
Umar Eshmurodov: "Nasaf" uchun berishim mumkin bo‘lgan hamma narsani berdim"
“Nasaf”ning ko‘p yillik etakchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoamiz a’zosi Umar Eshmurodov faoliyatini Malayziya chempionatida davom ettirishidan xabardor bo‘lsangiz kerak.
Qatardagi Osiyo Kubogidan so‘ng tajribali himoyachi “Selangor” klubiga ko‘chib o‘tdi.
Sports.uz muxbiri yangi legionerimizga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Umarjon Malayziya klubiga o‘tganingiz bilan tabriklayman! Yangi mavsumda legionerga aylanish rejangizda bormidi yoki barchasi kutilmaganda sodir bo‘ldimi?
- Assalomu alaykum. Tabrik uchun rahmat. Legioner bo‘lish rejamda bor edi. Bu masala bo‘yicha ko‘pdan beri variantlarni o‘rganib, gaplashib yurgandim.
- Terma jamoamiz safida Osiyo Kubogida ishtirok etdingiz. Sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Osiyo Kubogi menda juda yaxshi taassurot qoldirdi. Terma jamoamiz unda yomon ishtirok etgani yo‘q.
- Yangi klubingizda sizni qanday qarshi olishdi? U erdagi holat siz o‘ylagandekmi yoki sizni nimasi bilandir hayratda qoldirishni boshladimi?
- Yangi klubimda meni yaxshi kutib olishdi. Sharoitlarni esa oldinroq hammasini ko‘rsatishgandi. Kelib ko‘rdim, rostdan hammasi zo‘r darajada. Bu erni hayratga solgan jihati hamma o‘z ishini juda yaxshi bajaradi. Masalan, xuddi klub media xizmati singari va Malayziyada havo harorati yuqori ekan.
- U erda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
- Bu erda o‘zim o‘rganib qolgan raqamni oldim. Men raqamimni o‘zgartirishni xohlamadim.
- “Nasaf”ni tark etishingizni dastlab kimga aytdingiz? Siz uchun og‘ir bo‘ldimi, bu qaror?
- Yo‘q, nimaga og‘ir bo‘ladi? “Nasaf” uchun berishim mumkin bo‘lgan hamma narsani berdim va muhitni o‘zgartirish vaqti kelgan, deb hisobladim. Ketishimni birinchi bo‘lib oilamdagilarga, dadamga aytdim.
- Yangi jamoangizdagi maqsad va vazifa nimadan iborat? Sizga qanday sharoitlar yaratib berishmoqda?
- Maqsadimiz bu yil chempionatda va Osiyo Chempionlar ligasida yaxshi ishtirok etish. Bunga klubni kuchi etadi, yaxshi futbolchilar yig‘ilgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar