Superligadagi tanaffusdan kim qanday foydalanmoqchi? Yoxud klublarimizning rejalarini bilasizmi?

  • 4 oktabr, 2021, 19:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

FIFA kunlari boshlangani bois chempionatlarda tanaffus e’lon qilindi. Shu jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini boshladi. Srechko Katanets ustozligidagi bosh jamoamiz Iordaniyada tayyorgarlik rejasini olib boradi va u erda mezbonlarga hamda Malayziyaga qarshi o‘ynaydi. Bu vaqt davomida esa, Superliga klublari nima qiladi? Tabiiyki, o‘z rejalariga binoan navbatdagi – 22-turga hozirlik ko‘radilar. Mazkur maqola orqali klublarimizning tayyorgarlik rejalariga oydinlik kiritamiz.

Tecno

“Paxtakor”

“Paxtakor” vodiyga ikki marta safar uyushtirib, har ikkalasidan ham quruq qo‘l bilan qaytishga majbur bo‘ldi. Avvaliga “Andijon”dan, so‘ngra “Qo‘qon-1912”dan mag‘lubiyatga uchradi. O‘rtada esa vodiyning yana bir klubi – “Turon”ni o‘z uyida mag‘lub etdi. Chempion jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasiga birin-ketin vodiyda barham berilgani e’tiborga molik. Balki “Paxtakor” futbolchilari ta’qibchilaridan ancha ilgarilab ketgani uchun chempionlikka erishdik, deya xotirjam bo‘lib qolgandir. Lekin bosh murabbiy Piter Xyuistra jamoasini tezroq o‘ziga keltirmasa bo‘lmaydi. Balki yuzaga kelgan tanaffus ularga asqotishi mumkin. Klub matbuot xizmatining Sports.uzga ma’lum qilishicha, jamoa a’zolari ikki kunlik hordiqdan so‘ng, 4 oktyabr, ya’ni, bugundan yana mashg‘ulotlarga kirishgan. Ha, demak, Xyuistra jamoa bilan tanaffus paytida jiddiyroq ishlamoqchiga o‘xshaydi.

paxtakor

“So‘g‘diyona”

“Paxtakor”dan keyin “So‘g‘diyona” 39 ochko bilan ikkinchi o‘rinda kelyapti. Ulug‘bek Baqoev jamoasi iloji boricha kuchli uchlikdan tushib qolmaslik va ayniqsa, hozirgi egallab turgan o‘rnini saqlab qolishni o‘ylamoqda. 2 oktyabr kuni “Andijon”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jamoa a’zolariga qisqa muddatli ta’til berilgan. Tez orada Baqoev futbolchilarni yana bir joyga to‘playdi va mashg‘ulotlarga kirishadi. Ularning oldida jiddiy vazifa turibdi.

AGMK

“So‘g‘diyona”dan ikki ochko kam jamg‘argan AGMK 3-o‘rinda. 21-turda “Bunyodkor” maydonida 1:1 hisobidagi durangga rozi bo‘lgan Mirjalol Qosimov jamoasi ham hozir kichik ta’tilda. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchilar 6 oktyabrda yana mashg‘ulotlarga qaytishadi. Bu klub ham mavsumni sovrinli o‘rinlardan birida yakunlashni maqsad qilgan. Ayniqsa, “Paxtakor”dan keyin ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishni juda xohlashyapti.

“Nasaf”

“Nasaf”ning hisobida bitta zaxira o‘yini mavjud bo‘lib, agar o‘sha o‘yinda yutsa, AGMKdan o‘tib, “So‘g‘diyona”ga etib olishi mumkin. Oxirgi paytlarda Ro‘ziqul Berdiev jamoasining o‘yini ancha yaxshilanib qoldi. Raqiblari darvozasiga o‘zi istagancha gollar uryapti. Srechko Katanets bu klubdan besh nafar futbolchini milliy terma jamoaga chaqirdi. Shu bois keyingi turga ko‘riladigan tayyorgarlikni “Nasaf” ularsiz o‘tkazib turadi. Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, qarshiliklar 7 oktyabr kuni ta’tildan qaytishadi.

nasaf0_1

“Bunyodkor”

