
Uchar “baklajkalar” mamlakatiga sayohat! Norboy Muallim Superligada qovun tushurganlarni "pushka"ga olishda davom etadi.
Endilikda SPORTS.uz Superliga tur yakunlariga ko‘ra eng “yaxshilar”ni aniqlab boradi. Xo‘sh, to‘rtinchi turda kimlar o‘zini yomon tomondan qolganlardan ko‘ra "yaxshiroq" ko‘rsatdi? Bizda beshta variant bor. Matn kattalashib ketmasligi uchun qisqa va lo‘nda tushuntiramiz!
5-o‘rin. Shahzod G‘ofurbekov – shul ham zarbamu?!
Xo‘sh, Shahzod qaysi ko‘rsatgan “karomati” uchun Norboy Muallimning bloknotidan o‘rin egalladi? “Metallurg” – “Paxtakor” bahsining 66-daqiqasida vaziyat umuman boshqa tomonga burilib ketishi mumkin edi. Qanotdan uzatib berilgan to‘p, to‘g‘ri Shahzod G‘ofurbekovning oyoqlariga kelib tushdi. Qahramonimiz esa na zarba yo‘lladi, na to‘pni o‘ziga bo‘ysundirdi.
Soddaroq qilib aytganda, professional futbolchiga yarashmaydigan beo‘xshov harakati bilan imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Agar bu epizodda “ma’danchilar” hisobni tenglashtira olganida, yakunda ochko ishlab olishlari hech gap emas edi. Sababi, bu vaziyatga qadar nisbatan o‘yin tenglashgan, “sherlar” ancha kuch yo‘qotgani sezilayotgandi. Soddaroq qilib aytsak, bahsda burilish nuqtasiga aylangan epizod anteqahramoni – Shahzod G‘ofurbekov!
4-o‘rin. Aziz Amonov – “Ko‘rinmas odam”
Amonov degan yigitni eshitganmisiz? U Erondan keldi “Nasaf”ga. Uni OChLda o‘ynay olmasligini eshitib, “ajdarlar” rosa xafa bo‘lishgan, hatto u bo‘lganida bu o‘yinni yutar edik, deguvchilar ham chiqdi oramizdan) Amalda esa…
U o‘zi hujumchimi? Xo‘p, mayli hujumchi emasdir, hech bo‘lmaganda futbolchimi? Bahsni tomosha qilgan bo‘lsangiz, Amonov 5 ta imkoniyatga ega bo‘lganiga guvoh bo‘lish mumkin. Hatto, Javohir Siddiqov tempga tushib, to‘p uchun kurashyapti. Amonov esa o‘zini Erondan kelganini hali anglamagan ko‘rinadi.
Amonov ikkinchi qavatda birorta aniq zarba yo‘lashni, bo‘sh hudud ochishni uddalay olgani yo‘q. Keyin Lima o‘yinga qo‘shildi. Hujumchi ortiga o‘tib, biroz erkinroq harakat qiladi desam, aksincha yo‘q bo‘lib qoldi. O‘zi, Amonovning maydondagi pozitsiyasi zaxirada o‘tirish, chog‘i. Yigitcha Husain Norchaevning, hatto zaxiradagi o‘rnini ham to‘ldira olmaydigandek ko‘rinyapti. Norchaev ba’zan ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilib, tempni ko‘targanini ko‘rganmiz. Amonov esa o‘zini izlayapti. Bu ketishda topa olmay, “Nasaf” darvozasining tashqi tomoniga chiqib qolishi hech gap emas.
3-o‘rin. “So‘g‘diyona” himoya chizig‘i – Bir murabbiyning “boshiga” etgan yigitlar
Vay, vay vay… Bu himoya chizig‘ining “Navbahor” bilan o‘yinini tahlil qilar ekansiz, himoyachilarni Yorqin Nazarovda qasdi bor, deb ham o‘ylab qolish mumkin. To‘g‘ri, raqib juda kuchli edi, ammo ortda qolgan 4 o‘yindagi xatolar jamlansa, ko‘zingizdan olov chiqib ketishi aniq. Mayli, biz 4-turdagisi bilan qanoatlanamiz.
Birinchi o‘tkazilgan gol:
Kolakovich maydondagi raqibni, to‘pni va hatto, o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Natijada, raqib markaziy himoyachisi juda sodda vaziyatda gol keltirib, “qarshi hujumga tayanish” uslubini beliga tepdi.
