Tezkor xabar! O‘zbekiston 2021 yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qiladi

BEPUL PROPAN

Biz 8-15 mart kunlari Las-Vegasda o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tishi haqida avval xabar bergan edik. Shu kunlarda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining yana bir qator tadbirlari ham bo‘lib o‘tmoqda.

Tashkilot ijroiya qo‘mitasi majlisida ushbu sport turini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator masalalar muhokama qilindi, navbatdagi yirik nufuzli musobaqalar qaerda o‘tkazilishiga aniqlik kiritildi.

Ijroqo‘m majlisi ishtirokchilari 2021 yilgi o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogarlik qilgan mamlakatimiz taqdimotini ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib chiqishdi. Taqdimot yakunlangach birorta savolga hojat qolmagani diqqatga sazovor. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Tamash Ayan 2018 yilgi yoshlar o‘rtasida jahon chempionati Toshkentda yuksak saviyada o‘tkazilgani uchun O‘zbekistonga minnatdorlik izhor qildi va mamlakatimizda yirik nufuzli musobaqalarni o‘tkazish borasida katta tajriba to‘planganini ta’kidladi. Dunyo og‘ir atletikasi rahbarini ijroqo‘m majlisigaturli qit’alardan tashrif buyurgan mutaxassislar faol qo‘llab-quvvatlashdi.

Shu tariqa, 2021 yil aprel oyida Toshkent o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionatini qabul qiladigan bo‘ldi.

- Ushbu musobaqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki turnir g‘olib va sovrindorlari medallar bilan birga navbatdagi IV o‘smirlar olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar bilan ham mukofotlanadi. Turli milliy federatsiyalarda ishlayotgan hamkasblarimiz Toshkentdagi chempionatning ana shu jihatiga alohida e’tibor qaratishgani bejiz emas. O‘tgan yili mamlakatimiz bahorda Urganchda o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionatini, yozda Toshkentda yoshlar o‘rtasida jahon chempionatini yuksak saviyada tashkil qilishga erishdi. Biz jahon og‘ir atletika hamjamiyati ishonchini oqlash uchun barcha choralarni ko‘ramiz. Shuningdek, uydagi musobaqada munosib qatanasha oladigan jangovar tarkibni shakllantirishga harakat qilamiz, – dedi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroqo‘mi a’zosi Shahrillo Mahmudov.

O‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng diyorimiz kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatini ham qabul qilish huquqiga erishsa ayni muddao bo‘ladi.

Mirzahakim To‘xtamirzaev,

Las-Vegas, AQSh

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!