Tojik va o‘zbek klublari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin qanday fikrlar yangradi?

  • 17 iyul, 2023, 09:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Tojikistonda yozgi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan “Andijon” rejalashtirilganidek nazorat uchrashuvlarini ham tashkil qilmoqda. Avvaliga “Esxata” 3:2 hisobida mag‘lub etilgandi. Bu safar Kulobning “Ravshan” jamoasiga qarshi bellashuv 1:1 hisobida yakun topdi.

“Burgutlar” ikkinchi o‘yinda ham g‘alabaga yaqin kelgandilar. Biroq yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishda aniqlik etishmadi. E’tiborlisi, bu o‘yin ayniqsa “Ravshan” bosh murabbiyi Tohir Mo‘minov uchun alohida ahamiyatga ega edi. Boisi, futbolchilik faoliyati davomida 7 yil  “Andijon” sharafini himoya qilgan. Shuning uchun mutaxassis bu o‘yinni intiqlik bilan kutgandi.

Uchrashuvdan keyin “Ravshan” ustozi va “Andijon” a’zosi Suhrob Berdievning fikrlarini tingladik.

Toxir Mo‘minov: “Andijon”ni turnir jadvalida yuqori o‘rinda bo‘lishini xohlayman”

- Dastlab, o‘yin xususidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

- Albatta, uchrashuv to‘g‘risida yaxshi fikrdaman. Ikkita o‘yin o‘tkazdik va yaxshi taassurotlar qoldi. Birinchi “Buxoro”, keyin esa mana “Andijon” bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdik. Bunday bahslar bizga OFK Kubogiga yaxshigina tayyorgarlik vazifasini bajardi, deb o‘ylayman. Agar yana imkoniyat bo‘lsa, shunday jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishni xohlardim. Mana shunday uchrashuvlar orqali futbolchilarimizning tayyorgarlik jarayonlari shakllanib boradi. Bugungi uchrashuv hujumkor va do‘stona ruxda kechdi va menga har tomonlama yoqdi.

- Demak, o‘yindan qoniqdingiz-a?

- Albatta, qoniqdim. Avvalgi uchrashuvimizga qaraganda, bu o‘yinda ozgina farqli tomonlari sezildi. “Andijon”ga qarshi jamoamni yaxshi tayyorlagandim.

tohir5

- Sobiq jamoangiz haqida nima deya olasiz?

- Albatta, o‘zbek va tojik futboli rivojlanib boryapti. Men “Andijon” jamoasiga ikkinchi davrada omad tilayman. Tabiiyki, bu klubga muxlislik qilaman. Turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda bo‘lishini xohlayman. Asosiy tarkib saqlanib qolinib, tayyorgarlik jarayonlari yaxshi o‘tsa, o‘ylaymanki, “Andijon” kuchli klublar qatoriga kiradi. Bu borada ularga omad tilayman.  

Suhrob Berdiev: “Ravshan” ham yaxshi jamoa ekan, lekin...”

- Suhrob, Kulobning “Ravshan” jamoasiga qarshi o‘yin sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Shiddatli o‘yin bo‘ldi. “Ravshan” ham yaxshi jamoa ekan. Lekin biz o‘zimiz yaratgan imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalana olmadik. Buning ustiga biz hozir yozgi yig‘indamiz va chempionatimizga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarda qatnashyapmiz. Balki shu sababli o‘z o‘yinimizni to‘liq ko‘rsata olmadik, shekilli.

suhrob berdiev3

- Durang o‘yinga mos tushdi, deb o‘ylaysizmi?

- Uchrashuvdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘yin durangga mos bo‘ldi. Ta’kidlaganimdek, “Ravshan” ham yaxshi jamoa ekanini ko‘rsatdi.

- Oldingi uchrashuv bilan bu safargi bellashuv o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rdingiz?

- Ikkala klub ham o‘ziga xos jamoalar ekan. Aytish mumkinki, o‘z uslublariga ega. “Ravshan” klubi bejizga OFK Kubogida o‘ynamasligini ko‘rsatdi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Bek 56
17/07/2023 13:35
Тохиржон ва Равшанга хам келди тилаймен