
Ukrainadagi turnirda Abdumalik Halakov hamda Shunqor Abdurasulov o‘z janglarini o‘tkazdi
O‘zbekiston boks terma jamoasi ikkita xalqaro turnirda ishtirok etmoqda. Jumladan, Bolgariyadagi “Stranja” turnirida asosan vazn toifasidagi birinchi raqamli bokschilarimiz qatnashayotgan bo‘lsa, Ukrainaning Krivoy Rog shahridagi turnirda yurtimizning iste’dodli va etakchi vakillari ringga ko‘tarilmoqda.
Hozirga kelib, uch nafar vakilimiz o‘z janglarini o‘tkazib ulgurdi. Jumladan, -57 kgda Abdumalik Halakov ukrainalik Timur Boboshko ustidan zafar quchdi, -63 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Shunqor Abdurasulov yana bir mezbonlar vakili Roman Boykoga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Afsuski, so‘nggi O‘zbekiston chempionatida o‘zidan yorqin taassurot qoldirgan Xurshidbek Rasuljonov ham -57 kgda ringga ko‘tarildi va ukrainalik Oliksey Kozelyokka imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugungi kun dasturidan -69 kgda Jahongir Rahmonov hamda -75 kgda Saidjamshid Jafarov o‘z janglarini o‘tkazadi. Bu borada ularga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Fikrlar