"To‘g‘risini aytsam, kutmagandim" - Jo‘rabekov "Qizilqum"ning g‘alabasi, tanaffusda murabbiyi qanday so‘zlarni aytgani va raqib haqida

  • 3 mart, 2024, 00:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning “Qizilqum” klubi uchun yangi futbol mavsumi muvaffaqiyatli boshlandi. Boisi, Jamshid Saidov jamoasi Toshkentda “Bunyodkor” maydonida mezbonlarni 1:3 hisobida mag‘lub etdi.

“Qizilqum” tarkibiga yangi qo‘shilgan futbolchi – himoyachi Shahboz Jo‘rabekov o‘yinni juda faol o‘tkazdi. U raqib darvozasiga gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. G‘alabada uning ham hissasi katta bo‘lgani rost.

Bellashuvdan so‘ng Sports.uz jurnalisti Jo‘rabekovni fikrlari bilan qiziqdi.

- Yangi mavsum siz va “Qizilqum” uchun ajoyib boshlandi. Birinchi uchrashuvdan keyingi taassurotlaringiz qanday?

- Futbol ishqibozlarini yangi boshlangan futbol mavsumi bilan chin yurakdan tabriklayman. O‘yinga kelsak, hammasi a’lo darajada, biz xohlagan holatda o‘tdi. Qaerdadir xato qildik, qaerdadir ustunlikka erishdik. Baribir birinchi uchrashuvda hammada hayajon bo‘ladi. Barcha ham chempionatni g‘alaba bilan boshlashni istaydi. Chunki g‘alaba bilan boshlasak, bu keyingi o‘yinlarga ijobiy ta’sir qilishini his qilgan holda “Bunyodkor”ni yutish uchun bor kuchimizni ishga soldik. Xudoga shukr, barchasi yaxshilik bilan tugadi. Harakatimiz evaziga o‘yin biz o‘ylagandek o‘tdi.

Jo‘rabekov4

- “Qizilqum”dagi debyut uchrashuvingizda gol urdingiz hamda golga assistlik qildingiz. Chempionat siz uchun mana shunday boshlanishini kutganmidingiz?

- To‘g‘risini aytsam, kutmagandim. Sababi, o‘tgan yili jarohatlar bo‘ldi, zaxirada qoldim. Shuni hisobiga xohlaysizmi-yo‘qmi, o‘yin amaliyoti kam bo‘lgandan keyin qo‘shilib ketish ozroq qiyin kechadi. Lekin avvalo insonni o‘ziga ishonchi bo‘lsa engib o‘tadi. Hammasi Xudodan, biz uchun yaxshilik bilan tugadi. O‘zim ham bundan juda xursandman.  

- Birinchi bo‘limdan keyin menimcha hech kim “Qizilqum”ni 3:0 hisobida oldinga chiqib olishini o‘ylamagandi. Buni qanday izohlaysiz? Tanaffus paytida muhit qanaqa edi? Birinchi bo‘limdan so‘ng g‘alabani deyarli tantana qildinglarmi?

- Futbol 90 daqiqa o‘ynaladi. 45 daqiqadan keyin hech nima aniq emasdi. Balki ular ikkinchi bo‘limda 3 ta gol urib hisobni tenglashtirishlari ham hech gap emasdi. Ichkaridagi muhit yaxshi edi. Murabbiyimiz bizga tanaffus chog‘ida hisob 3:0 emas, hali 0:0, esdan chiqaringlar, bo‘shashmanglar, vaziyat yuz berishini kutinglar va darhol hujumga o‘tinglar, himoyaviy o‘yin qilmanglar deb uqtirdilar. Lekin, baribir xohlaysizmi-yo‘qmi, futbolchilarni orasida natijaddan kelib chiqib biroz bo‘shashlik bo‘ladi. 80-daqiqada ham hisob 3:0 bo‘lgani uchun ozroq bo‘shashdik, deb o‘ylayman. Bu holatlarni keyingi uchrashuvlarda bartaraf qilib, takrorlamaslikka harakat qilamiz.

Jo‘rabekov2

- “Bunyodkor”da yangi murabbiylar shtabi ish boshlagan va tarkibga ham ko‘plab yangi futbolchilar kelgandi. Ularni qanday o‘yin ko‘rsatishi qiziq tuyulgandi. Ilk bellashuvdan so‘ng endi barcha “Bunyodkor”ni tanqid qilyapti. Bu jamoadan qanaqa o‘yinnni kutgandingiz?

- O‘yindan oldin murabbiylarimiz bilan birgalikda har bir jamoani tahlil qilamiz. Bu narsa barcha klublarda bo‘ladi. Biz ham “Bunyodkor”ni o‘rgandik. Murabbiylarimiz kuchli va kuchsiz taraflari borligini ko‘rsatishdi. Shundan foydalanib harakat qildik, natijasi yomon emas. 3:1 hisobida g‘alaba qozondik. Biz kutgandek yaxshi boshlandi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Искандар Нарзикулов
10/03/2024 14:41
Сугдиена хам навбахорда
Норов Абдужалил
03/03/2024 05:56
Журабеков аввал кайси кулубоарда уйнаган?