
Superyulduzlar 2021 yilda qaysi klubga o‘tadi? Transfer olamidagi eng muhim intrigalar
Mana bir necha yillardan beri futbol olamida katta voqeaga aylangan transferlarga guvoh bo‘lib kelmoqdamiz. Ortda qolgan 2020 yilda Kay Xavertsning 80 million evroga «Chelsi» safiga o‘tishi eng muhim transferga aylandi. Xo‘sh, 2021 yildagi eng muhim transfer maqomi kimga nasib etadi?
Messi Evropada qoladimi yoki AQShga ketadimi?
O‘tgan yilning avgust oyida Leoning «Barselona»ni tark etishi aniqdek edi. U klubga faks jo‘natgan va mashg‘ulotlarda ishtirok etmay qo‘ydi. Ayniqsa, uning ketish haqida bildirgan fikri ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
«Men doimo o‘z faoliyatimni Kataloniyada yakunlashni istaganman. Afsuski, «Bavariya»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng, klubga yangi qon quyish vaqti kelganini angladim. Shu bois, o‘zimga yangi maqsadlar izlashga tushib ketdim. Ketish haqida klub prezidentiga ancha avval yozgan edim. U mavsum so‘nggida tanlash imkoni qo‘limda bo‘lishiga va’da bergan edi. Mavsum yakunlangach, u o‘z so‘zida turgani yo‘q. «Barselona»da hech qanday yangi g‘oyalar mavjud emas. G‘olib jamoa qurishga hech qanday harakat yo‘q. Barcha harakat ochilib qolgan teshiklarni berkitishga yo‘naltirilgan.”
Ushbu so‘zlardan so‘ng, Bartomeu chetga chiqishga majbur bo‘ldi, biroq Messi yana bir mavsum «Barselona»da qolib ketishga mahkum etildi. Ayni damda uning shartnomasi 2021 yilning 30 iyun sanasida o‘z yakuniga etadi.
Futbolchi o‘zining kelajak rejalari haqida «La sexta» nashri uchun intervyu berganida ketmoqchi ekanligini ochiqchasiga sha’ma qildi.
«Men hech qanday klub bilan muzokara olib bormayapman. Buyog‘iga vaziyatdan kelib chiqib qaror chiqarmoqchiman. Kelajagim borasida shuni aytishim mumkin-ki, «Real» va «Atletiko»ga o‘tmayman. Buning imkoni yo‘q. «Barselona»ni tark etish haqida ham oldindan hech narsa ayta olmayman. Barchasi mavsum qanday yakunlashiga bog‘liq.”
Futbolchi dekabr oyining so‘nggi kunlaridan bergan intervyusi orqali klubda qolmoqchi emasligini ma’lum qilgan. Shunday bo‘lsa-da, Leo klubning yangi prezidenti amalga oshiradigan reformalardan umid qilmoqda.
"Goal" nashrining ma’lum qilishicha, Leo yana bir yoki ikki mavsum Evropada to‘p surmoqchi. Keyin esa, do‘sti Luis Suares bilan birgalikda MLSga «Inter Mayami» safiga borib qo‘shilishni reja qilgan.
Pol Pogba
8 dekabr sanasida Pol Pogbaning agenti Mino Rayola «Tuttosport» nashri uchun bergan intervyusi orqali frantsuzning yangi jamoa izlayotganini ma’lum qildi. Ushbu intervyu qaysidir ma’noda Pogbaning kelajagini hal etdi desak, adashmagan bo‘lamiz.
«Shunisi aniqki, Pol va «Manchester Yunayted» o‘rtasidagi hamkorlik o‘z yakuniga etdi. Mijozim klubdagi vaziyatdan norozi. Shu bois, o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyish eta olmayapti. Unga yangi nafas va yangi sharoit lozim. Pogbaga yangi klub lozim.
O‘ylashimcha, klub va futbolchi uchun eng qulay variant bu yozda Polni transferga qo‘yish. Gap shundaki, «qizil iblislar» uni tekinga qo‘yib yubormasligi uchun 2021 yilda sotib yuborishi lozim”. Jurnalist Kristian Folkning ma’lum qilishicha, Pogba allaqachon Minoga o‘zi uchun yangi jamoa izlashi lozimligini ma’lum qilgan.
Italiya nashrlari frantsuzning «Yuventus»ga qaytishiga 100 foiz ishonmoqda. Katta ehtimol bilan bu transfer uchun Turin klubi 65 million evrodan voz kechadi.
Ibrohimovich «Milan»da qoladimi?
Minoning yana bir mijozi bugungi transfer olamidagi eng yorqin shaxslardan biri sanaladi. Ibrohimovich «Milan»ga qaytgach, klub o‘yinida sezilarli darajada ko‘tarilish ko‘zga tashlandi. Shu bois, «rossonerilar» Zlatanni olib qolish maqsadida yangi shartnoma tayyorlashga tushib ketdi .
27 dekabr sanasida klub bosh direktori – Ivan Gazidis shvetsiyalik futbolchining kelajagi borasida fikr bildirdi:
«Hozircha, biz u bilan shartnoma borasida gaplashganimiz yo‘q. Bu qarorning qabul qilinishi nafaqat bizga, balki futbolchining istagiga ham bog‘liq. Aslida, uni 2019 yilning yanvar oyida qo‘lga kiritmoqchi edik. Ibra taklifimizga rad javobini bergan edi”.
