To‘purar darvozabon - Chilavert yodingizdami? U hozir nima bilan band ekanligini bilasizmi?

  • 19 fevral, 2022, 09:05
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol olamida mashhur darvozabonlar ko‘p. Mutaxassislar ular orasida yashil maydonda inqilob qilishni uddalaganlarni alohida e’tirof etishni hush ko‘radi. Ayniqsa, paragvaylik Xose-Luis Chilavert futbolga kirib kelgach, darvozabonlar haqidagi tasavvur o‘zgarib ketdi.

Tecno

Chilavert – chinakam to‘purar kiper. Bunaqasi unga qadar futbol olamida kuzatilmagan. Qahramonimiz terma jamoasi safida 8 ta gol kiritibgina qolmay, darvozabonlar orasida xet-trik qayd etgan yagona inson sanaladi. 1980 yillarda karerasi boshlangan bo‘lsa, 2005 yilda uning futboldagi faoliyati yakuniga etdi.

E’tiborlisi shundaki, qahramonimiz futbolni tark etgach, hayoti chinakam kinoga aylandi. Avvaliga, sohta hujjatlar sababli yarim yil qamoqda o‘tirgan bo‘lsa, keyin mahalliy jinoiy guruh a’zolari bilan aloqadorligi aniqlandi. Shu paytga qadar Britaniya elchisi va KONMEBOL haqidagi keskin fikrlari sababli juda katta janjallar yuzaga keldi. Uning ishtirokidagi har bir ko‘rsatuv yoki jonli efirlar mashmashasiz o‘tgani yo‘q.

p34lo‘p3l4o‘pl

2018 yilda esa, u Diego Armando Maradona bilan urishib qoldi. Argentinalik afsona uni "baqaloq" deb haqorat qildi. Chilavert ham qarzdor bo‘lib qolgani yo‘q. U o‘zining barcha ijtimoiy tarmoqlarida quyidagi postni yozib qoldirdi:

"Maradona FIFA prezidenti Infantinoning oyoq kiyimini tili bilan tozalaydigan darajada tuban inson. Ha, men semizman, ammo juda baxtli "baqaloqman"! Sababi, hech qanday narkotik moddalarga ruju qo‘ymaganman".

Maradonaning so‘zlari nishonga tekkani aniq. Sababi, Chilavert so‘nggi yillarda ortiqcha vazn muammosi bilan bir necha marotaba to‘qnash keldi. Sport bilan shug‘ullanishni kamaytirganiga qaramay, Luis xalq mehrini qozonishni boshladi. U turli tadbir va norozilik namoyishlarida xalq bilan ekanligini ko‘rsatib, qisqa muddat ichida siyosat olamiga kirib keldi. Jahldor, adolatparvar va korruptsiyadan nafratlanadigan sobiq futbolchi Paragvay xalqi mehrini qozondi. 2020 yilga kelib, Chilavert bor e’tiborini prezidentlikka qaratdi. U 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda o‘z nomzodini ilgari surmoqchi.

U saylov oldi kompaniyani allaqachon boshlab yuborgan. Uning partiyasi oldinga surayotgan g‘oya ham mavjud edi, biroq so‘nggi oylarda u ikkilanishni boshladi. So‘nggi paytlarda, u pressa bilan aloqani to‘liq uzib qo‘ydi. U o‘zining so‘nggi intervyusida bu masalaga to‘liq oydinlik kiritdi.

"To‘g‘ri, men jurnalistlardan qochib yuribman. Ikkilanayotganim ham rost. Siyosat bilan shug‘ullanish oson emas. Barcha meni nima bilan shug‘ullanayotganimni bilishni istaydi, biroq ishoning men insonlarni hurmat qilaman. Men bilan rasmga tushmoqchi bo‘lganlarga hech qachon rad javobini bermaganman. Insonlarni meni tanib qolishidan faxrlanaman."

O‘tgan yili Leo Messi o‘z futbolkasini afsonaviy darvozabonga sovg‘a qildi. Chilavert esa uni tvitterdagi shaxsiy akkauntiga joyladi. To‘g‘risi, bu suratni ko‘rgach, Paragvay futboli afsonasini tanib olish juda qiyin bo‘ldi. U asabiy janjal va to‘polonlardan charchagani yaqqol ko‘rinib turibdi, biroq o‘z shashtidan qaytgani yo‘q.

p34ldpo‘3l4o‘p

"Afsuski, siyosatdagi ifloslik futbolga ham o‘tdi. U sekin-asta Paragvay futbolini o‘ldirib bormoqda. Katta karera qilishni istagan futbolchilar yo‘lning boshidanoq o‘tib bo‘lmas to‘siqlarga duchor bo‘lmoqda. Ba’zi bolalarning ota-onasi tanish-bilish yordamida farzandlarini akademiya va futbol maktablariga joylab qo‘ymoqda."

Shu kunga qadar, futbolchilar orasida keyinchalik mamlakat prezidentliga qadar ko‘tarilganlar mavjud. Jorj Vea so‘zimizga yorqin misol bo‘lishi mumkin. Xose Luis Chilavert uning izidan boradimi? Bu savolga 1 yildan so‘ng, javob olishimiz mumkin.

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!