
Tezkor xabar. O‘zbekistonlik futbolchi keyingi mavsumni Yaponiya chempionatida boshlashi mumkin
Bir necha kundan beri Yaponiya chempionatida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchining ismi sharifi OAV vakillaridan sir tutilayotgan edi.
Biroq Yaponiya Jey ligasidi ishtirok etishi kutilayotgan hamyurtimizning transferi haqidagi ma’lumotlarni yaponiyalik hamkasblarimizning yordami bilan bilib olishga muvaffaq bo‘ldik.
Shuningdek yana bir hamyurtimizning Malayziya Super Ligasida ishtirok etishi ham xorijlik hamkasblarimiz tomonidan SPORTS.uz axborot portaliga ma’lum qilingan edi.
SPORTS.uz axborot portaliga ma’lum qilishlaricha, Yaponiyaning "Jubilo Ivata" jamoasi Qarshining "Nasaf" jamoasi vakili Fozil Musaev bilan muzokaralar olib bormoqda. Muzokaralar so‘nggi bosqichda ekanligiga urg‘u bergan yaponiyalik hamkasbimiz, Fozil Musaevning transferi borasidagi xabarlar aynan yaponiyaliklarni ham hayratga solganini yashirib o‘tirmadi.
- Bu xabar erta tongdan Yapon matbuotida shov-shuvga aylangan eng asosiy mavzu bo‘ldi. Baland bo‘yli hamyurtingiz (Fozil Musaev) ikkinchi qavatda ustunlikka ega hisoblanadi hamda to‘pni raqibdan olib qo‘yishda ham etarlicha mahoratga egadir. Umid qilamanki hamyurtingiz bilan muzokaralarning so‘nggi bosqichi muvoffaqiyatli amalga oshiriladi, deydi – yaponiyalik hamkasbimiz.
So‘nggi tafsilotlar:
SPORTS.uz axborot portaliga hozirgina etib kelgan xabarga ko‘ra, muzokaralar muvoffaqiyatli yakun topgan. Agar Fozil Musaev dekabr oyi davomida tibbiy ko‘riklardan muammolarsiz o‘tib olsa, "Jubilo Ivata" klubi bilan shartnoma imzolaydi. Biroq, xabarda shartnoma muddati haqida ma’lumotlar berilmagan.
Ushbu xabardan qisman yoki to‘liq foydalanganda SPORTS.uz axborot portalining nomi aniq ko‘rsatilishi hamda havola (link) berilishi shart!
Fikrlar