UEFA FIFA prezidenti lavozimiga munosib nomzodni tanladi

  • 30.07.2026 19:12
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Evropa futboli rahbarlari «Pari Sen-Jermen» klubi prezidenti Naser Al-Helaifi nomzodini FIFA prezidenti lavozimi uchun ehtimoliy daʼvogar sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu orqali ular 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda amaldagi rahbar Janni Infantinoga raqobatchi chiqarishni maqsad qilgani haqida The Telegraph xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, UEFA va FIFA o‘rtasidagi ziddiyat Infantino jahon chempionati tijorat huquqlarining maʼlum qismini xususiy investorlar sotish taklifini ilgari surgani so‘ng yanada kuchaygan. Potentsial investorlar orasida Donald Tramp oilasi bilan bog‘liq deb taʼriflanayotgan Thrive Eternal kompaniyasi ham tilga olinmoqda. Shu munosabat bilan UEFA o‘zining 55 ta milliy assotsiatsiyasi ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Unda jahon chempionatida ishtirokdan tortib qolish, yaʼni turnirni boykot qilish masalasigacha muhokama qilinishi mumkin.

Evropa futboli doiralarida Al-Helaifi FIFAdagi hozirgi rahbariyatga qarshi muxolifatni birlashtira oladigan eng kuchli nomzod sifatida ko‘rilmoqda. U «Pari Sen-Jermen» prezidenti, European Football Clubs (EFC) tashkiloti raisi, beIN media guruhini boshqaradi, shuningdek, UEFA ijroiya qo‘mitasi aʼzosi va FIFA kengashi tarkibiga ham kiradi.

Shu bilan birga, Al-Helaifining o‘zi bu lavozimga daʼvogarlik qilish niyati yo‘qligini bildirgan. Uning vakili quyidagicha bayonot berdi: «Naserning FIFAdagi hech qanday lavozimga nisbatan ambitsiyasi, rejasi yoki qiziqishi yo‘q. U jahon va Evropa futbolidagi barcha institutlarni tinch va konstruktiv tarzda qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi».

FIFAning amaldagi prezidenti Janni Infantino 2016 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelmoqda. U so‘nggi saylovlarda raqobatsiz g‘alaba qozongan. Mutaxassislar fikricha, uni lavozimdan chetlatish juda qiyin bo‘ladi, chunki Infantino Afrika, Osiyo va Janubiy Amerikadagi ko‘plab milliy assotsiatsiyalar tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!