
Uch mavsumdan beri qo‘qonliklarning ardog‘idagi futbolchi!
«Qo‘qon-1912» jamoasi navbatdagi turni ham o‘z maydonida o‘tkazdi. Bu safar Toshkentning «Lokomotiv» klubi Qo‘qonda mehmon bo‘ldi. Yaxshi bilasiz, temiryo‘lchilar O‘zbekistonning oxirgi uch mavsumdagi chempioni hisoblanadi. Lekin joriy birinchilikda «Loko» chempionlik kamarini «Paxtakor»ga topshirdi. Shunga qaramasdan, Samvel Babayan boshchiligidagi «Lokomotiv»da katta salohiyat bor. Lekin bor kuch va imkoniyatini amalda joriy etishi negadir biroz qiyin kechmoqda.
Qo‘qonda o‘tkazilgan uchrashuvda esa avvaliga mezbonlar vakili Suhrob Berdiev hisobni ochgandi, ikkinchi bo‘limda esa mehmonlar mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Shuni ta’kidlash joizki, «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv» o‘rtasidagi uchrashuvning eng yaxshi futbolchi sifatida Suhrob Berdiev e’tirof etildi. Hujumkor futbolchi hozirgacha Superligada beshta gol urdi va Liga Kubogida ham deyarli shuncha golning muallifiga aylandi. «Lokomotiv»ga qarshi bellashuvdan keyin esa Berdiev taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Undan avvalo 1:1 hisobi o‘yinga mos bo‘ldimi, deya so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi.
- O‘ylashimcha, uchrashuvda qayd etilgan 1:1 hisobi o‘yinga mos bo‘ldi. Aslida esa biz g‘alaba qozonish uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rgandik. Oldingi bellashuvlarda ham biz o‘yinimizni topib olgandik va buni ko‘pchilik ta’kidlamoqda. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, «Lokomotiv» ham kuchli jamoa. Ular o‘tgan yili bejizga chempion bo‘lishmagandi. Nazarimda, ushbu raqibni engish uchun bizga ozgina omad etishmadi. Shuningdek, muvozanatni ham oxirigacha ushlab tura olmadik. Birinchi bo‘limdan keyin biz hisobda oldinda edik. Ammo ikkinchi bo‘limda gol o‘tkazib yubordik. Yuqorida aytganimdek, durang o‘yinga mos bo‘ldi va buni yomon natija deb bo‘lmaydi. Baribir bir ochkoni qo‘lga kiritdik. Hozirgi paytda esa bizga har bir ochko suv va havodek zarur. Turnir jadvaliga qarasangiz ham jamoalar ochkolar bo‘yicha bir-biriga yaqin joylashishgan. Bunday paytda esa imkoni qadar biz ham o‘z ochkolarimizni ko‘paytirib borishimiz juda muhim.
«Qo‘qon-1912» jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etyapti. Ayniqsa, ketma-ket g‘alabalar tufayli bu klubga bo‘lgan e’tibor ham yana orta boshladi. Garchi 20-turda ular g‘alaba qozona olishmagan bo‘lsa-da, yutqazishgani ham yo‘q. Natijada qo‘qonliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etyapti. Ularning o‘yini va natijalaridagi bunday ijobiylikning asosiy sababi nimada bo‘lishi mumkin? Bunga Suhrob Berdiev o‘z qarashlari bo‘yicha shunday fikr bildirdi.
- Bilasiz, birinchi davrada maydonimiz tayyor bo‘lmagani uchun asosan safarda o‘ynashimizga majbur bo‘lgandik. Shu bois o‘shanda bizga muxlislarimizning daldasi ham etishmagandi. Mana, endi ikkinchi davrada asosan o‘z maydonimizda, ishqibozlarimizning qo‘llab-quvvatlashini his qilgan holda o‘ynayapmiz. Buning ustiga biz ikkinchi davraga yaxshi tayyorgarlik ham ko‘rgandik. O‘ylashimcha, o‘yinimizdagi o‘zgarishlar ham o‘z samarasini bermoqda. Hammasi o‘z qo‘limizda edi, muxlislarimizning daldasi ham bizni ruhan kuchaytiryapti.
