"Turon"ning sobiq legioneri: "Shkvirin faoliyatimdagi eng og‘ir murabbiy"
Tojikistonlik iqtidorli himoyachi Firdavs Chakalov o‘tgan yilgi mavsumning ikkinchi yarmida “Turon” klubiga taklif qilingandi. Undan avval esa futbolchi Tojikistonda eng yaxshi o‘yinchi sifatida tan olingandi.
Yaypanliklar safida Chakalovning bor-yo‘qligi ham bilinmadi. Chunki bu futbolchiga murabbiylar mutlaqo imkoniyat berishmadi, natijada legioner o‘yinchi zaxirada o‘tirish bilan vaqt o‘tkazdi. Tabiiyki, bunday munosabat har qanday futbolchiga ham yoqmaydi.
Shu sababli Chakalov “Turon”ni tark etdi va sobiq jamoasi – Tojikistonning “Xo‘jand” tarkibiga qo‘shildi. Kuni kecha ushbu o‘yinchi Sports.uz muxbiriga o‘tgan yilgi holat bo‘yicha gapirdi.
- Firdavs, o‘tgan yili “Turon” safiga qo‘shilgandingiz. Biroq birorta o‘yinda maydonga tushmasdan jamoadan ketdingiz. Ayting-chi, nima uchun bunday bo‘ldi?
- Agentim yozda menga O‘zbekistondan 1-2 ta variantlar borligi haqida aytgandi. Shunda mendan u erda o‘ynashni xohlaysanmi deb so‘ragan. Ungacha esa O‘zbekiston Superligasi haqida ko‘p eshitgandim. Shuning uchun o‘zbek chempionatida mahoratimni yanada oshirishni xohladim. Keyin agentim bilan maslahatlashayotganimizda “Turon” rahbarlari aloqaga chiqishdi. Yaxshi sharoitni taklif qilishdi va biz yakunda taklifga rozi bo‘ldik. Shartnomani esa 6 oyga tuzdik. Bu paytda meni “Xo‘jand” bilan shartnomam bor edi. Biz esa ikki tomonlama kelishib bitimni bekor qildik va men O‘zbekistonga yo‘l oldim. Rostini aytsam, murabbiyning o‘zi mening o‘yinlarimni ko‘rib jamoaga olishni xohlagan deb o‘yladim, ammo unday emas ekan. Lekin “Turon” rahbariyati futbolchilar uchun hamma shart-sharoitlarni yaratib qo‘yishgan. Bu borada muammo yo‘q. Ammo murabbiy professional ish qilmadi. Meni 4-5 ta uchrashuvda zaxirada qoldirganidan keyin o‘zim ham o‘sha murabbiy bilan ishlashni umuman xohlamay qoldim. “Turon” rahbariyati esa meni hamma vaqt qo‘llab-quvvatladilar. Biroq murabbiy nima uchun men bilan bunday munosabatda bo‘ldi, hayronman. Boshida uning saviyasini yuqori deb o‘ylagandim, keyin bilsam unday emas ekan. Mashg‘ulotlari har kuni bir xil, bir ahvolda edi.

- Nima deb o‘ylaysiz, “Turon”ga o‘tishingiz xatomidi?
- “Turon”ga borganimdan afsuslanmayman. Chunki u erda yaxshi va yomonni ko‘rdim. Men uchun barchasi dars bo‘ldi. Yana qaytaraman: klub rahbariyatiga e’tiroz yo‘q, ular juda yaxshi insonlar. Faqat murabbiy bilan bir-birimizni tushunmadik.
- Nima uchun Igor Shkvirin sizga imkon bermadi?
- Shkvirinni faoliyatimdagi eng og‘ir murabbiy deb aytsam adashmayman. Unga menga ham imkoniyat berishini bir necha bor aytdim. U esa vaqt kerak, deb javob qaytaraverdi. Lekin zaxirada qolaverganimdan keyin o‘ynashni ham xohlamay qoldim.

- “Turon” klubi faoliyatingizga salbiy ta’sir qildimi?
- Albatta, faoliyatimga ta’sir qildi. Chunki terma jamoa o‘yinchisi edim. “Turon”ga faqat yordam berish uchun borgandim.
- Klublarimizdan boshqa takliflar bo‘lmadimi?
- O‘zbekistondan tashqari, Belarus va Malayziyalan takliflar bo‘ldi. O‘zbekistondan esa agentim ayrim variantlarni aytdi.
.jpg?1647929002353)
- Sizningcha, “Turon” klubi nima uchun Superligani tark etdi, deb o‘ylaysiz?
- Bu jamoa Superligada birinchi bor ishtirok etdi. Klubga tajriba etmadi. Bundan tashqari, murabbiyning futbolchilar bilan bir-birini tushunishi ham yaxshi emasdi. Men yana takrorlayman: “Turon” klubiga o‘tib xato qilmadim. Chunki rahbariyatda yaxshi insonlar bor edi.



Fikrlar