Timur Kapadze - Ukrainadagi g‘alaba, qaysi yoshlarimizga xorijdan qiziqishlar bo‘layotgani, Jaloliddinovning o‘yini va uning "Andijon"da to‘p surayotgani xususida

  • 30 may, 2021, 20:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston U-21 terma jamoasi Ukrainada Valeriy Lobanovskiy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Timur Kapadze bosh murabbiylik qilayotgan yoshlarimiz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiin mazkur musobaqa ham ko‘rsatib berdi. Bosh murabbiy sports.uz uchun taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Ukrainadagi musobaqa to‘g‘risida

- Bu bizning jamoa uchun birinchi xalqaro turnirdagi g‘alaba bo‘ldi. Murabbiy sifatida ham bu mening dastlabki sovrinim. Bundan xursandmiz, ishlashda yana davom etamiz. Oldimizda ulkan maqsadlar bor. Bunday musobaqalar orqali katta tajriba orttiramiz. Ukrainadagi g‘alaba jamoamizga yanada ishonch va kuch bag‘ishlaydi. Oldimizda yana boshqa musobaqalar va xalqaro o‘yinlar bor. Mana shunday turnirlarda kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar orqali tajribaga ega bo‘lamiz va kamchiliklarimizni ko‘ramiz. Ularni yoshlari qanday rivojlanyapti, qanday saviyada va bu borada bizning yoshlar qanaqa darajada, nima kamchiliklarimiz, nimani ustida ko‘proq ishlashimiz kerak, mana shunday holatda solishtira olamiz. Umuman aytganda, turnir foydali bo‘ldi. Bizni yaxshi kutib olishdi, ajoyib musobaqani tashkil qilishdi. To‘g‘ri, to‘rtta jamoa qatnashishi kerak edi va Tunis ham bor edi. Ular ayrim sabablarga ko‘ra, Ukrainaga kelmadi. Uchta jamoa bir-biri bilan o‘ynab, turnir uyushtirildi. Ikkala uchrashuvda g‘alaba qozondik. Ozarbayjon hamda Ukrainaga qarshi uchrashuvlarda futbolchilarimiz yaxshi harakat qildilar. Ikkala o‘yinda ham yigitlarimiz raqiblardan har tomonlama ustunlik qildi. Ruhiy, jismoniy, o‘yin, umuman barcha jabhalarda kuchliligini ko‘rsata olishdi, haqli ravishda g‘alaba qozondik. Yana bu yo‘lda harakatni davom ettiramiz. Biz bundan ham kuchli bo‘lish uchun mehnat qilamiz.

kapadze1

Jasur Jaloliddinov va uning “Andijon”da to‘p surayotgani haqida

- Jasur “Bunyodkor”dan “Lokomotiv”ga o‘tib amaliyotsiz qolib ketdi, ancha payt yutqazdi. Ammo u iqtidorli o‘yinchi. Professional bola, o‘z ustida ishlaydi, yanada kuchayadi. Hamma narsa uning qo‘lida. Shu tariqa ishlashda davom etsa, kuchli chempionatlardan birida o‘ynab, terma jamoalarimizga kelajakda foydasi tegadi. Lekin bu yo‘lda to‘xtamasdan mehnat qilishi va ishlashi kerak. Boya aytdim, Jaloliddinovning iqtidori yuqori. “Andijon”da o‘ynayotganiga kelsak, futbolchiga qaerda bo‘lmasin o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani foydali. Albatta, kuchli chempionat va kuchli jamoada asosiy tarkibda to‘p sursa, yanada rivojlanadi. Ammo boshqa joyda zaxirada o‘tirgandan ko‘ra, “Andijon”ga kelib sport formasini tiklayotgani o‘zi uchun ham foydali bo‘lyapti. Jasur o‘z o‘yini bilan “Andijon” jamoasiga ham yordam beradi va g‘alabalariga hissa qo‘sha oladi.

