
Taekvondochilarimizning har biri medal oldi
Gruziyaning Batumi shahrida Olimpiya sport turi - taekvondoning WT yo‘nalishi bo‘yicha “Batumi open – 2024” chempionati o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada dunyoning turli mamlakatilaridan kelgan sportchilar bolalar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Turnirda yurtimiz sharafini Toshkent shahridagi Adju universiteti qoshidagi “Muhammadziyo” jamoasida taekvondo sirlarini o‘rganayotgan jami besh nafar sportchi himoya qildi.
“Batumi open – 2024” chempionatida tajribali murabbiy Ahror Asrorovning barcha shogirdlari o‘z yosh toifasida shohsupaga ko‘tarilib, medallar bilan taqdirlandi.
Xususan, bolalar o‘rtasidagi bahslarda barcha raqiblaridan ustun kelgan iqtidorli sportchi Abdurahmon Xudoyberdiev birinchi o‘rinni egalladi.
Yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Ahmadjon Solihovga teng keladigani topilmadi. Taekvondochimiz barcha raqobatchilarini ortda qoldirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Mazkur yosh toifasidagi ikkinchi vakilimiz Mustafo Rizaev musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi.
O‘smirlar ishtirokidagi bahslarda Abdurahmon Rasulov bronza medalga ega chiqdi.
Xotin-qizlar orasida Nozima Rahimjonova bronza medallarni qo‘lga kiritdi.
- Shogirdlarimizning mashg‘ulotlarda xalqaro musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rgani bellashuvlar davomida ancha qo‘l keldi. “Batumi open – 2024” chempionatida turli yosh toifalarida iqtidorli va kuchli taekvondochilar jam bo‘lishi avvaldan ma’lum edi. Shu bois turnirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.
Bu kabi xorijiy safarlar, xalqaro turnirlar va musobaqalar sportchilarimizning tajribasi, mahorati va ko‘nikmasining oshishiga xizmat qiladi. Qolaversa, besh nafar sportchimizning Gruziyadagi musobaqaga borgani “Tornado” klubi va “Muhammadziyo” jamoasining qolgan vakillari uchun ham o‘rnak va namunadir.
O‘z jamoadoshlarini chet eldagi musobaqalardan sovrinlar bilan qaytganini ko‘rgan boshqa shogirdlarimiz ham mashg‘ulotlarda ko‘proq ter to‘kishi, sport bilan shug‘ullanishga jiddiy e’tibor qaratishi, nufuzli musobaqalarda qatnashish ishtiyoqi oshishi murabbiylik faoliyatimizda juda ko‘p kuzatilgan.
Eng muhimi, yurtidan uzoqda bo‘lgan sportchilar ota-ona qadri, vatan sog‘inchi kabi hissiyotlarni juda yaxshi his qiladi. Zero, maqsadimiz o‘g‘il-qizlarda nafaqat sportchilik mahorati, balki ma’naviy barkamollikni ham shakllantirishdan iborat, - dedi “Muhammadziyo” jamoasi murabbiyi Ahror Asrorov.
Fikrlar