Ulug‘bek Mirzaev: «Terma jamoa klubimizga pand berdi»

  • 10 mart, 2021, 17:55
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Qaldirg‘ochlar» direktori Ulug‘bek Mirzaev saytimiz uchun ekslyuziv intervyu berdi. Ushbu suhbatda klubning moliyaviy ahvoli va kelajakdagi rejalar haqida so‘z boradi.

Tecno

-Nega MIB tomonidan klub avtobuslari harakati to‘xtatildi?

- Bu jamoamizning sobiq ustozi – Sergey Lushan bilan bo‘lgan sud jarayoni sababli amalga oshdi. Murabbiy 2015/2016 yilgi mavsumda olmagan maoshlari va ko‘tarma pullari uchun bizni fuqarolik sudiga berdi. Uning boshqaruvidagi «Bunyodkor» OChLda ishtirok etgan edi. Guruh bahslarida omadsiz to‘p surgan bo‘lsa-da, avvalgi rahbarlar tomonidan juda katta ko‘tarma pullari yozilgan. Ishdan ketgach, Sergey bir necha yildan so‘ng, ishni sudga oshirdi. U Rossiya fuqarosi. FIFA yoki Sport arbitraj sudiga shikoyat qila olmas edi. Buni yaxshilab o‘ylab qilgani aniq. Sababi, Sport sudi 2 yildan o‘tib ketgan ishlarni ko‘rib chiqmaydi. Lushan buni bilgan holda fuqarolik sudiga ariza bergan.Oqibatda, sud 750 million so‘mning yarmini to‘lashimiz shartligini ma’lum qildi.

- Nima deb o‘ylaysiz, Vadim Abramovning terma jamoaga jalb etilgani, klub o‘yinlariga ta’sir ko‘rsatdimi?

- Albatta, pand berdi. Terma jamoa yig‘inlari paytida Vadim Karlenovich mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmadi. Shu bois, chempionatda ochko yo‘qotishga majbur bo‘ldik. Bosh murabbiy yo‘q paytda, katta murabbiy yigitlar bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Baribir u bosh murabbiyning o‘rnini egallay olmaydi. Qaysidir ma’noda, terma jamoaga Vadim Abramovning tayinlashini bizga pand berib qo‘ydi. Agar u biz bilan bo‘lganida, chempionatni ikkinchi pog‘onada tugatishimiz ham mumkin edi.

- Sizni jamoani tark etganingizda, klub hisobida 350 ming dollar va 500 million so‘m bor edi. Qaytib kelganingizda, bu pullar joyida edimi?

- Men kelganimda, Jasur Jaloliddinovning transferidan kelib tushgan 350 ming evro o‘z o‘rnida edi. Sarf-xarajatlar uchun 500 million evro sarflangan edi. Qaytib kelganimdan so‘ng, 100 ming dollarni rasamadi bilan sarfladik. Qolganini kerakli joylarda ishlatish uchun hisob raqamimizda ushlab turibmiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, shaxsiy klub sanalgan «Turon» Superligada qanday ishtirok etadi?

- Men «Turon»ning o‘yinlarini kuzatdim. O‘ylashimcha, ular barchaga bosh og‘riq bo‘lishi aniq. Katta ehtimol bilan, klub Superligada bemalol jon saqlab qolishga qodir.

- «Bunyodkor» uy uchrashuvlarini o‘tkazishi uchun qurilgan arenaning chimi necha yillardan beri tartibga solingani yo‘q. Bunga qarshi qandaydir chora-tadbirlar ko‘rilyaptimi?

