yuribdi. U futbolni to‘liq jozibadan va hayajondan ayirmoqchi. Uning uchun klub keltiradigan daromad hammasidan muhim. Peres futbol uchun begona shaxs. U biznesmen. Shu bois, unga foydaning qanday yo‘l bilan kelishining qizig‘i yo‘q. Agar ushbu g‘oya ro‘yobga chiqsa, nafaqat UEFA, balki Evropadagi barcha ichki birinchiliklar dahshatli ahvolda qoladi. 20 ta klub o‘z byudjetiga kelib tushadigan pullar uchun butun boshli Evropa futbolini ostin-ustun qilib yuborishi hech gap emas».
Darhaqiqat, Bartomeu aytgan so‘zlar o‘zini oqlamoqda. 2020 yilning 26 oktyabr sanasida, sobiq prezident «Barselona» yangi musobaqada ishtirok etadi va bu klub uchun katta daromad olib keladi, degan edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Florentino Peres Bartomeuni ham loyihada ishtirok etishga ko‘ndirgan. O‘z navbatida, «Barsa» ham bu qozonda birga qaynashga rozi. Aslida, bu proekt kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. Evropaning grand klubi egalari bir necha yillardan beri shu haqida bosh qotirib kelmoqda. 2018 yilda «Football Leakes» nashri shu mavzu haqida kattagina maqola e’lon qilgan edi. O‘sha maqolada turnirda «Arsenal», «Yuventus», PSJ, «Bavariya» singari grandlar ishtirok etishi aniq bo‘lib ulgurgani haqida ma’lumotlar mavjud. Bu musobaqani tashkil etish maqsadida, klublar 2021 yilning so‘nggida UEFAning tasarrufidan chiqishi va o‘z shaxsiy loyihasini yo‘lga qo‘yishi haqida yozilgan edi.
Pandemiya sababli, grandlar ancha qiyin ahvolga tushib qoldi. Moliyaviy cheklovlar va muxlislarsiz qolib ketgan stadionlar bois, bu proektga bo‘lgan talab keskin oshib ketdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 2022 yildan ushbu musobaqaga start beriladi. Turnirni tashkil etish maqsadida, J.P. Morgan bankidan 4,6 milliard funt kredit olish ko‘zda tutilgan. Pul ajratayotgan bank kelajakda teletranslyatsiyalardan kelib tushadigan pullardan ulkan foyda ko‘rishiga ishonmoqda. Shu bois, 4,6 milliard funt ajratishga tayyor. Endilikda, klublar Evropa chempionlar ligasidan voz kechishi, biroq chempionatdagi faoliyatini davom ettirishi lozim. Ana shunda, musobaqa ishtirokchilari o‘yinlar oralig‘ida bo‘sh qolib ketmaydi. Ro‘yxatdan o‘rin egallashi kutilayotgan 20 ta jamoaning EChLni tark etishi, UEFA uchun o‘nglanib bo‘lmas zarbaga aylanishi hech gap emas. Klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir bir kunda o‘z qiymatini yo‘qotish arafasida turibdi.
Ya.U
Fikrlar