Darhaqiqat, Zlatan «Milan» safiga 2020 yilning yanvar oyida tashrif buyurdi va barchasini ostin-ustin qilib tashladi: 30 ta uchrashuv, 22 ta gol. 39 yoshli hujumchi uchun shunchaki fantastik natija! Afsuski, 22 noyabr sanasida «Napoli»ga qarshi o‘yinda olingan jarohat uni 2 oyga safdan chiqardi. Shunga qaramay, futbolchi «Milan»da yana biroz muddat ushlanib qolishga qarshi emas.
Uning agenti bergan xabarlarga suyanadigan bo‘lsak, Ibra hali bu tempda 5 yil to‘p surishga qodir. Shunday ekan, «Milan» ko‘rqmay u bilan yana bir yillik shartnoma imzolashi mumkin.
Ronaldu «Yuve»ni tark etadimi?
Krishning Turinni tark etishi borasidagi gap-so‘zlar ancha yodimizdan ko‘tarildi. Shunga qaramay,o‘tgan yilning noyabr oyidagi xabarlarda bir muncha haqiqat ham mavjud edi.
Pandemiya sababli, «Yuventus» yiliga 31 million evro maosh oladigan 35 yoshli futbolchidan voz kechmoqchi bo‘ldi, biroq Ronalduning maydondagi harakatlari bunga to‘sqinlik qildi.
Portugaliyalik yulduz MLS jamoalarida to‘p surmoqchi ekanligini yashirib o‘tirmayapti, ammo yuqori darajada futbol namoyish etishdan to‘xtamoqchi emas.
Ortda qolgan yilning avgust oyida “Football Italia” nashri uchun bergan intervyusida, Krish Parijda faoliyatini davom ettirish borasida qiziqarli fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi.
O‘sha intervyusida Krish Neymar bilan qalin do‘st ekanligi va Mbappening o‘yinlaridan zavq olishi haqida fikr bildirgan va qachonlardir Parijda istiqomat qilish orzusi bor ekanligini aytgan edi. U Evropa chempionligini qo‘lga kiritgan shahar bilan o‘zini nimadir bog‘lab turishini yashirib o‘tirmagan.
Pandemiya sababli, PSJga ko‘chib o‘tish rejasi barbod bo‘ldi. Shunga qaramay, Ronalduning rejasi o‘zgargani yo‘q. Hammasi «Yuventus»ning EChLda qanday ishtirok etishi bilan bog‘liq.
Mbappe ketadimi?
Kilianning «Real»ga o‘tishi borasidagi mish-mishlar tobora urchib bormoqda. Avvalroq, bu ish oson ko‘ringan edi, endi esa barchasi murakkablashib ketdi. AS nashrining ma’lum qilishicha, Tomas Tuxel bilan Kilian o‘rtasidagi nizo uni ketishga majbur qilayotgan edi. Pochettino kelgach, Mbappe klub kelajagiga ishonishni boshladi.
Frantsuz nashrlarining ta’kidlashicha, Mbappe tez orada Parij klubi bilan yangi shartnoma imzolaydi. U o‘z maoshini Neymarniki bilan bir xil qilib oladi. Buning evaziga, Parij klubi Mbappening tovon pulini 250 million evroga qadar ko‘tarib qo‘ymoqchi.
Parij klubi rahbarlari qanday qilib bo‘lsa-da, Kilianni klubda olib qolish niyatida. Pochettino kelgach, jamoa safida to‘p surishni istagan yulduzlar soni ortib bormoqda. Katta ehtimol bilan, Mbappe «Real»ga o‘tish haqida orzularidan voz kechdi. Endi u Parijda qolib «Oltin to‘p» uchun kurash olib bormoqchi.
Xolandning kelajagi nima bo‘ladi?
Tan olish lozim, Xolandning darajasi allaqachon «Borussiya D»dan o‘zib ketdi. Bu mavsumda hujumchi 13 ta o‘yinda 16 ta gol kiritdi. Uning gollari grand jamoalar e’tiborini oshirmoqda.
«RB Leyptsig» va «RB Zaltsburg» klubi rahbarlarining ma’lum qilishicha, norvegiyalik vunderkindning keyingi manzili «Liverpul» bo‘ladi. Kristof Foind o‘z fikrini aytar ekan, hujumchining o‘yin uslubi bugungi «Liverpul» uchun juda mos kelishini qo‘shib qo‘ydi.
Shuningdek, «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «Chelsi», «Real» singari grandlar ham Xoland uchun kurashga qo‘shilishga tayyor. Xolandni «Real» 2022 yilda qo‘lga kiritmoqchi. «Chelsi» va «Siti» esa, markaziy hujumchilar borasida muammoga duch kelgani sababli, yozdayoq norvegiyalik iqtidorga «og‘iz solmoqchi».
Erlingning o‘zi esa, Dortmundni tark etishga shoshilmayapti. U Germaniyada bir nechta sovrinlar yutgachgina, boshqa jamoa bilan shartnoma imzolamoqchi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar