
Umid Boqiev: "Pro ligaga harakatimiz bor"
“Qo‘qon-1912” – “Do‘stlik Oltiariq” (4:1) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Umid Boqiev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi o‘yinga qo‘ldan kelganicha yigitlarni tayyoladik. “Qo‘qon-1912” Superliga jamoasi. Kuchli o‘yin bo‘lishini bilardik. Boshida tezkor gol o‘tkazib yubordik. Keyin biz ham gol urib, muvozanatni tiklashga harakat qildik. Birinchi bo‘limda futbolchilar qo‘ldan kelganicha yaxshi harakat qilishdi. “Qo‘qon-1912” Superligada o‘z mavqeiga ega. Yigitlar ro‘za bo‘lishiga qaramay, ikkinchi bo‘limda ham imkoni qadar harakat qilishdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ishonchni oqlashmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan o‘yinchilarimiz yoshlik qilishdi. Tajriba etishmadi.
Said Abdujabborov bilan Shoxruh Xolmatovni olib qolishga harakat qildik. Ularga yaxshi jamoalardan takliflar bo‘ldi. Mablag‘ masalasida ham hali barqarorlikka ega emasmiz. Shu bois ularni qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldik. Moddiy jihatdan hali shakllanmaganmiz. Hokimiyat va homiylarimiz qo‘ldan kelganicha yordam berishyapti.
Bizni maqsadimiz har bir uchrashuvda g‘alaba qozonish. Oldimizga birinchi ligada kuchli uchtalikka kirish vazifasini qo‘yishdi. Pro ligaga harakatimiz bor, hammasi o‘z qo‘limizda.
Safimizda Oqil Mahmudov, Mo‘ydin Mamazulumov kabi tajribali o‘yinchilar bor. Asosan yoshlarga ishonch bildiryapmiz. Qo‘qonda, Yaypanda o‘ynab ketgan futbolchilar bor. Yoshlarni Superliga va pro liga jamoalariga tayyorlab berishni maqsad qilganmiz, - dedi Boqiev.
Fikrlar