
Supertransferlar qanchaga tushdi?
Angliya Premer-ligasining amaldagi chempioni “Liverpul” Evropa klublari orasida yozgi transferlarga eng ko‘p mablag‘ sarflagan jamoa bo‘lib chiqdi.
Transfermarkt portali ekspertlarining qayd etishicha, mersisaydliklar yangi ijrochilar uchun jami 308,68 million evro miqdorida mablag‘ sarflagan. Kuni kecha, “Liverpul” 95 million evro evaziga “Ayntraxt” hujumchisi Ugo Ekitikeni transfer qilgani haqida rasmiy xabar tarqatdi.
Manbaga ko‘ra, transfer xarajatlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Angliya Premer-ligasining yana bir qudratli klubi “Chelsi” qayd etilgan. “Aristokratlar” nishondagi transferlar uchun 243,77 million evro chiqim qildi.
Kuchli uchlikni “Real Madrid” yakunlab berdi. Ispanlar Xabi Alonsoning yangi loyihasi uchun hozircha 167,5 million evro yo‘naltirib, bir necha yuqori darajadagi o‘yinchilarni olib keldi.
Keyingi ikki o‘rinda Manchester shahrining ikki klubi qayd etilgan. Ruben Amorim qo‘l ostida yangi tarkib shakllantirayotgan “Manchester Yunayted” 153,2 million evroga bir nechta futbolchi oldi. “Manchester Siti” esa, avlodlar almashinuvi jarayonida yana 145,7 million evro xarajat qildi.
Fikrlar