- Bu savoldan qochmoqchi emasman. Bir necha yillardan beri o‘zimiz ham qiziqib mutaxassislar bilan fikr almashyapmiz. Kimdir tuproq qismida, kimdir usti yopiq bo‘lgani uchun quyosh nuri tushmasligini vaj qilib ko‘rsatadi, yana kimdir havo yaxshi aylanmasligi muammoga sabab bo‘lgani haqida aytmoqda. Hozir havo aylanishi uchun bunyod etilgan 20 ga yaqin chiqish yo‘lagini ochib qo‘yganmiz. Panjaralar yordamida uni to‘sganmiz, ammo havo aylanishi yo‘lga qo‘yilgan. Hozir arab mutaxassislari shu masalada ish olib bormoqda. Ular maysaning ildizini 15 sm o‘stirishga qodir kimyoviy vositalardan foydalanmoqda. Ularning aytishicha, ildiz mahkam bo‘lsa, chim qo‘porilib ketmaydi. 10 mart sanasida birinchi uchrashuvimiz bo‘lib o‘tadi. Chim ustida mehnat qildik. Umid qilamanki, maydonning holati bizni uyaltirib qo‘ymaydi.

- 10 yil avvalgi O‘zbekiston chempionati bilan hozirgisini solishtiring. Qay biri kuchliroq edi?

- Menimcha, hozirgi chempionat kuchliroq. Sababi, tashkiliy jihatlarda o‘sish ko‘zga tashlandi. Barcha o‘yinlar teleekranlarda namoyish etilmoqda. Bundan 10 yil ilgari Evropa futboli haqidagi ma’lumotlar va uchrashuvlarning teletranslyatsiyasi kamligi sababli muxlislar ichki birinchilikka ko‘proq e’tibor qaratgan. Hozir, kuchli beshlik jamoalari ishtirokidagi o‘yinlarni tomosha qilgach, o‘zimizning futbolga bo‘lgan e’tibor kamayib ketdi. Muxlislar avvallari chempionatimizda yulduzlar ko‘p edi, deb o‘ylashi mumkin, ammo men bu fikrga qo‘shilmayman. Yulduzlar hozir ham bor, biroq Messi, Saloh singari megayulduzlarning saviyasi bilan o‘zbek futbolchilarini solishtirish boshlandi. Muxlislar soni kamaygan bo‘lsa-da, ichki birinchilik ancha kuchaydi. Bu yil chempionat yanada qiziydi.

- Shaxsiy jamoa hozir foyda bilan mavsumni yakunlashi mumkinmi?

- Davlat pulini klublar kamroq ishlatishi kerak, deyilmoqda, ammo buning imkoni yo‘q. Translyatsiyalardan hech qanday pul kelib tushmaydi, maydon atrofidagi 44 ta reklama shitlarining yarmi PFL tomonidan band qilingan. «Coca Cola» bizning stadionlarda o‘z banerlarini o‘rnatadi, futbolkalarda o‘z brendini aks ettiradi, ammo klublarga bundan hech qanday naf yo‘q! Hech qanday mukofot pullari ham yo‘q, biroq badal pullari bor. O‘zimizni o‘zimiz ta’minlashimiz kerak deymiz, ammo yana qanday yo‘l bilan klublar daromad olishi mumkin. Yuqorida daromad olish mumkin bo‘lgan barcha omillar PFL tasaruffida ekan, biz qanday qilib o‘zimizni o‘zimiz eplashimiz mumkin. Yaqinda «Pepsi» bizga shartnoma taklif qildi, ammo PFL gazli ichimliklar bilan hamkorlik qilishga ruxsat bermaydi. Ushbu kompaniya «Coca Cola» bilan raqobatlashgani uchun yaxshi summa taklif etgan edi. Klublarni rivojlantirish haqida gap ketar ekan, masalani bu tomonlarini ham o‘ylab ko‘rish kerak. Ligani yanada serdaromad qilish kerak. Bitta «Coca Cola»ning puliga qarab qolish kerak emas. Kattaroq daromad olaylik va klublarga ham bundan ulush kelib tushsin.

- Agar badal puli olib tashlansa, bu klublarga qay darajada yordam bo‘ladi?

- Hozirga kelib, badal pullari klublarga katta ta’sir ko‘rsatadi. Birgina xorijlik futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 40 million so‘m to‘lash lozim. Bir mavsum uchun taxminan badal pullari 600 million so‘mni tashkil etadi. Hozir PFL klublarga istaganicha homiylar bilan ishlashga ruxsat bermoqda. Sekin-asta yaxshi o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Tez orada, hammasi o‘z o‘rniga tushib ketishidan umidvormiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!