Tailandda futbol tizimi borligi, "Neftchi"ning bugungi ahvoli va Superliga saviyasi haqida Sardor Mirzaev bilan intervyu

  • 22 sentabr, 2021, 18:57
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz ayni damda Taillandning "Muangton Yunayted" klubida to‘p surayotgan vatandoshimiz Sardor Mirzaev bilan suhbat uyushtirdi.

- Aytingchi, Tay Ligasi nimalarda bizning ichki birinchilikdan oldinda?

- Agar, bizni futbolchilarni texnik kuchliroq ekanligini inobatga olmasa, qolgan barcha aspektlarda ortda qolayotganimiz aniq. Maydonlarning ahvoli, translyatsiyalar sifati, futbol tizimi, muxlislarning o‘yinlarga tashrifi va boshqa ko‘plab omillarni sanab o‘tishim mumkin.

- Ayni damda, O‘zbekistondagi eng kuchli murabbiy kim?

- Bizda iqtidorli mutaxassislar ko‘p. Shunga qaramay, Timur Kapadzeni alohida e’tirof etgan bo‘lar edim. O‘z uslubiga ega, tavakkaldan qochmaydigan murabbiy. Kelajakda ulkan zafarlar quchishiga ishonchim komil.

- Faoliyatingiz davomida turli pozitsiyalarda to‘p surgansiz. Aytingchi, qaysi biri siz uchun qulay?

- Hujumkor yarim himoyachi! Sababi, jarima maydonchasi atrofida to‘p surish menga yoqadi. Doimo raqibni bosimda ushlab turish, imkon bo‘lganida kuchli zarba yo‘llash uchun ham hujumga yaqinroq to‘p surishni xush ko‘raman. Shunday bo‘lsa-da, murabbiylar bergan vazifa birinchi o‘rinda. Ular qaerda o‘ynaysan desa, o‘sha erda to‘p surishga tayyorman.

- "Neftchi"dagi davrlarni yodga olaylik. Eng esda qolarli o‘yinni eslang?

- To‘g‘risi, qaysidir bahsni alohida qayd etgim yo‘q. Shunga qaramay, "Vodiy derbilari"ning ahamiyati katta ekanligini tan olish lozim. Ayniqsa, "Navbahor", "Andijon" singari jamoalar bilan to‘qnashuvlarda stadionda fantastik atmosfera hukumronlik qilgan. Shuningdek, "Paxtakor" bilan bo‘lgan uchrashuvlar ham yodimda. Stadion liq to‘lgani bois, 90 daqiqa qanday o‘tib ketganini bilmay qolar edik.

- Futbolga muxlislarning tashirifi borasida Tailand va O‘zbekiston o‘rtasida qanday farq mavjud?

- To‘g‘risi, bu erda muxlislar ko‘proq. Ayniqsa, markaziy bahslarda arena to‘ladi. Turnir jadvalining eng so‘nggi pog‘onasida borayotgan klublar o‘yinlarida ham "anshlag" kuzatiladi. Umuman olganda, ichki birinchilikdagi muxlislar ancha faol.

- Sizni futbol olamiga olib kirgan inson sifatida kimni ko‘rsata olasiz?

- Albatta, Yuriy Sarkisyanni! Aynan shu mutaxassis qo‘l ostida futbol sir-asrorlarini o‘rgandim. Turli yoshdagi va milliy terma jamoada to‘p surdim, xalqqa tanildim. Nimaga erishgan bo‘lsam, barchasi uchun Yuriy Vazgenovichga minnatdorlik bildiraman.

- U erda til bilan muammo bo‘lmayaptimi?

- Ochig‘i, boshida juda qiynaldim. 1 yil davomida klub men uchun alohida tarjimon yolladi. Hozirga kelib, o‘zim bemalol jamoadoshlarim bilan suhbatlashyapman.

- Futboldan keyin, o‘zingizni qanday kasbda tasavvur qilyapsiz?

- Ochig‘i, futbolsiz hayotdan ma’ni yo‘q. Shu bois, qishloqlardagi bolalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishni reja qilganman. Nasib qilsa, o‘zimni murabbiylikda sinab ko‘rmoqchiman.

- Bugungi "Neftchi" klubi haqidagi fikringiz qanday?

- Ilhom Mo‘minjonov yaxshi murabbiy. Bundan ortiq hech narsa ayta olmayman. So‘nggi paytlarda farg‘onaliklar ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilganim yo‘q. Asosiysi, tezroq Superligaga qaytib olishsin. Qolgani sekin-asta bo‘laveradi.

- Siz endi futbolga kirib kelgan davrlardagi futbolchilarmiz kuchliroqmi yoki bugungi futbol vakillarimizmi?

- Hozir nisbatan futbol tezlashgan bo‘lsa ham, avvalgi avlod vakillari kuchliroq edi, deb hisoblayman. Bu meni shaxsiy fikrim.

- Tailand xalqi mentaliteti biznikiga sira o‘xshamaydi. Ovqatlari ham achchiq. Bu borada muammo bo‘lmayaptimi?

- Boshida ko‘nikib ketish juda qiyin bo‘ldi. Hozir bu borada muammo yo‘q. Mentalitet borasida muammo tug‘ilmadi. Bu erda biz singari Islom dinidagi insonlar juda ko‘p. Shu bois, fikrlashda juda katta farq sezilmaydi. Klub o‘zimni erkinroq his etishim uchun uy va mashina taqdim etgan. Oilam bilan bemalol hayot kechirishim uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

- Negadir ichki chempionatimiz saviyasi yildan-yilga tushib ketmoqda. Bunga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?

- Avvalgidek chempionlik uchun raqobat yo‘q. Barcha klublar davlat hisobidan moliyalashtirilgani bois, kuchli legionerlarni taklif etish imkonsiz. O‘yinlar zerikarli bo‘lgani bois, translyatsiya sifati ham o‘smaydi. Milliy terma jamoasi biznikidan ancha kuchsizroq sanalgan Tailanda hammasi aksincha. Futbol tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

- Faoliyatingizni "Neftchi"da yakunlash rejangizda bormi? Qachon ortga qaytmoqchisiz?

- Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Bu erdagi barcha narsa meni to‘liq qanoatlantirmoqda. Bor e’tiborimni jamoamning o‘yinlariga qaratganman. Nasib qilsa, yana Farg‘onada, muxlislar ko‘z o‘ngida to‘p surish niyatim bor.

Suhbatmiz so‘ngida, o‘zingiz bilan birga to‘p surgan eng yaxshi futbolchilardan tuzilgan ramziy jamoangizni tuzib bersangiz.

Darvozabon: Ignatiy Nesterov;

Himoyachilar: Islom To‘xtaxo‘jaev, Radkevich, Maksim Usmonov, Shuhrat

Muhammadiev;

Yarim himoyachilar: Ikrom Aliboev, Iqbol Akramov, Timur Kapadze;

Hujumchilar: Marat Bikmaev, Mansur Saidov, Anvar Berdiev.

Ushbu suhbat "Neftchi" klubi muxlislarining telegram kanalida amalga oshirildi  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!