
"Tashkent-2021 Boxing night": Abduhamid Hakimov WBC Asia kamarini qo‘lga kiritdi! (matnli translyatsiya)
Assalomu alaykum, muhtaram boks ixlosmandlari! Bugun Toshkent shahrida katta boks kechasi bo‘lib o‘tadi. SPORTS.uz "You Tube" sahifasi orqali barcha janglarni JONLI EFIRda tomosha qilishingiz mumkin:
Ushbu jarayon siz azizlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida matnli tarzda ham e’tiboringizga havola etiladi. Bizni kuzatishda davom eting!
Jang kechasi boshlanmoqda!
Ilk to‘qnashuv 72,2 kg vazn toifasidagi sportchilar - qizil burchakdagi Odiljon Jo‘raboev hamda ko‘k burchakdagi Jo‘raboy Zokirov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Jang 4 raundga mo‘ljallangan.
Bokschilar ringga ko‘tarildi. Jang boshlandi!
Raundning ilk soniyalarida qizil burchakdagi sportchi raqibini masofada ushlab, zarbalar yo‘lladi. Uning raqibi esa, ko‘proq masofani qisqartirishga harakat qildi. Ustunlik nisbatan Jo‘raboevda. Sababi, u yo‘llagan bir necha zarba raqib yuziga o‘z izini qoldirdi. Umuman olganda, tomonlar ilk raundni bir-birini o‘rganishga sarfladi.
Ikkinchi raund!
Dastlabki soniyalarda Zokirovning kuchli zarbasi raqibini biroz muvozanatdan chiqargandek tuyuldi. Zarbalar almashinuvida ko‘pincha qizil burchakdagi sportchi ustun kelmoqda. Katta ehtimol bilan, ikkinchi raund Odiljon Jo‘raboev foydasiga hal bo‘ldi. Jang yarmiga kelib, teng kurash guvohiga aylanmoqdamiz.
Uchinchi raund!
Qizil burchakdagi bokschi yaxshi seriyani amalga oshirdi. Uning raqibi zarbalardan qochishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsada, 2-3 ta zarba qabul qilib olishga majbur bo‘ldi. Raund so‘ngida Zokirov raqib yuziga ikkita kuchli zarba bera oldi.
To‘rtinchi raund!
Jo‘raboevning apirkot zarbasi raqibga yazshigina ta’sir qildi. Bellashuv so‘ngiga kelib, tomonlar ochiq jangga kirmoqda. Biroz ustunlik qizil burchakdagi bokschi tomonda deyish mumkin. So‘nggi soniyalarda tomonlar bor kuchini ringga tashlab, jangni o‘z foydasiga hal etishga harakat qildi.
Yakuniy qaror! Hakamlarning yakdil qaroriga ko‘ra, jangda Jo‘raboy Zokirov g‘alaba qozondi!
Ikkinchi jang 61,2 kg vazn toifasidagi sportchilar - ko‘k burchakdagi Sherzodbek Mamajonov hamda qizil burchakdagi Shukrullo Vohidov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Jang 8 raund davom etishi ko‘zda tutilgan.
Jang boshlandi!
Dastlabki soniyalarda qizil burchakdagi sportchi tomonidan yo‘llangan zarbalardan keyin raqibiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Uning burni qonadi. Raqibining ojiz nuqtasini topib olgan Vohidov ketma-ket zarbalarni Mamajonovning burni tomon yo‘naltirmoqda. Navbatdagi tibbiy yordamdan keyin hakamlar ko‘k burchakdagi Mamajonovning jangni davom ettirishiga ruxsat bermadi. Bellashuv 2 daqiqa 31 soniya davom etdi. Shu tariqa, Shukrullo Vohidov o‘z faoliyatidagi 6-g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Yakuniy qaror! Shukrullo Vohidov texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi!
Uchinchi jang 66,7 kg vazn toifasidagi sportchilar - ko‘k burchakdagi Maqsud Matyazov hamda qizil burchakdagi Eldorbek Saidov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Jang 6 raund davom etishi ko‘zda tutilgan.
Jang boshlandi!
Saidovning o‘ng qo‘lda yo‘llagan kuchli zarbasi raqib himoyasidag o‘tdi. Matyazov raqibni masofada ushlashga harakat qilmoqda. Ma’lumot uchun, bu uning debyut jangi va tabiiyki, biroz hayajon o‘z so‘zini aytmay qolmayapti. Ring markazini qizil burchakdagi sportchi boshqardi. Kichik uchtunlik aynan Eldorbek tomonda deyish mumkin.
Ikkinchi raund!
