
Uayt va Eddi Xirn WBC rejasidan norozi... Ularga Tayson Fyuri kerak
Bir necha kun avval super og‘ir vazn toifasidagi da’vogar Dillian Uayt WBCga qarshi huquqiy kurash boshladi.
WBC tashkiloti chempion Tayson Fyurini da’vogar Dillian Uaytga qarshi majburiy himoya jangini 2021 yil fevral oyiga qadar o‘tkazish shartini qo‘ygan edi. Ammo, hozirda u Deontay Uaylderga qarshi 3-jangini yil oxiriga qadar o‘tkazishi kerak bo‘lmoqda. Keyinchalik esa, Entoni Joshua bilan to‘qnash kelishi reja qilingan. Biroq, Tayson Fyuri va uning jamoasi Uaytga qarshi majburiy himoya jangiga mutlaqo qiziqish bildirayotganlari yo‘q. WBC esa, bu muammoni bartaraf etish uchun "Lo‘lilar qiroli"ga "Franchayz " chempioni maqomini berish va avtomatik ravishda Dillian Uaytni WBC bo‘yicha jahon chempioni deya e’lon qilish borasida rejalarni muhokama qilmoqda. Bunga Dillian Uaytning promouteri Eddi Xirn o‘zining bevosita fikrini bildirib o‘tdi.
"Bu haqida Dillian bilan maslahatlashib olganmiz. Bizga Fyuriga qarshi jang kerak. Bu holatni Lomachenko va Xeyni o‘rtasida ham ko‘rib, guvohiga aylandik. Xeyni Lomachenko bilan jang qilish uchun mehnat qildi va eliminator jangida g‘aalaba qozondi. Oxir oqibatda esa, Lomachenko "Franchayz" chempioni deb e’lon qilindi va Xeyni WBC chempioniga aylandi. To‘g‘ri, bu ham chempionlik! Lekin biz Lomachenko bilan jang qilib, eng nufuzli kamarga egalik qilishni hohlagan edik. Yakunda, bu voqeylik amalga oshish ehtimoli kamayib ketdi. «Franchayz» maqomidagi chempion hattoki mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ham o‘z kamarini saqlab qoladi va bu kamar mutlaqo dahliz… Axir bokschi jang o‘tkaza olmasa bunday be’manilik nimaga kerak? Dillian Uayt shu darajaga erishish uchun yillar davomida mehnat qildi. Mintaqaviy kamarlar, saralash janglarini o‘tkazdi. Unga Fyuri bilan jang kerak, soxta kamar emas!",- dedi Xirn IFL TV ga bergan intervyusida.
Fikrlar