"UFC 251" markaziy janglarining favoriti kimlar? O‘zbekistonlik MMA vakillari javob berdi

  • 8 iyul, 2020, 10:57
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

12 iyul kuni BAAning Yas orolida “UFC 251” turniri markaziy jangida yarim o‘rta vazn toifasi chempioni Kamaru Usman hamda Xorxe Masvidal oktagonga ko‘tarilsa, yana ikki titul uchun jangda Aleksandr Volkanovski – Maks Xollouey, Pyotr Yan - Joze Aldo o‘zaro kuch sinashadi. Qolaversa, musobaqa dasturidan Jessika Andrade - Rouz Namayunas bahsi, qozog‘istonlik Jalgas Jumagulov va braziliyalik Raulian Payva, rossiyalik Aleksandr Romanov hamda polshalik Marchin Tyuburaning debyut uchrashuvi va yana bir qator janglar o‘rin olgan.
Biz chempionlik janglari borasida o‘zbek MMA vakillarining mulohazalari va taxminlari bilan qiziqdik.

                                                  Farruh Madaminov – murabbiy

- Markaziy jangda Kamaru Usmanning imkoniyati yuqori. Chunki, Usman hozirda ideal jismoniy holatga ega. Masvidal ham ajoyib jangchi, lekin u bu jangda g‘alaba qozona oladi, deb o‘ylamayman. Qolgan ikki to‘qnashuvdagi favoritlar esa, Pyotr Yan hamda Volkanovskidir. Aynan, shu ikki jangchi g‘alaba qozonsa kerak.

Farrux

                                                    Amin Ergashev – MMA jangchisi

- Avvalo, Pyotr Yan va Joze Aldo to‘qnashuviga to‘xtalsak, ushbu qarama-qarshilikda shubhasiz, Yanning imkoniyati yuqori. Chunki u UFCda 6 ta jang o‘tkazib, g‘alabali odimini davom ettirmoqda. Aksariyatini muddatidan avval yakunlagan. To‘g‘ri, faoliyatida bir marotaba mag‘lubiyat o‘rin olgan. Lekin bunga ancha bo‘lgan va undan keyin Pyotr juda katta o‘sishga erisha oldi. O‘ziga bo‘lgan ishonch juda yuqori. Qolaversa, kardiosi ham mukammal. Aldoda buning aksi, ya’ni o‘ziga bo‘lgan ishonchi yo‘qolgan. Bir qator mag‘lubiyatlarga uchradi va bu uning uchun odat tusiga aylanib qolgandek. Shuningdek, jismoniy holati ham yaxshi emas. Uchinchi raundlarga borib juda toliqib qoladi.
Volkanovski - Xollouey juftligi haqida so‘z yuritar ekanmiz, avstraliyalik jangchi mehnatkash va samimiy inson ekanini aytish joiz. Hayotda va oktagonda ham o‘zini juda yaxshi tutadi. U bilan “Tiger Muaytay” klubida birga mashg‘ulotlar olib borganmiz. Shuning uchun, uni jangchi va inson sifatida juda hurmat qilaman. O‘z ustida juda qattiq ishlaydi. Maks Xollouey esa, juda ajoyib atlet. U oktagonda qattiq bosim uyushtiradi. Ular o‘rtasidagi birinchi jangda Maks raqibining kuchiga to‘g‘ri baho bera olmagan edi. Aynan ushbu omil uning eng katta xatosi bo‘lgan. Aslida, Maks Xollouey Volkanovskidan kuchliroq. Garchi, Aleks bilan munosabatlarimiz yaxshi bo‘lsa-da, buni e’tirof etish kerak. Revanshda Maks g‘alaba qozonadi, degan fikrdaman.
Markaziy to‘qnashuvda esa, Kamaru Usmanning imkoniyati juda yuqori. Usmanni qanday mahoratga ega ekanligini barcha yaxshi biladi. Masvidalga esa, faqat qoyil qolish kerak. Chunki u juda katta tavakkalga qo‘l urmoqda. Juda qisqa fursatda jang o‘tkazishni o‘zi bo‘lmaydi. Menimcha u "lucky punch”ga ishonayotgan bo‘lsa kerak. Xullas, bu jangda Usman yaqqol favorit.