Ikkinchi raundda Saidov biroz faollikni oshirdi. Biroq nisbatan tajribali Matyazov ring bo‘ylab raqibini ta’qib qilmoqda. Maqsudning ikkita xuk, bitta apperkot zarbasi mo‘ljalga aniq bormadi. Qizil burchakdagi bokschining biroz ustunligi ushbu raundda biroz sezildi. Unda faollik elementlari ko‘zga tashlanyapti.
Uchinchi raund!
Saidov biroz kuch tejash maqsadida himoyaviy taktikaga o‘tib oldi. Uning raqibi bir necha kuchli zarbalar yo‘llashga ulgurdi. Saidovning kuchli zarbalari raqibiga jarohat etkazdi. Matyazovning burni qonagani uchun hakam jangni to‘xtatishga qaror qildi.
Yakuniy qaror! Raqibini nokautga uchratgan Eldorbek Saidov o‘z faoliyatidagi 10-janggida 4-g‘alabasini qo‘lga kiritdi!
To‘rtinchi jang 55,3 kg vazn toifasidagi sportchilar - ko‘k burchakdagi Asror Sotvoldiev hamda qizil burchakdagi Islombek Pirmanov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Jang 6 raund davom etishi ko‘zda tutilgan.
Jang boshlandi!
Ko‘k burchakdagi bokschi, asosan, ehtiyotkorlikka urg‘u bermoqda. Pirmanov esa, kuchli zarbalar yo‘llashga harakat qilyapti. Sotvoldiev raqibini klinchda ushlab turdi. Aksariyat vaziyatda qizil burchakdagi sportchi faollik ko‘rsatdi. Katta ehtimol bilan, hakamlar raundni uning foydasiga yozib qo‘ydi.
Ikkinchi raund!
Sotvoldievning yuzida zarba asoratlari sezilmoqda. U og‘ir nafas olyapti. Qizil burchakdagi bokschi esa ketma-ket zarbalar berishda davom etmoqda. Raund Islombek Pirmanovning foydasiga hal bo‘ldi deyish mumkin.
Uchinchi raund!
Pirmanovning kuchli zarbasidan keyin hakam bellashuvni to‘xtatiga qaror qildi. Ko‘k burchakdagi sportchi o‘zining 12-jangini texnik nokaut evaziga boy berdi. Qizil burchakdagi Islombek Pirmanov debyut jangidayoq g‘alaba qozondi!
Yakuniy qaror! Qizil burchakdagi Islombek Pirmanov debyut jangidayoq texnik nokaut evaziga g‘alaba qozondi!
Kechaning asosiy jangi boshlanmoqda! Ushbu to‘qnashuv g‘olibi WBC yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo Chempioni uchun taqdim etiladigan kamarga qo‘lga kiritadi!
Asosiy jang 79,3 kg vazn toifasidagi sportchilar - ko‘k burchakdagi, gruziyalik Levani Luxutashvili hamda qizil burchakdagi, o‘zbekistonlik Abduhamid Hakimov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Jang 10 raund davom etishi ko‘zda tutilgan.
Har ikki jangchi ringga ko‘tarildi. Gruziya hamda O‘zbekiston davlat madhiyalari yangradi. Start uchun barchasi tayyor!
Jang boshlandi!
Vakilimiz ilk soniyalardan ustunlikni qo‘lga olishga harakat qilmoqda. Hakimovning zarbasidan keyin raqib biroz muvozanatni yo‘qotdi. Abduhamid zarbalarni, asosan, raqib tanasiga yo‘naltirmoqda. Gruziyalik sportchi bir necha vaziyatda oldinga o‘tish jarayonida qarshi hujumda kuchli o‘tkazib yubordi. Umuman olganda, raund bokschimiz foydasiga hal bo‘lganligini taxmin qilish qiyin emas.
Ikkinchi raund!
Hamyurtimiz to‘g‘ridan zarbalar yo‘llamoqda. Shuningdek, uning apperkotlari ham manzilga aniq boryapti. Hakimov ring markazini Levanidan tortib oldi. Vakilimizning zarbalar seriyasidan keyin hakam bellashuvni to‘xtatdi. Levani Luxutashvili jangni davom ettirijdan bosh tortdi. G‘alaba muborak!
Yakuniy qaror! Ko‘k burchakdagi Levani Luxutashvili jangni davom ettirishdan bosh tortgani uchun Abduhamid Hakimovga texnik g‘alaba yozildi. Hamyurtimiz o‘zining 6-jangida ham g‘alaba qozondi. Ulardan 4 tasi texnik g‘alaba hisoblanadi!
Fikrlar