
"Ular bizni Superliga bilan hazillashishyapti, shekilli" yoxud yana futbolga qaytgan Abdumajid Toirov "Surxon"dagi ishini davom ettiradimi?
Termizning “Surxon” klubi bu yil yangilanayotganidan xabardorsiz. Ammo hali o‘z echimini kutayotgan, hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar yo‘q emas.
O‘tgan yili bu jamoada qanday mojaro yuz berganini ko‘pchilik bilsa kerak. Javohir Esonqulov va Akrom Xo‘jaev bilan bog‘liq vaziyat tufayli klub sport direktori Abdumajid Toirov ham vaqtincha futboldan chetlatilgandi. Ammo yaqinda sud qarori chiqdi va unga Toirovga nisbatan hech qanday jazo tayinlanmagan va yana futboldagi faoliyati bilan shug‘ullanishiga ruxsat berilgan. Sports.uz muxbiri esa Toirov bilan muhim masalalar bo‘yicha suhbatda bo‘ldi.
- Bu voqea bo‘yicha sudning qarori chiqdi. Unga ko‘ra, Javohir Esonqulov va Akram Xo‘jaev jazosini olishdi, - deya gap boshladi, Toirov. - Bilasizmi, men o‘tgan yili o‘sha voqealar yuz berganidayoq aytganman: bu erda futbolni, “Surxon” klubini hech qanday aloqasi yo‘q edi. Janjal nimadan kelib chiqqandi? Ikkalasi klub ofisining devoriga haqoratli so‘zlarni yozib ketishgan. Janjal mana shundan kelib chiqqandi. Men esa janjal ishtirokchilarini ajratganman xolos. O‘sha voqeadan avval iyul oyida murabbiy shtabi ikkala o‘yinchining xizmatidan boshqa foydalanmaymiz deyishganidan keyin men ularga javob berib yuborgandim. O‘shanda ular bilan hisob-kitob qilingan va arizalarni yozib ketishgan. Shundan keyin klub vitse-prezidenti va mendan xafa bo‘lib yurishganmi hayronman, o‘sha janjaldan keyin ustimizdan tuhmat qilib, O‘FAga ham, boshqa joylarga ham yozishdi, internetga chiqib ketdi. Mana, endi sudning qarori chiqdi. Esonqulov bilan Xo‘jaev bir qator bandlar bo‘yicha jarimaga tortilishdi. Ushbu qarorda men yoki boshqalar tilga olinmagan.
Faqat meni o‘sha ishlardan keyin to‘rt oy futboldan chetlatib qo‘yishdi. Natijada to‘rt oy oylik maoshsiz uyda o‘tirdim. Endi esa bizga tuhmat qilishgani va “Surxon” klubi sha’niga noto‘g‘ri hatti-harakat amalga oshirishgani uchun O‘FAga ularni futboldan chetlatish bo‘yicha xat bilan chiqqanmiz.
- Keyingi rejangiz qanday?
- Reja? Ishlaymiz, “Surxon” bilan shartnomam bor. Menda hali yana ikki yillik shartnoma turibdi.
- Klubda o‘zgarishlar bo‘layotganini hamma ko‘rib turibdi. Shunday holatda ham jamoadagi ishingizni davom ettirishingizga ishonyapsizmi?
- Hozirgi vaziyat biroz tushunarsiz bo‘lib turibdi. Hali ham vitse-prezident Azamat aka. Men esa sport direktoriman. Hammani shartnomasi bor. Ammo qaerdandir ispanlarni olib kelishibdi, ular mashg‘ulotlarni o‘tkazishyapti. Shunga tushunmovchiliklar bo‘lyapti. Yaqin kunlarda bu masalaga oydinlik kiritiladi. Chunki meni futboldan chetlatishgani uchun aralashmay yurgandim. Endi bo‘lsa, oqlashdi. Asta-sekin jamoaning ishlari bilan shug‘ullanishni boshlayman.
