Timur Kapadze: Milliy termadan ketish mening tashabbusim, Abramov bilan munosabatimizga sovuqchilik tushgani yo‘q

  • 10 fevral, 2021, 20:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Milliy terma jamoamizda Vadim Abramovga yaqindan yordam berib kelgan Timur Kapadze endi bosh jamoamizda ishlamasligidan xabardorsiz.

Tecno

Yaqinda xabar berilganidek, Kapadze endi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi va yangi tuzilgan “Olimpik”da faoliyatini davom ettiradi. Iqtidorli murabbiy sports.uz muxbiriga milliy termadan ketishi, Abramov bilan munosabati va keyingi rejalari haqida gapirdi.

Milliy termadan ketishi haqida

- Milliy terma jamoadan ketishim – bu mening tashabbusim, - deya gap boshladi Timur Kapadze. - Chunki har tomonlama ulgurmay qolyapman. Masalan, bosh jamoamiz BAAga ketdi, men esa olimpiya jamoamizni yig‘ishim kerak. Olimpiya termamizga bor e’tiborimni qaratishim zarur. FIFA kunlarida bu terma jamoani yig‘a olishim mumkin. Milliy termadan ketishdan avval albatta bosh murabbiyning oldidan o‘tdim. Vadim Abramovga vaziyatni tushuntirganimdan so‘ng, u ham yoshlar bilan ishlab, ularga ko‘proq e’tibor qaratishimni ma’qulladi. Men esa o‘zimga boshqa yordamchi topaman, deb aytdi. Keyin bu xususida rahbariyatga aytdik. Milliy termada natijaga javobgar bo‘lgan murabbiy bor. Men esa bu erda yoshlarni milliy va olimpiya terma jamoaga tayyorlash bilan shug‘ullanaman. Xullas, ko‘p omillar borligi uchun shunday qarorga keldik.

Kapadzening Abramov bilan munosabatiga sovuqchilik tushganmidi?

- Abramov bilan munosabatlarimizga sovuqchilik tushgani haqidagi gaplar o‘rinsiz. Doim u bilan aloqalarimiz yaxshi darajada bo‘lib kelgan. Milliy terma jamoa barchamizniki. Bu erda o‘rtada hech qanday shaxsiy kelishmovchiliklar bo‘lmasligi kerak. Yangi “Olimpik” jamoa tuzilgani uchun ish ko‘p, vaqt tig‘iz bo‘ladi. Bu erda ish juda ko‘pligi sababli vaqtim etmayapti va milliy termaga bora olmayotgandim. Biz bu vaziyatni Abramov bilan gaplashib to‘g‘ri ma’noda hal qildik.

timur1

Yoshlar termasining yig‘ini

- Yoshlar terma jamoasining yig‘inini yakunladik. Bu U-20 deb ham nomlanadi. 10 kuncha mashg‘ulotlar o‘tkazdik. “Rubin”, “Oq-tepa”, “Surxon” klublari bilan o‘ynadik. Yanvar oyini kutdim, chunki o‘z jamoalarining asosiy tarkibiga qo‘shilgan yigitlar ham bor edi. Natijada asosiy tarkibga o‘tgan o‘yinchilarga tegmadim. 2003 yilda tug‘ilgan futbolchilarni ham yig‘inimizga jalb qilgandim. Ularning ichida ham iqtidorlilari bor. Keyingi safar Superliga va pro-liga jamoalaridan bir qator iste’dodli yoshlarni ham jalb qilamiz. O‘z klublarining asosiy tarkiblariga kira olmagan yigitlarni jamoamizga chaqiramiz. O‘sha olimpiya terma jamoasiga nomzod o‘yinchilarni yangi tashkil etilayotgan “Olimpik” klubiga ham taklif etamiz.

“Olimpik”da natija ustivor vazifami yoki...

- Birinchi vazifa yigitlarni tayyorlash, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishini ta’minlash, Olimpiada musobaqasiga hozirlash, qolaversa, bu yoshdagi futbolchilarning oralarida keyinchalik milliy termaga ham nomzodlari bo‘ladi. Bular kelajakda milliy terma jamoamiz darajasiga chiqadi, deb umid qilaman. Chunki yoshlarni nafaqat Olimpiada musobaqasiga, balki milliy termamizga ham parallel ravishda tayyorlab boryapmiz. Bundan faqat futbolimiz yutadi. O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi rahbariyati tomonidan “Olimpik” jamoamizga yaxshi sharoitlar yaratib berilyapti. Balki jamoamizdan kimdir o‘zini ko‘rsatsa, ertaga Superliganing boshqa klublari jalb qilishi mumkin va biz o‘rniga boshqalarini tortamiz. Ko‘p jabhalarda yigitlarni professional darajada tayyorlashga harakat qilamiz. Terma jamoada alohida yig‘inlar bo‘ladi va yangi futbolchilarni ham ko‘zdan kechiraman. “Olimpik”dan ham iqtidorlilarini qo‘shib, barchasini ko‘z oldimda tayyorlab boraman. Shu bilan birga “Olimpik”da ham futbolchilar har kuni ixtiyorimda bo‘ladi. Yangi mavsumni “Jar” stadionida o‘tkazadigan bo‘lyapmiz. Bizga har tomonlama sharoit yaratilyapti. Yigitlarni albatta yaxshi saviyaga olib chiqa olamiz.

Nega “Olimpik”da ishlashga rozi bo‘lgani to‘g‘risida

- Menga klublardan ham takliflar bor edi. Lekin terma jamoalarimiz oldida muhim musobaqalar turibdi. Menga aytilgan yangi taklifni esa rad qilmasdan “Olimpik”da ishlashga rozi bo‘ldim. Chunki bu terma jamoalarimizga yigitlarni tayyorlab borish uchun yaxshi poydevor bo‘ladi. Bundan terma jamoalarimiz ham yutadi. Baribir Olimpiada musobaqasiga tayyorgarlikni davom ettiramiz. Qo‘limdan kelganicha o‘yinchilarni yanada kuchliroq qilish uchun zamin yaratmoqchiman.

timur

Jasur Jaloliddinov xususida

- Agentlar Jaloliddinovga qaerdan klub qidirishayotganini bilmayman. Lekin yuz bergan oldingi vaziyatdan kerakli xulosalarni chiqarishadi, deb o‘ylayman. Jasurga o‘yin amaliyoti zarur. Muhimi, u murabbiy xohlayotgan jamoada bo‘lishi darkor. Balki kerak bo‘lsa, O‘zbekiston chempionatiga qaytsa ham bo‘ladi. Superligadagi istalgan klub Jaloliddinovni o‘z safida ko‘rgisi keladi. Chunki chetdan o‘zi istagandek yaxshi taklif chiqmasa o‘zimizda o‘ynab turgani ma’qul. Agar o‘ynamay tursa bu unga ruhiy tarafdan ham ta’sir qiladi. “Bunyodkor”da o‘ynayotganida Abramov uni milliy termaga chaqirgan paytlari ham bo‘lgan. Jasurning agenti bilan shartnomasi bor. Eshitishimcha, unga xorijdan jamoa qidirishyapti. Ammo haligacha u shu erda. Bu ham tashvishga solyapti. Hozir ayni tayyorgarlik davri. Bu safar xato qilmasdan to‘g‘ri yo‘l tutishsa yaxshi bo‘lardi. Iqtidorli futbolchini yo‘qotmasligimiz lozim.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!