Shuhrat Maqsudov boshchiligadagi “Bunyodkor” ham medallar uchun kuchi boricha kurashyapti. 2 oktyabrda o‘z maydonida AGMKga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar kichik ta’tilga chiqishgan va chorshanba kuni qaytishadi. Aynan 6 oktyabrdan boshlab, 22-tur doirasida Namanganda “Navbahor”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘ta muhim uchrashuvga tayyorgarlikni olib boradilar.

bunik2_1

“Lokomotiv”

Natijalari bir tekis ketmayotgan “Lokomotiv” ham hozir ta’tilda. Bu borada klub matbuot xizmati shunday xabar berdi:

“Xabaringiz bor, 3-13 oktyabr kunlari Srechko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniyada yig‘in o‘tkazadi va u erda Iordaniya hamda Malayziya termalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

Shu sababli yuzaga keladigan tanaffusdan unumli foydalangan holda 1 oktyabr kuni Bekobodda “Metallurg” bilan bahs olib borgan asosiy jamoamiz 5 oktyabrga qadar kichik ta’til oldi”.

“Loko”dan Islom Qobilov bilan Aziz Amonov milliy termaga jalb qilingan.

loko1_2

“Qizilqum”

Navoiyliklar nihoyat, 21-turga kelib o‘zining ettita o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga chek qo‘ydi. Aniqrog‘i, ikkinchi davraga start berilganidan buyon “Qizilqum” g‘alaba qozonishni uddalay olmayotgandi. Qachonki, Navoiyga “Turon” kelganidagina bu yoqimsiz an’ana barham topdi. Unda ham Hamidjon Aktamov jamoasi jiddiy qiyinchilikka duch keldi. 3 oktyabr kuni o‘yin o‘tkazilgani bois futbolchilarga dam berildi. Ma’lum bo‘lishicha, shu hafta oxiriga qadar “Qizilqum” mashg‘ulotlarga qaytadi.

“Navbahor”

Viktor Jalilov boshchiligidagi “Navbahor” kecha Termizda “Surxon”ga yutqazib muxlislarining xafsalasini pir qildi. Jalilov o‘yindan keyin aytganidek, chindan ham “Navbahor” mavsumdagi eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Endi jamoa a’zolari bir necha kun davomida hordiq chiqaradilar. So‘ngra, yana mashg‘ulotlarga kirishadilar. Oldinda namanganliklarni jiddiy o‘yinlar kutib turibdi.

navbaxor6_1

“Qo‘qon-1912”

Baxtiyor Ashurmatov bosh murabbiyligidagi qo‘qonliklar o‘z maydonida “Paxtakor”ni 4:2 hisobida dog‘da qoldirib amaldagi chempionni engishga qodir ekanini isbotlay oldi. Bunday ajoyib g‘alabadan keyingi hordiq juda maroqli bo‘lsa kerak-a? Klubning keyingi rejalari borasida “Qo‘qon-1912” matbuot xizmati shunday xabar beradi:

“FIFA kunlari munosabati bilan Coca Cola Superligasida biroz tanaffus yuzaga keldi. Sretsko Katanets boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Malayziya hamda Iordaniya terma jamoalariga qarshi ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.

Shu munosabat bilan bosh murabbiyimiz Baxtiyor Ashurmatov o‘z shogirdlariga 4 kunlik ta’til e’lon qildi. Jamoa a’zolari navbatdagi tur o‘yinlariga tayyorgarlikni 6 oktyabr kunidan Qo‘qon shahrida boshlaydi.

“Qo‘qon-1912” jamoasi Coca Cola Superligasining navbatdagi tur o‘yinini 16 oktyabr kuni, Jizzax shahrida, peshqadamlardan yana biri bo‘lgan "So‘g‘diyona" jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinga qadar esa "shunqorlar" Superliga jamoalaridan biri bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi reja qilingan”.

