“Tottenxem” hujumchisi Son Xyon Minning faoliyatiga nazar solamiz

  • 8 iyul, 2022, 19:10
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun “Tottenxem” hujumchisi Son Xyon Min o‘zining 30 yoshini nishonlamoqda. Shu bois, bugun koreyalik futbolchining faoliyatiga nazar solamiz.

Son Xyon Min 1992 yil 8 iyulda Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida tug‘ilgan. Janubiy Koreya terma jamoasi va Londonning “Tottenxem” klubi hujumchisi hisoblanadi.

U 2022 yilda Angliya Premer ligasining eng yaxshi to‘purari bo‘lib, "Oltin butsa"ni qo‘lga kiritdi.

Uning otasi Son Un-Chjon ham futbolchi bo‘lgan bo‘lgan va bir vaqtlar Janubiy Koreya terma jamoasi sharafini himoya qilgan.

Son "Tottenxem"ning sobiq himoyachisi Li Yon Pyo o‘ynagan "Seul" klubi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hujumchi 2007/08 yilgi mavsum "Seul" klubi maktabining namunali o‘quvchisi hisoblandi. Uning yoshligidagi kumiri "Kristal Pelas" va "Bolton Uonderers"ning sobiq yarim himoyachisi Li Chon Yon bo‘lgan.

Son o‘z faoliyatini "Seul" jamoasida boshlagan bo‘lsa-da, 16 yoshida Germaniyaga ko‘chib o‘tgan. Xyon Min u erda “Gamburg” akademiyasiga qabul qilinib, karerasini ushbu klubda davom ettirgan. Keyinchalik u "dinozavrlar" asosiy jamoasi tarkibida 3 yil o‘ynadi va 73 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 20 ta gol yozdirib qo‘ygan.

2013 yilda esa Germaniyaning boshqa bir jamoasi "Bayer" safiga ko‘chib o‘tgan. Koreyalik futbolchi “dorichilar” safida 62 uchrashuv o‘tkazib, 21 gol muallifiga aylangan.

2015 yilning yozida Son Xyon Min "Tottenxem"ga futbolchisiga aylandi va hozirgacha “shporlar” a’zosi hisoblanadi.

2010 yildan buyon Janubiy Koreya terma jamoasida o‘ynab kelmoqda. U 2011 yilgi Osiyo kubogining bronza medali sohibi, 2015 yilgi Osiyo kubogi vitse-chempioni hisoblanadi. Shuningdek, uch marta xalqaro maydondagi “eng yaxshi osiyolik futbolchi” (2015, 2017, 2019), 5 marta Janubiya Koreyada “yilning eng yaxshi futbolchisi” (2013, 2014, 2017, 2019, 2020) deb tan olingan. 2014 va 2018 yilgi Jahon chempionatlari ishtirokchisi hisoblanadi.

Son koreys tilidan tashqari nemis va ingliz tillarini ham yaxshi xabardor. Uning agenti Tis Blimeysterning so‘zlariga ko‘ra, Xyon Min Evropada muvaffaqiyat qozonishni shunchalik xohlaganki, u “SpongeBob SquarePants”  multfilmi epizodlarini tomosha qilib, nemis tilini o‘rgangan.

Son sport kiyimlari va jihozlari etkazib beruvchi Adidas bilan hamkorlik qiladi. U 2022 yildan beri Britaniyaning hashamatli “Burberry” modalar uyining brend elchisi ham hisoblanadi.

Shaxsiy hayot

Son K-pop guruhi qo‘shiqchisi Yu So Yon bilan uchrashib yurgan, ammo mish-mishlarga ko‘ra, ularning munosabati uzoqqa bormagan. Futbolchining shaxsiy hayoti haqida ma’lumotlar ko‘p emas.

Son COVID-19 pandemiyasi davri futbol ma’lum vaqtga to‘xtatilganda Janubiy Koreyadagi majburiy harbiy xizmat burchini o‘tagan. U 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, harbiy xizmatdan ozod qilingan, ammo imtiyozdan qat’i nazar, Janubiy Koreyaning har bir fuqorosi harbiy tayyorgarlikni o‘tashi kerak edi. U 2020 yil aprel-may oylarida Jejuda Koreya Respublikasi dengiz piyodalari korpusida xizmatni tamomlab, 157 nafar harbiy orasida eng yaxshi beshtalikka kirgan.

Uning eng yaxshi ko‘rgan kompyuter o‘yini “League of Legends” hisoblanadi.

2019 yilda Son o‘zi tug‘ilgan Janubiy Koreyadagi Kanvon provintsiyasining Chunchon okrugida katta vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan yong‘in qurbonlariga taxminan 100 000 funt sterling xayriya qildi. 2020 yilda u Janubiy Koreyadagi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yordam berish uchun mamlakat sog‘liqni savlash vazirligi hisob raqamiga 65 000 funt sterling o‘tkazib bergan.

Yutuqlar

Janubiy Koreya terma jamoasi

  • Osiyo o‘yinlari g‘olibi: 2018 yil

Shaxsiy

  • Angliya Premer ligasi to‘purari: 2021/22 (Muhammad Saloh bilan)
  • The Best FIFA Puskás Award mukofoti sovrindori: 2020
  • Osiyoning eng yaxshi futbolchisi (3): 2015, 2017, 2019

Klubdagi faoliyati

O‘yinlar – 523, daqiqalar – 35 804, gol – 196, golli uzatma – 88, penalti — 0 ogohlantirish – 24

Terma jamoadagi faoliyati

O‘yinlar – 104, daqiqalar – 7772, gollar – 33, assistlar – 17, chetlatishlar – 0, ogohlantirishlar – 6.

 

Jamshidbek Mahmudov tayyorladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!