
Tokio-2020. Bitta bronza bilan bugungi kunimizni yakunladik
Bugun 4 nafar o‘zbekistonlik sportchi Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi.
Dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida -90 kg vazn toifasida qatnashgan Davlat Bobonov katta qiyinchilik bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ayollar o‘rtasida -70 kg vazn toifasida Gulnoza Matniyozova 1/8 finalda mag‘lub bo‘ldi.
Afsuski, bokschilarimiz ham bugun muxlislarni xushnud qila olishmadi. Dastlab -57 kg vazn toifasida Miraziz Mirzaxalilov, so‘ngra Dilshod Ro‘zmetov mag‘lubiyatga uchradi.
Quyida voqealarning matnli translyatsiyasi bilan tanishib olishingiz mumkin:
16:43. Boks. Afsus, -81 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan hamyurtimiz Dilshod Ro‘zmetov Ozarbayjon vakili Loren Alfonso Domingesga mag‘lub bo‘ldi.
16:31. Boks. Erkaklar o‘rtasida -81 kg vazn toifasida Dilshod Ro‘zmetov va ozarbayjonlik Loren Alfonso Dominges o‘rtasidagi jang boshlandi.
15:57. Dzyudo. Hamyurtimiz Davlat Bobonov turkiyalik raqibini ippon bahosi bilan mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Bobonovga turkiyalik Mixael Jgank raqiblik qiladigan bo‘ldi.
14:04. Dzyudo. Hamyurtimiz Davlat Bobonov bronza medali uchun ispaniyalik Nikoloz Sherazadishviliga qarshi tatamiga chiqdi. Bobonov ushbu kurashda g‘alaba qozondi va bronza medali uchun tatamiga chiqadigan bo‘ldi.
Endi Bobonov bronza medali uchun o‘tish bellashuvida ispaniyalik Nikoloz Sherazadishviliga qarshi kurashda ishtirok etadi. Aytish kerakki, Bobonovning bu galgi raqibi ham ikki karra jahon chempioni hisoblanadi.
10:31. Dzyudo. Davlat Bobonov 1/4 finaldagi bellashuvini o‘tkazdi. Afsuski, hamyurtimiz bu bosqichda gruziyalik ikki karra jahon chempioni Lasha Bekauriga imkoniyatni boy berdi. Endi Bobonov bronza medali uchun o‘tish bellashuvida ishtirok etadi.
09:42. Dyuzdo. -90 kg vazn toifasida kurash olib borayotgan dzyudochimiz Davlat Bobonov 1/8 finalda ukrainalik Kedjo Nabalini mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga yo‘l oldi.
Afsus, Miraziz Mirzaxalilov irlandiyalik bokschiga imkoniyatni boy berdi va musobaqa bilan xayrlashdi.
08:44. Boks. Erkaklar 52-57 kg vazn toifasida hamyurtimiz Mirazizbek Mirzaxalilov irlandiyalik Kurt Uokerga qarshi jang qilmoqda. Afsuski, 1-raunddan so‘ng hamyurtimiz 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchramoqda.
08:19. Dzyudo. Afsuski hamyurtimiz Gulnoza Matniyozova 1/8 final bosqichida niderlandiyalik Sanne van Deykega imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqa bilan xayrlashdi.
07:50. Dzyudo. Erkaklar o‘rtasida -90 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini Davlat Bobonov himoya qilmoqda. Hamyurtimiz 1/16 final bosqichida italiyalik Nikolas Mungayga qarshi bahs olib bordi va vazari hisobiga g‘alaba qozondi.
Endi Gulnoza 1/8 finalda niderlandiyalik Sanne van Deykega qarshi tatamiga chiqadi.
07:00. Dzyudo. Ayollar o‘rtasida -70 kg vazn toifasida hamyurtimiz Gulnoza Matniyozova ruminiyalik Demos Memnelumni mag‘lubiyatga uchratdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Bugungi bahslarda ishtirok etadigan sportchilarimiz ro‘yxati:
1.Gulnoza Matniyazova (dzyudo, ayollar -70 kg) – 07:00
2.Davlat Bobonov (dzyudo, erkaklar -90 kg)
3.Mirazizbek Mirzaxalilov (boks, erkaklar 52-57 kg) – 08:36
4.Dilshod Ro‘zmetov (boks, erkaklar 75-81 kg) – 16:27
Fikrlar
Ularni maqsadi bitta, usha amerikalikni qulog`idan tortib bo`lsa ham chempion qilish.
Mirazizbekka esa omad tilayman. Hali u o`zini keyingi musobaqalarda albatta ko`rsatadi.
Mirazizbek 5:0 hisobida aniq g`alaba qozongan edi mening fikrimcha.