Ma’lumotlarga qaraganda, qo‘qonliklar 10 oktyabrga o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda.

kukon_4

“Metallurg”

Hamon mag‘lubiyatlar girdobidan qutula olmayotgan “Metallurg” uchun balki chempionatdagi tanaffus asqotishi mumkin. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustidan jiddiy ishlash uchun imkoniyat. Agar bu ketish bo‘lsa, “Metallurg” ligada jon saqlab qolish uchun kurashadiganlar qatorida bo‘ladi. 1 oktyabr kuni o‘z uyida “Lokomotiv”ga alamli tarzda yutqazganidan keyin “Metallurg” futbolchilari ta’tilga chiqqan bo‘lib, 5 oktyabrdan jamoa ixtiyoriga qaytishadi. O‘sha uchrashuvda bosh murabbiy Jasur Abduraimov betobligi sababdan uchrashuvda ishtirok etmagandi. Balki endi u ham jamoaga qaytib qolar.

“Mash’al”

2 oktyabr kuni o‘z maydonida “Nasaf”ga imkoniyatni boy bergan muborakliklar to‘rt kunlik ta’tilga chiqishgan. Oktyabrning 7-sanasida klub qarorgohida mashg‘ulotlarga kirishiladi. “Mash’al”ning asosiy maqsadi Superligadagi o‘rnini saqlab qolish. Beshta turdan beri g‘alaba qozona olmay kelayotgan jamoa uchun chempionatdagi tanaffus ayni muddao bo‘lishi mumkin. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bu vaqt davomida kamchiliklar ustida ishlashi shubhasiz.

“Andijon”

“Andijon” uchta turdan beri yutqazmayapti. O‘z maydonida “Paxtakor”ni mag‘lubiyatga uchratgach, safarda “Qo‘qon-1912” va o‘z maydonida “So‘g‘diyona” bilan durang natija qayd etdi. Ungacha jadvalda oxirgi o‘ringa tushib qolganini inobatga olsak, uchta o‘yinda besh ochko jamg‘arib “Turon”dan ilgariladi. Demak, jamoaning qilayotgan mehnati ko‘zga tashlana boshladi. Navbatdagi turni 17 oktyabrda Toshkentda “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazadi. Andijonliklar ustozi Viktor Kumikovning Sports.uzga ma’lum qilishicha, futbolchilarga to‘rt kunlik dam berilgan bo‘lib, mashg‘lotlar 7 oktyabrdan davom ettiriladi. Qolgan beshta o‘yin “Andijon” uchun xuddi hayot-mamot kabi kechadi.

andijon4444_2

“Surxon”

Kecha, 3 oktyabrda “Surxon” o‘z maydonida “Navbahor”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, o‘ta qimmatli ochkolarni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Natijada 17 ochko bilan “Andijon”ga tenglashdi va “Turon”dan biroz uzoqlashdi. Bosh murabbiy Bahrom Haydarovning aytishicha, 7 oktyabrdan futbolchilar klub ixtiyoriga qaytishadi. 22-tur doirasida 16 oktyabr kuni “Surxon” asosiy raqobatchisi “Turon” maydonida o‘ynaydi. Bu qanday o‘yin bo‘lishini ortiqcha ta’riflash shart emas.

“Turon”

Oltita turdan beri faqat mag‘lubiyatga uchrab kelayotgan Superliga debyutanti endi yaqqol autsayder rolida. Klub hisobida 12 ochko bor. Undan yuqorida turgan “Surxon” bilan “Andijon” hisobida 17 tadan ochko mavjud. Ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli Superligada qolish imkoniyatini sezilarli pasaytirib yuborgan Igor Shkvirin jamoasi hech bo‘lmasa pley-offga “ilashib” qolish uchun kurashadi, endi. Mag‘lubiyatlardan charchagan “Turon” uchun chempionatdagi tanaffus asqotib qolishi mumkin. Faqat bundan qanday xulosa chiqarishi o‘zlariga havola.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Diyorbek 《NASAF》
04/10/2021 20:41
Nasaf gooooooooooo
&
Shaymardonov Nurbek Nasimovich
07/10/2021 18:49
Nasaf qolderilgan uyinga uziga kerakli natijaga erishsa. agar. tuplar nisbati buyicha Nasaf 2 urunga kutariladi. lekin qolgan uyinlar Nasafka ancha qiyin chunki. Nasaf OFK uyinni bor.