
Toshkentda “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida Konferentsiya o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Abdulla Murshed Rashid boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.
Bugun kunning ikkinchi yarmida poytaxtimizdagi “HILTON” mehmonxonasida “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni paralimpiya sport turlari bilan keng qamrab olish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamiyatga integratsiya qilish mavzusida konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
"Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi, Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari, O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya universiteti rahbariyati, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov tadbirni ochib berar ekan, konferentsiyada ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmon – Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Abdulla Murshed Rashidni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, paralimpiya sport turlari ommaviyligini ta’minlash, bu masalaga davlat va hukumat darajasida ahamiyat qaratilayotganini alohida ta’kidladi.
“Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilgan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda paralimpiya harakatini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lidagi yana bir g‘amxo‘rlik bo‘ldi.
Respublikamizda bugungi kunda paralimpiya dasturiga kiritilgan 8ta sport turi jadal rivojlanmoqda. Yana 10ta sport turini rivojlantirishga kirishildi. Yaqin kelajakda esa sportsevarlarimizga yana 4ta para sport turi bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi”, - dedi tadbirda Turizm va sport vaziri A.Abduhakimov.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 18 maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida bir yilda bir marta Parasport xalqaro festivali, har yili 3 dekabr kuni Toshkent shahri va respublikamiz hududlarida parasport festivallari o‘tkazilishi, ularda taniqli sportchilar tomonidan master-klass, shuningdek, seminar, konferentsiya va davra suhbatlari o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Bugungi Konferentsiya ham ana shu Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
O‘z navbatida, konferentsiyada so‘zga chiqqan Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Abdulla Murshed Rashid yurtimizda paralimpiya harakatiga hukumat darajasida berilayotgan e’tibordan mamnun ekanligini bildirib, yaqin kelajakda O‘zbekiston Osiyo mintaqasida paralimpiya sport turlari eng rivojlangan davlatlardan biriga aylanishi, qolaversa Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ham O‘zbekiston sportchilaridan yorqin g‘alabalar kutayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, konferentsiyada O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Mo‘minjonov, O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Mahmud Boltaboev, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi ijrochi direktori Tarek Soue janoblari ham o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qilishdi.
Konferentsiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar amaliyotga jadal tatbiq etilishiga kelishib olindi",-deyiladi tashkilot xabarida.
Fikrlar