Kapadze Ukrainada qaysi mutaxassislar bilan uchrashdi?

- Ukrainada biror-bir mutaxassis bilan uchrashmadim. Uchala jamoa bitta mehmonxonada yashadik. Albatta, Ukraina va Ozarbayjon murabbiylari bilan tanishdim, gaplashdik. Ular bilan bitta joyda ovqatlandik, har kuni ko‘rishdik. Ukraina futbol federatsiya rahbarlari bilan ham uchrashdik. Lobanovskiy xotirasiga bag‘ishlangan tadbir uyushtirildi, u erda ham qatnashdik. Ukrainadagi hayotimiz shunday o‘tdi.

kapadze2_4

Bu terma jamoamizning asosiy o‘zagimi?

- Mendagi shu yoshda bo‘lgan har bir futbolchi terma jamoaga nomzod. Eng kuchlilari albatta jalb qilinadi. Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni uddalash uchun harakat qilaveramiz. Shu bois Ukrainadagi musobaqaga ushbu o‘yinchilarni taklif qildim. Bulardan tashqari, yana boshqa o‘yinchilarimiz ham bor. Keyingi safar ularni ham jalb qilaman, ko‘raman va imkoniyat beraman. Kim o‘zini yaxshi ko‘rsata olsa va jamoa uchun foydali bo‘lsa, o‘shalar oxir-oqibat terma jamoada bo‘ladi. Bu terma jamoa! Uch oy yoki bir yildan keyin kim qanday sport formasida bo‘ladi? Buni oldindan bila olmaymiz. Barchasi yigitlarga bog‘liq. O‘z ustida ishlab, har doim kuchli bo‘lishsa, ularga terma jamoa eshigi doimo ochiq. Bu erga kelgandan keyin futbolchining zimmasida katta mas’uliyat va katta yuk turadi. Yurtimiz sha’ni va sharafini a’lo darajada himoya qiladigan futbolchilar bo‘lishi lozim. Maydonga tushganda o‘yinchi yurakdan o‘ynashi shart, g‘alaba qozonib muxlislarni albatta xursand qilish kerak. Terma jamoada selektsiya jarayonida doim ish olib boriladi. Xursand qilayotgani, futbolchilarimiz o‘syapti. Jamoada raqobat bor. Eng asosiysi, bu terma jamoaning, yurtimizning g‘alabasi. Buni futbolchilarimiz yaxshi tushunyapti va tushuntiryapman. Biz yanada kuchli bo‘lamiz. O‘rtoqlik o‘yini yoki rasmiy uchrashuv bo‘ladimi, terma jamoaga chaqirilgan har bir futbolchi yurakdan o‘ynashiga aminman.

Futbolchilarimizga xorijdan qiziqishlar ortyaptimi?

- Tarkibimizdagi qaysidir o‘yinchiga chetdan qiziqish bo‘layotgani haqida eshitmadim. Albatta, hozirgi futbolda har bir o‘yinchining agentlari bor. Kimgadir qiziq bo‘lsa, o‘sha o‘yinchini topishadi va agentiga chiqishadi. Agar bizning bolalarimiz kuchli chempionatlarga borib o‘ynashsa, bundan xursand bo‘laman. Balki yigitlarimizga xorijdan endi qiziqishlar bo‘lar. Baribir Ukrainadagi o‘yinlarimizni ko‘pchilik kelib ko‘rdi. Balki qaysidir futbolchimiz kimgadir yoqqan bo‘lishi mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi.

kapadze3_4

Navbatdagi reja qanday?

- Endi yig‘in qachon bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Baribir pandemiya hali ham davom etyapti. Lekin O‘FA tomonidan ish olib borilyapti. Balki qaysidir jamoa bizga kelishi mumkin. Ammo hozirdan yig‘in qachon bo‘lishi haqida aniq gapira olmayman. Agar bu borada aniq ma’lumot bo‘lsa, albatta xabarini beramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!