Amin

                                                      Azamat Murodov – jurnalist

- Jang kutilmagan voqealarga boy bo‘lishi mumkin. Chunki uning rasmiy sanasi juda kech ma’lum bo‘ldi. Bir hafta ham qolmadi jang bo‘lishiga. Bunday paytda sportchilarning jangga qay darajada tayyorligi muhim. Bu erda yana vazn tashlash ham bor. Vaqt esa juda qisqa... Ilgari bu kabi katta janglar kamida 2 oy oldin e’lon qilinardi. Pandemiyada esa, barchasi o‘zgarib ketdi.Shularning barchasini hisobga olib, jangga kim yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha yutadi, deb hisoblayman. Kuchliroq sportchini aniqlash esa, bu qisqa vaqt uchun qiyin.

Azamat_1

                                                   Jasur Alijonov – murabbiy

- Markaziy jangda Kamaru Usman g‘alaba qozonadi. Xollouey - Volkanovski to‘qnashuvi borasida esa, biror fikr bildira olmayman. Har ikkisi vazn toifasining etakchilari va imkoniyatlari ham deyarli bir xil. Pyotr Yan Aldoni mag‘lub etadi. Sababi, braziliyalik jangchi avvalgidek yuqori daraja ko‘rsata olmaydi. Rossiyalik sportchning jismoniy holatiga esa, havas qilsa bo‘ladi.

Jas

                                                   Zarruh Adashev – MMA jangchisi

- Asosiy jangda Usman g‘alaba qozonadi, deb o‘ylayman. Sababi, u bu jangga reja bilan tayyorlangan. Biroq, men Masvidalga muxlislik qilaman.Chunki, uning jang olib borish uslubini o‘zimnikiga o‘xshataman. Ya’ni, faqat oldinga boradi va jangni tezroq yakunlashga intiladi. Pyotr Yan - Joze Aldo qarama-qarshiligida rossiyalik jangchini imkoniyati yuqori. Pyotr yosh va kardiosi yaxshi, shuningdek, titullarni qo‘lga kiritish ishtiyoqi yuqori. Aldo esa, chempionlik nashidasini surib ulgurgan. 3 ta jangni ketma-ket boy berdi. Aslida, bu jangga tayyor ham emas, deb o‘ylayman. Ammo, MMAda har qanday holat yuz berishi mumkin.
Volkanovski – Maks Xollouey jangida taxmin qilish juda qiyin. Nazarimda bu safar Maks ochkolar hisobida ustun kelsa kerak. Garchi, birinchi to‘qnashuvda Aleksandr Volkanovski g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, Maksning texnikasi yuqori, aql bilan ishlaydi va ba’zi ayyorliklari ham bor.

zarruh adashev

                                              Sher Mamazulunov – kikboksing, MMA jangchisi

- Usman - Masvidal to‘qnashuvini anchadan buyon kutgan edim. Bu yilning eng yaxshi jangi bo‘ladi. Taxminim bo‘yicha, 4-raundda Usman nokaut bilan g‘alabaga erishadi. Maks Xollouey va Aleksandr Volkanovski o‘rtasidagi jangda g‘olib ochkolar bo‘yicha aniqlanadi. Ya’ni, Maks g‘alaba qozonadi. Pyotr Yan va Aldo jangi ham juda qiziq bo‘lishi aniq. Pyotr bilan 2017 yil Moskvada bitta zalda shug‘ullanganmiz. Uning imkoniyatlarini juda yaxshi bilaman. Hozir, ajoyib sport formasida va Jozega hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda, uzog‘i ikkinchi raund oxiriga qadar nokautga uchratadi. Albatta, bu shaxsiy fikrlarim xolos. Aslida, bunday janglarda kutilmagan vaziyatlar ko‘p uchrab turadi.
sher
                                                Ahliddin Mirzadavlatov – MMA jangchisi

- MMAda taxmin qilishni o‘zi qiyinroq. Chunki, bittagina zarba jang masalasini hal qilib qo‘yish mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ba’zi jihatlarni inobatga olib, ushbu to‘qnashuvlarda Kamaru Usman, Pyotr Yan va Aleks Volkanovski g‘alaba qozonsa kerak, degan fikrdaman.

axliddin_1

                                                Lilya Shakirova –MMA jangchisi

- Kamaru Usman Masvidalni mag‘lubiyatga uchratadi. Xorxe ajoyib jangchi, lekin Usman undan kuchliroq. Volkanovski - Xollouey jangi juda qiziq o‘tishi tayin. O‘ylaymanki, bu safar ham Volkanovski g‘alaba qozonadi. Rossiyalik yosh Pyotr Yan esa, Aldoga hech qanday imkoniyat qoldirmaydi.

Lilyaxon

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!