Tahlil│ Janubiy Koreyani qanday mag‘lub etish mumkin?

Xabaringiz bor, Xitoyda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida futbol bo‘yicha Osiyo chempionati bahlari o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Musobaqaning chorak final bosqichida hamyurtlarimiz amaldagi chempion Yaponiya terma jamoasi ustida yirik g‘alabani qo‘lga kiritib, yarim final yo‘llanmasini naqd qilishdi. Ushbu bosqichda esa bizga Janubiy Koreya terma jamoasi ro‘baro‘ keladi.

Oldindan shuni aytish lozimki, koreyslar barcha ysh toifalarida biz uchun noqulay rabib bo‘lib kelishgan. Vakillarimiz ular bilan oxirgi marotaba 2016 yil Qatar mezbonligida o‘tgan turnirning “S” guruhida to‘qnash kelishgan va 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishgan. Qayd etish lozimki, o‘sha bahsda maydonga tushgan futbolchilarimizdan Doston Tursunov, Dostonbek Hamdamov, Javohir Siddiqovlar bugungi o‘yinda ham ishtirok etishlari mumkin.

Demak, endi har ikkala jamoaning shu bosqichga qadar bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hamyurtlarimizning avvalgi raqiblariga batafsil to‘xtalib o‘tishimiz unchalik shart emasdek. Xususan, “A” guruhida tarkibida 5 ta gol bilan musobaqa to‘purari Almoiz Alidek futbolchisi bo‘lgan Qatarga imkoniyatni boy berib qo‘ygan futbolchilarimiz. Keyinchalik musobaqa favoritlaridan hisoblangan Xitoy va Ummon terma jamoasidan ustun kelgan holda, guruh masalasini o‘z foydasiga hal qildi. Chorak finalda esa, amaldagi chempion Yaponiya vakillari 4:0 hisobida mag‘lub etildi.

Janubiy Koreya vakillari esa, bu borada biroz omadli chiqishdi. Vetnam va Avstraliya vakillarini mag‘lub etgan Kim Bon Gil shogirdlari Suriya bilan murosa ko‘chasini tanlashdi. Shuningdek, chorak final bosqichida esa Malayziya mag‘lub etildi: 2:1.

OFK saytining xabar tarqatishicha, Janubiy Koreya vakillari ushbu o‘yinda faqat g‘alabani qo‘lga kiritish uchun maydonga tushishni mo‘ljallamoqda. Aslida bu tabiiy holat. Shuningdek, Qatarda o‘tgan musobaqada ko‘zga tashlangan, ayni paytda jamoa etakchisi Xvan Ki Vukning so‘zlariga qaraganda, bu bahs ular uchun alohida ahamiyatga ega.

­ - Malayziyaga qarshi bahsda men o‘z o‘yinimdan qoniqish hosil qilmadim. Ammo, ertangi o‘yinda men g‘alaba qozonish va chempionni qo‘lga kiritish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman, - deydi belgiyaning “Tyubits” klubining 21 yoshli yarim himoyachisi.

ohvjqh76o1sezajyhz0r.jpg

Jamoamiz ertangi o‘yin uchun birdamlikda tinimsiz mehnat qilmoqda. Biz avvalgi turnirda ham finalga qadar etib borgandik. Ammo, Yaponiyaga imkoniyatni boy berib qo‘ygandik. Bu safar esa biz albatta g‘alaba qozonamiz. Hozirda har birimizning bor e’tiborimiz aynan mana shunga qaratilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreya terma jamoasi ustozi Kim Bong Gil ham o‘yin oldidan quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

- Yarim finalga qadar etib kelganimiz uchun shogirdlarimdan minnatdorman. O‘zbekiston bir maromda to‘p tepa oladigan, hujum va himoyada juda yaxshi o‘ynaydigan jamoa ekanligini ko‘rdim.

Bizda kichik jarohatlar bor, futbolchilar charchagan. Ammo qo‘limizdan kelganicha harakat qilib, o‘z uslubimizni namoyish qilamiz. Raqibga qaraganda bir kun kam dam oldik, bu esa yaxshi bo‘lmasligi mumkin. Lekin yutqazib qo‘ysak bu bahona bo‘lmaydi. Kamchiliklarimiz bor va o‘yindan o‘yinga ularni bartaraf etishga intilyapmiz.

hvok164w2qstygk9fgyb.jpg

Bizda faqat kichik jarohatlar bor. Shuning uchun boshlang‘ich ro‘yxatni tekshirib chiqamiz va bo‘lajak bellashuvga tayyorlanamiz.

Terma jamoamiz hamma uchrashuvlarni mana shu stadionda o‘tkazdi. Bu esa ularda ko‘nikma hosil qilgan, balki bu ham ustunlik berishi mumkin. Biroq biz ham boshqalar bilan bir xil sharoitdamiz. Chunki barcha jamoalar Xitoyda o‘ynayapti, - deydi Kim Bong Gil.

Demak, bu holatda ikki xil taxmin qilish mumkin. Yoki Koreya terma jamoasi rostan qiyin ahvolda va murabbiy o‘zi uchun hozirdan ehtimoliy mag‘lubiyat uchun “chiqish eshigi”ni tayyorladi. Yoki, bu shunchaki, chalg‘itish uchun ko‘rsatilgan o‘yin va murabbiy matbuot anjumanida shu orqali vakillarimizda xotirjamlikni uyg‘otib, bo‘lajak bahsga zimdan hozirlik ko‘rmoqda. Umuman olganda, hali birorta rasmiy manbada, murabbiy aytgan “kichik jarohatlar” haqida gap-so‘z yo‘q. Jamoa o‘yinchilarining esa ertangi o‘yin uchun “borlarini berishga” tayyor ekanligi ularning “charchaganligi”dan darak bermasa kerak, nazarimizda.

Endi raqib o‘yiniga bevosita e’tibor qaratadigan bo‘lsak, koreyslarning asosiy kuchi hujumkor yarim himoya, qanotlar va hujum chizig‘ida ekanligini ko‘rish mumkin. Jamoaning eng xavfli o‘yinchilari sifatida 8-raqamdagi Xan Sen Gyu, 9-raqamdagi Li Kyun Xolarni keltirib o‘tish lozim. Shuningdek, o‘ng qanotda 17-raqamdagi Cho Je Xvanni ham unutmaslik lozim. Ushbu jamoa vakillari o‘yinning istalgan vaqtida yuqori bosimni yuzaga keltira olishadi. “Seul I-Lend” jamoasining 22 yoshli yarim himoyachisi chap qanotdan Akrom Komilovga etalicha tashvish tug‘dirishi ehtimoli yuqori. Ushbu jamoa asosan birinchi raqamda o‘zini suvdagi baliqdek his etadi. Kuchli bosim vaqtida esa, tayanch yarim himoyasi va markaziy himoyada bo‘shliqlar yuzaga keladi. Shuningdek, jamoa darvozaboni Kang Xyon Mu ham yakkama-yakka vaziyatlarda va bosh bilan berilgan zarbalarda u qadar kuchli emas.

Qisqacha aytganda, Koreya o‘lkasi vakillari biz uchun etarlicha tashvish tug‘dirishi ehtimoli etarli. Ammo, hamyurtlarimiz o‘z o‘yinlarini namoyish etgan holda, to‘pni o‘z nazoratlarida ushlab turishsa, raqibni ruhiy holatini izdan chiqarishlari mumkin. Bu esa albatta, bizning foydamizga xizmat qiladi.

Bahodir HASANOV

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!