To‘g‘ri, «Qo‘qon-1912» birinchi davrada bir qator qiyinchiliklarga duch keldi, bu esa o‘z navbatida jamoaning natijalariga ham ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. O‘sha paytda ishlagan bosh murabbiy No‘’mon Hasanovga ham qiyin bo‘lganini ta’kidlash joiz. U xarchand harakat qilmasin baribir natijalarni ijobiy tomonga o‘zgarishi qiyin kechaverdi. Endilikda esa Aziz To‘xtaboev bosh murabbiy lavozimida o‘zini ko‘rsatmoqda. Berdiev esa ikkala murabbiyning ishlagan paytidagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.
- No‘’mon Hasanov bilan Aziz To‘xtaboevning o‘yinga tayyorgarliklari, mashg‘ulot o‘tkazish jarayonlari katta farq qilmaydi. Chunki Aziz aka No‘’mon akaning shogirdi hisoblanadi. Bundan tashqari, jamoamizga Timur Kapadze ham o‘zining maslahatlari bilan yordam berib kelmoqda. Ishidan bo‘sh bo‘lgan paytda jamoamizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, yordamini ayamayapti. Lekin To‘xtaboev bilan Hasanovning o‘rtasida katta farq bor deb o‘ylamayman. To‘xtaboev jamoada hujumkor futbolni yanada kuchaytirdi. Biz ko‘proq pas o‘yin ko‘rsatishni va hujumkorlikni oshirishni boshladik. O‘yinlarimizda shu jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratilyapti.
Birinchi davradagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin futbolchilarda klubni almashtirish istagi tug‘ilishi ham mumkin. «Qo‘qon-1912» uchun esa mavsumning dastlabki yarmi omadsiz kechganini hisobga olsak, yozda Suhrob Berdievda jamoasini o‘zgartirish xohishi paydo bo‘lganmidi?
- Yo‘q, menda bunday istak bo‘lmagan, ayniqsa «Qo‘qon-1912»ning bunday holatida tashlab ketish umuman xayolimga kelmagan. Aksincha, jamoamizning mavqeini tiklash uchun ikki barobar ko‘proq kuch bilan ishlashga kirishdik. Mana, ko‘rib turibsizlar, urinishlarimiz natijasida oz-moz bo‘lsa-da, oldinga qadam tashladik. Lekin yanada yuqoriga ko‘tarilish uchun biz oxirigacha kurashishimiz kerak. Muxlislarimiz oldida kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishimiz kerak. Oltita uchrashuvdan yana to‘rttasini o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Biz qolgan uchrashuvlarda ham iloji boricha maksimal ochkolarni qo‘lga kiritishimiz lozim. Agar ochkolarni qo‘lga kiritaversak, o‘z-o‘zidan yuqori o‘rinlarga ko‘tarilaveramiz. «Qo‘qon-1912»ni esa yarim yo‘lda tashlab ketish umuman xayolimga kelmagan, - deya javob qaytardi, Berdiev.
Aytish kerakki, Suhrob Berdiev «Qo‘qon-1912»da uchinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Demak, unga Qo‘qonda to‘p surish yoqyapti. Qolaversa, uni mahalliy ishqibozlar ham yaxshi ko‘rishadi. Futbolchi esa klubda o‘tkazayotgan yillari o‘zi uchun ham yoqayotganini aytib o‘tdi.
- O‘tgan yili mavsum boshlarida o‘zimga kelishim biroz qiyin kechgandi. Lekin hozir hammasi yaxshi. Agar uch yillikni umumiy tarzda oladigan bo‘lsak, ancha o‘sish bo‘lganini ayta olaman. Ammo bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Jamoada barchasi biz uchun ijobiy. Shunchaki, mehnatlarimizni yanada kuchaytirishimiz kerak. Shunda maqsad sari katta qadam tashlagan bo‘lamiz. Bu klubda faoliyatini davom ettirish o‘zimga ham yoqadi. Chunki Qo‘qonda futbolni qanchalik sevishlarini bilaman, muxlislariga ham gap bo‘lishi mumkin emas. Hozirda esa aynan ularning daldasi bizga katta kuch bag‘ishlayapti.
Fikrlar