- Yangi rahbariyat bilan uchrashmadingizmi?
- Hali yangi rahbarlar bilan gaplashganim yo‘q. Bilmayman, ular kim bilan maslahatlashib ispaniyaliklarni olib kelishgan? “Surxon”da uch nafar pro litsenziyasiga ega murabbiylar bo‘la turib, ularni ishdan bo‘shatmasdan yoki shartnoma bekor bo‘lmasdan turib, ustiga ispaniyaliklarni olib kelishdi. Oldin qaerda ishlagan bilmayman. Ular bizni Superliga bilan hazillashishyapti, shekilli. Men pro litsenziyasi uchun o‘qiyapman. U erda Yaponiya, Angliya, Tojikiston, Qirg‘izistondan kelgan murabbiylar ham bor. Bir yildan beri tahsil olyapmiz. Chempionat o‘yinlarini tahlil qilyapmiz. Xorij mutaxassislari ham chempionatimizga yaxshi baho berishyapti.
- O‘tgan yili yozda “Surxon” kelasi yili kuchli klubga aylanishi hamda yangi homiyga biriktirilishi xususida xabarlar chiqqandi. Menimcha, vaziyat o‘zgarishidan sizlar ham xabardor edinglar-a?
- Ravshan Ermatov kelib vaziyat haqida aytganida yaxshi homiy kelayotganini eshitib biz xursand bo‘lganmiz. Klub infratuzilmasi yaxshilanishi bu juda quvonarli edi. Baza va akademiya quriladi, stadion OFK talabiga javob beradigan darajada rekonstruktsiya qilinadi deya xursand bo‘lganmiz. Lekin mening bilishicha, ular kelishdi va “Surxon”da asosiy jamoa bor, qolgani esa yo‘q. O‘rinbosarlar jamoasi murabbiylari menga qo‘ng‘iroq qilib, Abdumajid aka biz nima qilaylik deyishyapti. Yig‘ilib, mashg‘ulotlarni boshlayveringlar deyapman. Klub degani bu faqat A jamoa emas-ku. Bolalar futboli, U-18, o‘rinbosarlar jamoasi, futzal...300 dan ortiq odam ish bilan ta’minlanishi kerak. Klubni boshqarish oson emas.
- “Surxon”ni ko‘plab o‘yinchilar tark etdi. Eshitishimizcha, klubni o‘tgan yilgidan qolgan qarzlari bor ekan...
- Qarang, O‘zbekistonda har bir klubning futbolchilar oldida qarzi bor. Bu mukofot puli, bonus yoki oylik maoshdan bo‘lishi mumkin. Qarzi yo‘q jamoani o‘zi yo‘q. Bu normal holat. Futbolchi bo‘lgan paytlarimda qishga kelib pulsiz bo‘lib qolardim. Klubda qolgan qarzlari bo‘lardi va ularga telefon qilib aytsak, pullarimizni berishardi va yangi shartnomaga qo‘l qo‘yguncha o‘sha pullarni ishlatib yurardik. “Surxon”dan ketgan futbolchilarga kelsak, biz oldindan ular bilan kelishib qo‘ygandik. Ya’ni, yil tugagach, yana muzokara stoliga o‘tiramiz, yaxshi sharoitlar yaratamiz, degancha ular bilan og‘zaki kelishuvlarimiz bor edi. Yangi rahbariyat futbolchilar bilan kelisha olmagan. Shartnomasi tugagani bois o‘yinchilar ketishdi. O‘tgan yili yaxshi jamoa tuzgandik. Bu yil esa tarkibga yana 3-4 ta yaxshi ijrochilarni qo‘shib, medallar uchun bo‘lmasa-da, 5-6-o‘rinlar uchun kurashadigan jamoa tuzmoqchi edik.
Fikrlar
Qachon bizda sud qarori tuliq Amal qilgan.