Superligaga yo‘llanma olgan "Turon" yana to‘rt nafar futbolchi bilan kelishuvga erishdi

  • 2 yanvar, 2021, 15:32
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan "Turon" jamoasi bugundan Qo‘qon shahrida yig‘ilib, yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi. Xabaringiz bor, "Turon" bugunga qadar bir qator transferlarga qo‘l urdi. Xususan, tojikistonlik yarim himoyachi Umarjon Sharipov ("Xatlon", Tojikiston), Davron Umirov ("Lokomotiv"), Muzaffar Muzaffarov ("Qo‘qon-1912"), Abduqahhor Hojiakbarov ("Surxon", Ibrohim Yo‘ldoshev ("Surxon") bilan rasman kelishuvga erishildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joiz, klub tomonidan amalga oshirilgan transferlar borasida ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida jamoa matbuot xizmati bosh murabbiy Islombek Ismoilov bilan kichik suxbat uyushtirdi.

"Hozirda "Turon" tomonidan amalga oshirilayotgan transferlar bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchilik xolatlari mavjud. Bilasizmi, jamoamiz har doim o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yib keladi. Biz Superligada ham faqat yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqchimiz. Shu sababdan tarkibimizga bir qator tajribali futbolchilarni jalb etmoqdamiz.

O‘tgan mavsumda aytilgan fikrlar, ya’ni jamoani Superligaga olib chiqqan tarkib saqlanib qolinishi rejamizning bir qismi. O‘sha tarkibdagi futbolchilar jamoamizda saqlab qolingan. Aytish mumkinki, bugunga qadar o‘tgan mavsumda tarkibimizda harakat qilgan 3 nafar futbolchilar, Shukurali Po‘latov, Otabek Haydarov va Shoxrux Xolmatovlar o‘z hohishlariga ko‘ra jamoamizni tark etishdi.

Shunga oydinlik kiritish lozim, o‘tgan mavsumda Pro ligada jamoamiz tarkibida 21 nafar futbolchi harakat qilgan. Bundan tashqari aksariyat futbolchilarimiz juda yosh edi, shu bois ularga ham ko‘proq o‘yin amaliyoti berish maqsadida U-21 jamoasiga o‘tkazildi. Shularni hisobiga asosiy jamoamizda jami 15 nafar futbolchi qolgan edi. Superligada asosiy jamoada 25 nafardan iborat futbolchilar ro‘yhatdan o‘tkazilishi kerak. Ayni damda bizda yana 10 nafar futbolchining o‘rni bo‘sh edi, shundan kelib chiqib bir qator Superliga havosini olgan tajribali futbolchilarni tarkibga jalb qildik.

Hozirga qadar e’lon qilingan transferlardan tashqari yana 4 nafar Superligada o‘ynagan futbolchilar bilan ham kelishuvga erishganmiz, bu haqida yaqin kunlarda rasman e’lon qilinadi. Klubimizda amalga oshirilayotgan ishlar aniq reja va dastur asosida tashkil etilmoqda", - dedi Ismoilov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!