Timur Kapadze: "Olimpik" futbolchilariga Superliga klublaridan takliflar bo‘lyapti
Barchangizga ma’lumki, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, unga futbol yo‘nalishida ham litsenziya qo‘lga kiritish maqsadida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshida “Olimpik” futbol klubi tashkil etilgan. Klub aynan Parij-2024 Olimpiadasida ishtirok eta oladigan yosh avlod vakillaridan tuzilgan bo‘lib, jamoani bo‘lajak Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze boshqarib kelmoqda.
Bugun ushbu jamoaning birinchi yarim yillikdagi faoliyatiga bag‘ishlangan hisoboti bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, uning birinchi o‘rinbosari va O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari Saken Polatov, “Olimpik” rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida Timur Kapadze birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar, jamoa faoliyati, mashg‘ulotlar tartibi va yaqin rejalar xususida gapirib o‘tdi.
“Futbolchilarimizga Superliganing bir qator klublaridan takliflar bor. Bu bizni xursand qiladi, albatta. Bu yigitlar futbol bo‘yicha O‘zbekiston MTJning ertasi. Oldimizda katta maqsad turibdi. Uni birgalikda uddalashimizga ishonamiz. Bu qo‘limizdan keladigan ish. Biz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Futbolchilarimizga tartib-intizom va to‘g‘ri ovqatlanishdan tortib, nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘rgatib boryapmiz”, – dedi bosh murabbiy.
Fikrlar