
U-23 Osiyo chempionati. O‘zbekiston o‘rin olgan "S" guruhi jamoalari haqida nimalarni bilasiz?
Turnir boshlanishiga bir necha kun qolgan bir paytda the-AFC.com O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Xitoy va Eron olimpiya terma jamoalarining kuchli jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Ushbu musobaqaning eng ahamiyatli tomoni uning Tokio-2020 olimpiadasi yo‘llanmasi uchun o‘ynalayotganidadir. Turnirning eng kuchli 3 ta jamoasi ushbu yo‘llanmani qo‘lga kiritishini inobatga olib, chorak finalga chiqish uchun jamoalar o‘rtasida jiddiy raqobat kechishini tahmin qilish mumkin.
O‘zbekiston
Saralashdagi natija: «F» guruhi g‘olibi.
2018 yildagi natija: Chempion
Xitoydagi musobaqa g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston bu galgi turnirga nafaqat o‘z titullarini himoya qilish, balki Tokio olimpiadasiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilishgan.
2018 yili chempion bo‘lgan tarkibdan 6 ta futbolchi bu gal ham Tailandga etib kelgan. Vetnamga qarshi dramatik finalning asosiy tarkibidan o‘rin olgan va O‘zbekiston terma jamoasining Xitoydagi musobaqada g‘olib chiqishida muhim o‘rin tutgan Aziz G‘aniev va Jasurbek Yaxshiboev shular jumlasidan.
Iroqqa qarshi o‘tkazilgan ikkala o‘yinda ham faol harakat qilgan va ularning birida xet-trik qayd etgan Bobur Abdixoliqov yonib turibdi. Qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonov esa «Paxtakor» bilan chempionlikni nishonlagach, Tailandda ham o‘z kollektsiyasi uchun medal olishni maqsad qilgan.
Janubiy Koreya
Saralashdagi natija: «H» guruhi g‘odibi
2018 yildagi natija: 4-o‘rin
1988 yildan beri erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari Janubiy Korea ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda va o‘tgan yilgi yoshlar o‘rtasida jahon chempionati finaligacha bo‘lgan ajoyib o‘yinlar sharqiy osiyoliklarni Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi 3 ta yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritishda favoritlardan biri ekanligini ko‘rsatadi. Bosh murabbiy Kim Hak Bum Polshada kechgan jahon chempionatidan so‘ng tarkibda kichik o‘zgarishlarga qo‘l urgan.
Ispaniyaning «Valensiya» klubida harakat qilayotgan umidli futbolchi Li Kang In Evropa futboli havosidan bahramand bo‘lgan. «Frayburg» futbolchisi Jeong Vu Yong ham asosiy tarkib futbolchilaridan.
«Chonbuk Motors» jamoasi darvozaboni Song Bum Kyong yaqindagina tarkibga kiritilgan. Li Dong Gyong esa Xitoydagi musobaqada 3 o‘yinda 6 ta gol kiritib, to‘purar bo‘lgan va janubiy korealiklar guruhni Avstraliyadan yuqorida yakunlashgan.
Xitoy
Saralashdagi natija: «J» guruhi g‘olibi
2018 yildagi natija: Guruh bosqichi
Malayziyaga qarshi o‘yinning 84-daqiqasida Jiang Shenglong hisobni tenglashtirmaganda Guss Hiddink shogirdlarini Tailanddagi musobaqada ko‘rmasligimiz mumkin edi. Saralashdagi qiyin o‘yinlarga qaramay millionlab xitoyliklar Tokio-2020 yo‘llanmasini umid qilishyapti
Hozirda jamoani Hao Vey boshqarmoqda. Murabbiy jamoani mahalliy futbolchilar bilan shakllantirgan. Ketma-ket uch marotaba ushbu musobaqaning guruh bosqichidan chiqolmagan xitoyliklar bu galgi musobaqaga qay tarzda tayyorgarlik ko‘rishganini 9 yanvar kuni, Janubiy Koreyaga qarshi bahsda ko‘ramiz.
«Beyjing Goan»ning 23 yoshli hujumchisi - Jang Yuning xitoyliklar murabbiyining asosiy qurollaridan biri. 2019 yilgi mavsumda u jamoasi tarkibida 8 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Ta’kidlash joizki, to‘rt yillik Evropadagi faoliyatidan so‘ng Xitoydagi dastlabki mavsum yomon chiqmadi. «Guanchjou Evergrand» vakili Yang Liyu o‘tgan mavsum Xitoy Superligasida eng ko‘p gollarda ishtirok etgan futbolchi bo‘ldi.
Eron
Saralashdagi natija: «C» guruhidan yo‘llanma oldi
2018 yildagi natija: Saralashdan o‘ta olmagan
Mana 44 yildirki, Eron Olimpiada o‘yinlarining futbol bahslarida qatnasha olmayapti. Ammo bu galgi tarkib Eronning kelajagi o‘tmishidan ko‘ra yorqinroq bo‘lishiga umid uyg‘otmoqda.
Eronliklar qiyin guruhda imtihon qilinishlarini bilsalar-da, Hamid Estili shogirdlari o‘z oldilariga yuqori maqsadlarni qo‘yishgan.
Hujumchi Mohammed Mohebbi Kambodja milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida 2 ta gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Mehdi Gaedi «Istiqlol» bilan chempionatning birinchi yarmida 8 ta gol urgan holda Tailandga etib kelgan. Riza Shikari o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 3 bora raqiblari darvozasini ishg‘ol qilishga erishdi.
Shuningdek, 18 yoshli vunderkind Allayar Sayedmanesh o‘tgan yilning iyun oyida milliy terma jamoa tarkibida gol kiritib, Eron milliy terma jamoasi tarkibida gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bundan tashqari, Turkiyaning «Fenerbahche» klubi bilan shartnoma imzolaganidan 1 oy o‘tib Suriya darvozasiga ham yo‘l topdi.
Abdulvosid VALIXONOV tarjimasi
Fikrlar