Ikkinchi gol: ikki qavat blok bo‘lib joylashgan mudofaa chizig‘ini “lochinlar”ning atigi 2 futbolchisi ko‘rmay o‘tib ketdi. Bonusiga, darvozabonning chiqib kelishi ham “kapeyka”, ya’ni, foyda bergani yo‘q.
Uchinchi gol: Maydon markazida to‘p yo‘qotilgach, himoya chizig‘i 3-3 holatda juda tartibsiz ortga chekinishni amalga oshirdi. Vaholanki, maydonni kattaroq qismini egallash uchun kengroq joylashish mumkin edi. Qarabsizki, Iskanderovdan Jo‘rabekovga (u qanot himoyachisi, mabodoga) pas.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, Shahbozda to‘pni to‘xtatib, raqib darvozasini nishonga olib, bir piyola choy ichib olishga ham etgulik vaqt bor edi.
Qisqasi, Namangandagi o‘yinda “So‘g‘diyona” himoya kvarteti Yorqin Nazarovni “chopilib ketishiga” qo‘lidan kelganicha hissa qo‘shdi.
2-o‘rin. Ro‘zimboy Ahmedov – “Talpa”dagi Rokki Balboa!
Xorazmlik strayker - O‘zbekiston futbolining miridan-sirigacha biladiganlar toifasidan.Pastki ligalarda xizmat ko‘rsatgan forvard, ayni damda “Buxoro”ning suyangan tog‘laridan biri bo‘lib turibdi. Mayli, o‘yinga qaytamiz. Hisobda ortda borayotgan Fuzaylov 57-daqiqada Ro‘zimboyni “jangga” tashladi. Oradan 15 daqiqalarcha vaqt o‘tmay turib, o‘zgarish o‘z so‘zini aytdi! Qizil kartochka. O‘zi jamoang ortda boryapti, o‘yini chiqmayapti, standart vaziyat ijro etilishi arafasida ham fol ishlatadimi?
Gol urishdan ko‘ra, raqib yuziga tala-topurda sezilmaydigan qilib musht tushirishga nima bor? Mayli, yoshroq futbolchi bo‘lsa, provokatsiyaga uchibdi, deb oqlasak. Ahmedov ko‘rgan narsalarni kitob qilsa, 1 million tirajda sotiladiku! Menimcha, shunday kitob chiqsa, muqovasida Ilhom Mo‘minjonovning surati bo‘lsa kerak. Iye, uzr. O‘tlab ketdim. Qisqasi, Xorazm o‘g‘loni o‘rinsiz “kattalik” qilgani uchun jamoasini og‘ir ahvolda qoldirib ketdi.
1-o‘rin. "Navbahor" muxlislari – “Uchar baklajkalar mamlakatida”
Muborak Ramazon oyida og‘iz ochib olishi uchun ishqibozlarga suv idishlari bilan ichkariga kirishga ruxsat bergan klub qilgan ishidan pushaymon bo‘lgani aniq. Kimdir suv hakamga emas, Stanislav Andreevga otildi, deb ishqibozlarni oqlashi shunchaki kulgili. Temur To‘xtasinov qanchalik uddaburonlik qilmasin, vaziyat xunukligicha qolgani yoqimsiz fakt!
“Lochinlar” ishqibozlari bugungi zamonaviy o‘zbek futbolining bir qismiga aylanib bo‘ldi. Xuddi Mirjalol Qosimovning jarima zarbalari, Odil Ahmedovning kuyunchakligi, Akmal Shorahmedov o‘z darvozasiga urgan golini bilgandek, barcha Namangan ahlining qanday darajada “Navbahor”ga ishqibozlik qilishini biladi.
Afsuski, ayrim kichik detallar katta yutuqlarni ham xunuk stereotiplarga aylantirib yuborishi mumkin. Mana shunisi yomon! Ya’ni, o‘zbek futboli deganda, yana Qosimov, Ahmedov va qo‘liga tushgan narsani maydonga uloqtirayotgan “Navbahor” ishqibozlari ko‘z o‘ngimizda gavdalanib kelaverishi ehtimoli yuqori! Ismi yodimdan ko‘tarilgan yozuvchi aytganidek: “Bizni qanday yodga olishlari doim o‘z qo‘limizda!”.
Bugungi “TOP-5”da birinchilikni jamoasi 3:0 hisobida g‘alaba qozonayotganiga qaramay, maydonga narsa uloqtirishdan o‘zini tiya olmagan ishqibozlarga bersak, hech kim xafa bo‘lmasa kerak.
Norboy Muallim
Fikrlar