
"Turon"dan pul sabab ketmagani, "Navbahor"ning chempionlik imkoniyati va muxlislar haqida Azim Ahmedov bilan intervyu
Yozgi transfer oynasi chog‘ida “Turon”dan “Navbahor”ga qaytgan Azim Ahmedov muxlislarning e’tibor markazida turgani bor gap. “Lochinlar”ning sobiq sardori ayni damda Namangan klubi bilan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda. Fursatdan foydalanib Ahmedovlarning kichigi bilan eksklyuziv intervyu tashkil etdik.
“Navbahor”ga qaytishingizni asosiy sababi “Turon”da yuz bergan o‘zgarishlar bilan bog‘liqmi?
- Bunga asosiy sabab boshqa. Menga, Samvel aka va Otabek akalar qo‘ng‘iroq qilishdi. O‘zi bu voqealar sodir bo‘lmasidan oldinroq ortga qaytish masalasini hal etib bo‘lgan edik. Men, “Turon” jamoasiga pul uchun bormaganman. Onam ham uydan uzoqda bo‘lganim uchun oldilaridan bo‘lishimni iltimos qilgan edilar. Asosiy sabab, oilam.
O‘tgan yilgi “Navbahor”dan hozirgisi kuchliroq deb hisoblaysizmi?
- Menimcha, ikkisi ham teng. Sababi, o‘tgan yilgi tarkibda ham kuchli futbolchilar jamlangan edi. O‘ylashimcha, farq yo‘q. Asosiysi, maqsadimiz sari dadil odimlashimiz. Kim klub libosini kiyishidan qat’iy nazar, g‘alaba uchun “jang” qilamiz.
Samvel Babayan ortga qaytishingizni qanday qabul qildi?
- Shaxsan o‘zlari ortga qaytishimni istaganlari uchun hech qanday ortiqcha voqea sodir bo‘lgani yo‘q. Murabbiy bilan suhbatlashib oldik. Nasib qilsa, jamoamga qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Oson bo‘lmagan missiyani bajarish yo‘lida bir yoqadan bosh chiqaramiz.
Joriy mavsumda “Navbahor”ning chempionlik uchun imkoniyati qanday deb o‘ylaysiz?
- Imkoniyatlarimiz juda ham yaxshi. Eng muhimi, barchasi futbolchilarimizning o‘z qo‘lida. Buni sezib turibmiz. Ikkinchi davradagi barcha o‘yin biz uchun final darajasida o‘tadi. Har bir 3 ochko uchun maydonga bor kuchimizni tashlab chiqib ketamiz.
OChL saralashida ishtirok etasizlar. Raqib jamoani o‘rganyapsizlarmi?
- Raqib jamoani murabbiylar shtabi ancha avval o‘rganishni boshlagan. Biz ham kuzatyapmiz. Kerakli ko‘rsatmalar berilyapti. Nasib qilsa, OChL o‘yinlarini Namanganga olib kelamiz.
Hozir Superligada chempionlik uchun asosiy da’vogar kim deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘risi, juda qiyin savol. Oldindan biror narsa deyish qiyin. Shaxsan menda “Navbahor”, “Andijon”, “Neftchi”, OKMK, “Nasaf”, “Paxtakor” singari jamoalar yuqori darajadagi futbol namoyish etmoqda. Ulardan qay birinidir ajratib ko‘rsatish noto‘g‘ri. Barchada chempionlik uchun imkoniyat bor. Shunga qaramay, yakunda “Navbahor” g‘olib chiqishidan umidvorman.
So‘nggi paytlarda “Navbahor” o‘yinini jonli tomosha qilish maqsadida stadionga tashrif buyuradigan muxlislar biroz kamaygandek. Masalan, joriy mavsumda “Neftchi” ishqibozlarni arenaga kelishi borasida birinchi pog‘onani “lochinlar”dan tortib oldi?!
- “Navbahor”ga ham ishqibozlar oqimi to‘xtamagan deb hisoblayman. Ayniqsa, ikkinchi davrada o‘zimizda katta o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Nasib qilsa, kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda muxlislarimiz stadionni to‘ldirgancha, bizni qo‘llab-quvvatlashadi. Ularni yordami bizga hozir juda ham kerak. Kuchli jamoalarni ham namanganlik muxlislar bosim evaziga anchagina qiynab qo‘yishga qodir. Xudo xoxlasa, ikkinchi davradan boshlab bu borada ular etakchilikni o‘z qo‘liga olishiga ishonaman.
Fikrlar